419

“Zakovat” intellektual o‘yinlari yoshlarni birlashtirdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish muntazamlik kasb etgan. Bugun ham Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686-yilligi munosabati bilan “Amir Temur siymosiga avlodlar e’tirofi” mavzusida “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Bilim bellashuvini Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov hamda “Zakovat” klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev ochib berishdi.

– Bir jihatdan xursandmanki, “Zakovat” intellektual o‘yinlari har sohaga kirib kelmoqda, – deydi Abdurasul Abdullayev. – Jumladan, bugungi Amir Temur tavalludi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Zakovat” o‘yinlari bizni xursand qiladi. Buyuk bobomizning tarixini o‘qisangiz, u kishining qurdirgan imoratlari, ilm ahliga bo‘lgan ijobiy munosabati Ikkinchi renessans davri paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Amir Temur dunyo olimlarini bir yerga yig‘ib, Movarounnahrni ulkan ma’rifat maskaniga aylantirdi. Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan bebaho xazinalarni yoshlarga yetkazish, o‘z navbatida, o‘g‘il-qizlarimiz ham ularni o‘qib, tadqiq etishlari zarur. 

Darhaqiqat, yurtimizda iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 20-yanvarida “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Bilim olish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan mazkur sa’y-harakatlar Akademiyada ham keng miqyosda targ‘ib etilmoqda. Bugungi ilm mashvaratida ham Akademiyaning talaba yigit-qizlaridan iborat 28 ta jamoa g‘oliblik uchun bellashdi. Yoshlar Amir Temur hayotidan olingan turli rivoyatlar, ma’lumotlar aks etgan savollarga javob topishdi. 

Yakunda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga mukofot hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish