499

“Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati

yoxud “Boburnoma”, “Shajari turk” singari durdonalar yozilishiga turtki bergan asar

9-aprel – Amir Temur tavalludi kuni

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o‘zining o‘tkir aql-zakovati, noyob yetakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o‘rin tutadi. Sarkardaning hayot yo‘li, davlat boshqaruvi, o‘z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, "Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.

Sohibqiron kitob yozganmi?

Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e’tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo‘lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to‘plamlarda saqlanmoqda. Ko‘plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

O‘tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning  tili va uslubi,  pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o‘tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealar sohibqiron hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma’lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili –eski o‘zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o‘z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo‘lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha yetib kelmaganidan, bu o‘rinda so‘z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturilamal vazifasini o‘tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”, Abulg‘ozi Bahodurxon “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i turtki bergan bo‘lishi mumkin.  Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo‘lyozmasi hanuzgacha topilgani yo‘q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma’lum bo‘lmagan sahifalari ochilishi barobarida, o‘zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go‘zal durdona bilan boyigan bo‘lar edi.

Yamandan topilgan “Tuzuklar”

Bugun bizgacha yetib kelgan xilma-xil qo‘lyozmalar  hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga yetib kelgan qo‘lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo‘lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko‘chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida Yaman hukmdori Ja’far Poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo‘lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asarda Sohibqiron Amir Temurning yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo‘l-yo‘riqlari o‘rin olgan.

At-Turbatiy bu bebaho qo‘lyozmani o‘zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637-yilda asar tarjimasini to‘la-to‘kis bitkazib, uni Boburiy hukmdor Shohjahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shohjahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o‘zlaridan qo‘shgan ortiqcha tafsilotlarin o‘chirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha yetib kelgan barcha qo‘lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo‘lib xizmat qilgan.  

Qayta-qayta o‘girilgan

Markaziy  Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo‘lyozmasi bir necha bor ko‘chirilgan. Asli o‘zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug‘ilgan. So‘nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o‘girilgan. 1836-yilda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrug‘iga ko‘ra, Xo‘jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857-yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o‘zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o‘tib, Xivada yana  bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko‘ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo‘lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari  institutida saqlanmoqda.

1967-yil taniqli alloma  Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885-1976) asarning  O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo‘lyozmasidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini   «Guliston» jurnalida e’lon qilgan.

Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga bo‘lga munosabat tubdan o‘zgardi. 1996-yilda buyuk sarkardaning 660-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar o‘rnatildi. O‘zbekistonda ulug‘ sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” ta’sis etildi. Bularning bari o‘zbek xalqining buyuk Sohibqironga bo‘lgan so‘nmas ehtiromi namunasi bo‘ldi.

“Temur tuzuklari” bir necha bor nashr qilindi. Asarning turli faksimile nusxalari ham o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.

Rustam JABBOROV.

O‘zA

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish