458

RAMAZON QALBLAR UYGʻONISHI, YASHASHGA, YANGILANISHGA, EZGU AMALLAR QILISHGA ISHTIYOQ ORTISHI FURSATI

MUBORAK OY

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

O‘lkamizga oylarning sultoni, Allohning muborak kitobi – Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy mohi sharifi Ramazon tashrif buyurdi. Bu oy Qur’on, taqvo, baraka, rahmat, mag‘firat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Shu bois, butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantiradi.

Tinchlik bo‘lmasa, to‘y tatimaydi

Ramazon oyi gunohlardan yuvilib, do‘zaxdan panoh bo‘ladigan oy. Haq taolo barchamizni mana shunday muborak oyga nasib etib turibdi. Rasulimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilarki: “Ramazon oyi kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannamga qulf solinadi va shaytonlar kishanlanadi” (Imom Buxoriy). Shu bois, har yili yurtdoshlarimiz ushbu oyni ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandlik ila kutib oladi.

Allohga shukrki, masjidlarda mo‘min-musulmonlar bilan taroveh namozlarini ado etamiz, xatmi Qur’on o‘qiymiz, yurtimizga qut-baraka yog‘ilishini Haq taolodan so‘raymiz. Bu yil yurtimizdagi 1520 dan ortiq masjidda xatmi Qur’on qilinadi, inshaalloh.

Mamlakatimizda buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan, imkoniyatlar yetarli. Eng muhimi, ikki bebaho ne’mat hayotimizni, turmushimizni fayziyob qilib turibdi. Bular – yurtimiz tinchligi va xalqimiz salomatligi. Rasulimiz Muhammad (s.a.v) “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik uning qadriga yetmaydi. Bular sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir”, dedilar.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida muvozanat buzilgan: urush, turli ixtilof va janjallar minglab, millionlab odamlarning hayotiga xavf solib turibdi. Ochlik, sarson-sargardonlik tinkasini quritayotgan millatlar, elatlar borligini, afsuski, inkor eta olmaymiz. Dunyo sinovli kunlarda yashayotgan bir davrda Alloh tomonidan berilgan ne’matlarni asrab-avaylash oliy burchimizdir. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Yurtimiz tinch, tan-u qalbimiz salomat bo‘lsa, turmushimizda farovonlik, to‘kinlik aks etadi, ibodatlarimizni to‘la-to‘kis ado etamiz. 

Tinchlik bo‘lmasa, to‘y tatimaydi, deydi dono xalqimiz. Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-xotirjamlik hukm surmoqda. Ramazon ro‘zasini tutish, ibodatlarda sobit bo‘lish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Ramazon oyining ayni uyg‘onish mavsumidagi tashrifi qalblarimizga iliqlik bag‘ishlaydi. Ko‘klam yomg‘irga serob bo‘ldi. Ona zamin obi rahmatga to‘yindi. Bu xalqimiz dasturxoniga to‘kinlik, hayotiga fayz kiritadi. Tabiatga hamohang ro‘zador qalblar ham qayta uyg‘onadi. Yashashga, yangilanishga, ezgu amallar qilishga ishtiyoqimiz ortadi. 

Ramazon fazilati haqida Salmon (roziyallohu anhu) qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir”, deganlar.

Diniy-ma’rifiy islohotlar samarasi

Kuni kecha Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda Ramazon oyida xalqimizga xos mehr-oqibat va shukronalik tuyg‘ularini yuksaltirish, ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u qaratilgani barcha mo‘min-musulmonlarni mamnun etdi.

Allohga shukrki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar mo‘min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. 

Yurtimiz bo‘ylab qad rostlagan, muhtasham qiyofa kasb etgan masjidlar soni 2100 dan oshdi. So‘nggi 5 yilning o‘zida 70 ga yaqin yangi masjid ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda. 

Oxirgi yillarda 3 ta diniy ta’lim muassasasi – Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ta’sis etildi, qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi. Shuningdek, umra ziyorati bo‘yicha ham katta natijalarga erishildi. 

