2

Korrupsiya – jamiyat rivojiga to‘siq

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida ishtirok etdi. Yigʻilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida korrupsiya islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini taʼkidladi. Shu bois, soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kunni belgilashdan maqsad, korrupsiya muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan kurashish hamda uni oldini olishdan iboratdir.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan har yili 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bagʻishlangan “Aksilkorrupsiya oyligi” eʼlon qilinib, oʻtkaziladigan tadbirlar rejasi tasdiqlanib kelinmoqda. 

Mazkur rejaga muvofiq, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, ularning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash hamda ommaviy axborot vositalari jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob olishlari maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etilishi belgilangan.

Shu munosabat Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri oʻtkazildi. 

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor Salim Dusanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatov, Akademiya vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida soha prorektorlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatovning maʼlumotlari tinglandi.

2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, Oʻzbekiston islom akademiyasi negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

2025-yil 21-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mamlakatimizda islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. 

Shu nuqtayi nazardan, Akademiya oldiga islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar yuklandi.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 3 ta fakultet, 10 ta kafedra mavjud. Ilmiy salohiyat 2023-yilda 71.2%, 2024-yilda 79.6% boʻlgan. 2025-yilda bu koʻrsatkich 82,2% ni tashkil qilib, shundan 161 ta (fan doktorlari 27 nafar, fan nomzodlari (PhD) 105 nafar, ilmiy darajasiz 29 nafar) asosiy va ichki oʻrindosh professor-oʻqituvchilar oʻquv jarayoniga jalb qilingan. 

Professor-oʻqituvchilar tomonidan jami 135 ta ilmiy monografiya tayyorlandi. 

Nufuzli xalqaro Scopus va Web of Science bazasidagi maqolalar soni 147 tani tashkil qilmoqda.

2025-yilda jami 16 ta (9 ta mahalliy, 7 ta xalqaro) ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi. Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda 2 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda (1 ta innovatsion, 1 ta fundamental). Shundan innovatsion loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi.

Koʻp jildli Islom ensiklopediyasining I, II, III tomi nashr qilinib, bir jildli islom ensiklopediyasining maxsus nashri tayyorlanmoqda. Ensiklopediya boʻlimi 52 nomdagi kitob bilan boyitildi.

Iqtidorli talabalar yoʻnalishi boʻyicha mazkur davr mobaynida 3 nafar talaba hamda 1 nafar magistrant Mahmudxoʻja Behbudiy stipendiyasi sovrindori boʻldi. Talabalar ilmiy jamiyatining ilmiy anjumani forumi oʻtkazilib, “Talabalikdan olimlik sari qadam” nomli talabalarning maqolalar toʻplami nashr etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 40 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda. 

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish