255

Kamoluddin Marjuniy: “Markaz moturidiylik ta’limotini targ‘ib qilishda yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriga aylanadi”

Xabaringiz bor, kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’atining navbatdagi onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda yurtimiz hamda xorijlik ko‘plab tadqiqotchi olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi. Jumladan Malayziya Islom ilmlari universiteti professori, Kalom ilmi kafedrasi mudiri Kamoluddin Marjuniy o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Avvalo, Xalqaro ilmiy hay’at majlisida uning a’zosi sifatida ishtirok etish men uchun yuksak sharafdir. Majlisning kun tartibiga kiritilgan masalalar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kelgusidagi istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Markaz butun dunyoga moturidiylik ta’limotini keng targ‘ib qiluvchi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriga aylanishiga ishonchim komil.

Albatta, moturidiylik ta’limoti asrlar davomida musulmonlarning asosiy e’tiqodiy mazhablaridan biri sifatida davom etib kelmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda ushbu ta’limot asosan Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq hududlarida keng tarqalgan. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda uning qoshida Xalqaro ilmiy hay’atning tashkil etilgani esa ushbu ta’limotning dunyoning boshqa hududlari, shu jumladan, Janubi sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham keng tarqalishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Xususan, men ham Xalqaro ilmiy hay’atning a’zosi sifatida Imom Moturidiyning e’tiqodiy qarashlarini Janubi sharqiy Osiyo mintaqasida keng targ‘ib qilishga astoydil harakat qilaman. 

Xalqaro ilmiy hay’at majlisida a’zolar tomonidan ko‘plab fikr-mulohazalar hamda takliflar bildirildi. Kelajakda Imom Moturidiy hamda moturidiylik izdoshlari ilmiy merosini turli tillarga tarjima qilish zarur. Chunki moturidiylik ta’limoti e’tiqodiy qarashlari geografik jihatdan muayyan bir hududda tarqalgan bo‘lib, undan asosan olimlar hamda aqida va kalom ilmi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar boxabar ekanini aytish joiz. Agar ushbu ta’limot doirasida yaratilgan kitoblarni boshqa tillarga tarjima qilsak, bu, shubhasiz, uning keng tarqalishiga xizmat qiladi. Masalan, islom ilmlaridan bexabar bo‘lgan odamlar ham o‘z tillarida nashr qilingan moturidiylik kitoblarini ko‘rib, bu haqda ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda uning qoshidagi Xalqaro ilmiy hay’atni moturidiylik ta’limotiga oid arab tilidagi kitoblarni boshqa tillarga tarjima qiladigan maskan vazifasini bajarishini istagan bo‘lar edim.

 

Izoh qoldirish