Pandemiya tufayli umra ziyoratiga ham bir qator cheklovlar o‘rnatilgan edi. Joriy yil boshida yana yo‘llar ochilib, navbatda turgan 23 ming yurtdoshimiz shu kungacha muborak safarni ado etdi. Yana bir oydan ziyod vaqt davomida 13 ming yurtdoshimiz Makka va Madina shaharlarini ziyorat qiladi. 

Bir paytlar Saudiya Arabistonidagi mehmonxonalarga havas bilan boqardik. Qachonlardir xalqimiz ham mana shunday joylarda yashab, ibodat qilishi mumkinligi kimning xayoliga kelibdi deysiz?! Allohga shukr, bugungi islohotlar samarasi bilan yurtimizdan borgan ziyoratchilar besh yulduzli zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshirildi. Yurtdoshlarimizning salomatligi tibbiyot mutaxassislarining doimiy e’tiborida.

Bugun dinimiz ta’limotlarini ilmiy o‘rganish va keng tarannum etishga har qachongidan keng e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. 

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, turli hududlarda Hadis, Kalom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari ish olib bormoqda.

Ta’kidlash joizki, barcha islohotlardan ko‘zlangan maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash. Muxtasar aytganda, barcha soha va yo‘nalishlardagi ishlar “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadi.

Xayr-saxovat oyi

Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga mo‘min-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadi. Ramazon oyida Alloh taolo farz qilgan ro‘za tutiladi, masjidlarda taroveh namozlari ado etiladi, xatmi Qur’on o‘qiladi. 

Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil bo‘lgan. Haq taolo bunday deydi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat manbai va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185).

Tafsir kitoblarida kelishicha, Qur’oni karim Ramazon oyining Qadr kechasida Lavhi mahfuzdan dunyo osmoniga tushirilgan. So‘ngra yigirma uch yil davomida voqea-hodisalar rivojiga muvofiq ravishda bo‘lib-bo‘lib Payg‘ambarimizga indirilgan.

Ramazon – xayr-saxovat oyi. Payg‘ambarimiz bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar. 

Ramazon insonlarni o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga xayr-saxovat qilishga chaqiradi. Shu orqali shaxsda mehribonlik, xokisorlik, bag‘rikenglik fazilatlarini tarbiyalaydi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (“Saba” surasi, 39-oyat). Binobarin, karamli inson hech qachon ziyon ko‘rmaydi, mol xayr-ehson qilish bilan kamaymaydi, balki savob ko‘payadi, Ramazon barakotidan islomiy shaxsiyat to‘kis bo‘ladi. 

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda, ayniqsa, cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Imom Buxoriy).

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini aynan Ramazonda ado etishi ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayr-u ehsoni bilan bir qatorda zakotini ham shu oyda chiqaradi.

Ramazon – ruh, qalb va tan salomatligini tiklash uchun bir imkoniyat

Ramazon ro‘zasi sharofati bilan ruh, qalb va tan nafsoniy havaslardan tiyiladi, tartibga keladi. Insoniyat diniy amallarda sobit turib, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, xayr-saxovat ulashishga, yaxshiliklar qilishga intiladi. 

Ruh tarbiyasi. Ruh insonning hayotiy asosi, quvvat manbai. Shuning uchun inson o‘z umri davomida ruhiy tarbiyaga muntazam ehtiyoj sezadi. Ruhan sog‘lom va barkamol shaxsgina ko‘zlagan manzillariga erisha oladi, kamolot kasb etadi. Ramazon oyida toat-ibodatni, zikr va istig‘forni har qachongidan ham kuchaytirish ruh va qalbni poklab, yuksaltiradi. Bu oydagi barcha xayrli amallar, ro‘za va ibodatlar ruhiy komillikka xizmat qiladi. 

Nafs tarbiyasi. Nafs dunyoviy ne’matlardan bahramandlikka intilish bo‘lib, uning salbiy jihatlari, oqibatlari serob. Shuning uchun nafs hamisha tarbiyaga muhtoj. Ramazon oyi nafsni tarbiyalashda nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Binobarin, nafs tarbiyasi mo‘minning birlamchi vazifasi sanaladi. Hamma rahmat va ne’matlar nafsni jilovlash, unga hukmronlik qilish ortidangina yog‘iladi. Nafsga ergashish esa yomonliklarning poydevoridir. Tarbiya ilmining barcha ulamolari jamiki yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, yomonliklarning asosi esa unga tobe bo‘lishda ekanini ta’kidlab keladi. Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga yetishadi. Nafsga faqat gumroh, g‘ofil kimsalargina ergashadi va ruhiy-ma’naviy tubanlashib, halokatga yuz tutadi. Ulug‘ mutasavvuf Ahmad Yassaviy ham bejiz: 

Nafsing seni oxir damda gado qilg‘ay, 

Din uyini g‘orat qilib, ado qilg‘ay, 

O‘lar vaqtda imoningdan judo qilg‘ay, 

Oqil ersang nafsi baddin bo‘lgin bezor, deya uqtirmaydi.

Inson tirik ekan, nafs uning doimiy hamrohi, ehtiyoji, talabi. Shu bois, nafs tarbiyasi kundalik zaruratdir. Kishi o‘z nafsi bilan har kuni, har kecha shug‘ullanishi kerak. Ramazon oyi ham nafsni jilovlash, bo‘ysundirish uchun eng qulay fursat va imkoniyatdir. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatuvida ekanini his qiladi va o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi.

Iroda tarbiyasi. Ramazon ro‘zasi shaxsni irodali qilib tarbiyalaydi. Iroda quvvatidan nafsga bo‘ysunilmaydi, adolatsizlik qilinmaydi, Alloh roziligi yo‘lida rag‘batlardan chetlashiladi. Tong otgandan quyosh botguniga qadar yemoq-ichmoq va nafsoniy havaslardan tiyiladigan kishi, zaiflashmaydigan irodali, azmi-qarori qat’iy, qalbi pok va baquvvat insonga aylanadi. Chunki u hech kimning oldida zaiflashmaydi, barqaror rivojlanadi. Agar inson ro‘za maktabi axloqlaridan bo‘lgan shu oliymaqom xulqni shakllantira olsa, ikki dunyoda ham aziz va mukarramlardan bo‘ladi.

Sabr tarbiyasi. Sabr sohibini yuksaklarga ko‘taradigan, unga nusratni naqd qiladigan go‘zal xulqlardandir. Hadisi shariflarda kelishicha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Bilingki, nusrat sabr bilandir, kushoyish mashaqqat bilandir va albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, “Har bir sabr ortidan ajr-u mukofot bordir”, deya ta’limot beradilar. Inson o‘z sabr-qanoati bilan dunyo mashaqqatlarini yengib o‘tishga qodir. Ramazon ro‘zasida yengiltaklik va besabrlik tarbiyalanadi, ochlikda, g‘azab kelganda tiyilish orqali insonning sabri yanada mustahkamlanadi.

Xushfe’llik, xushmuomalalik tarbiyasi. Xushfe’llik, shirin muomala har qanday muammo-aziyatga go‘zal yechim beradi, qalblarni tutashtiradi, yaxshilikka undaydi. Shu bois, Ramazon oyi insoniyatni yanada xushfe’l, xushmuomala, shirin so‘zli bo‘lishga chaqiradi. Sahih hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Ro‘za qalqondir. Biringiz ro‘za tutsa janjallashmasin, baqir-chaqir, fisq-u fujur qilmasin. Agar uni birortasi haqoratlasa, men ro‘zadorman, desin”. Ha, insondagi qanchadan-qancha xunuk so‘z, haqorat qilish, tili o‘tkirligiga ro‘za bir so‘z bilan qat’iy javob qaytaradi.

Duolar qilaylik...

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi sharifida ro‘zadorning sifatlari zikr etilib, ro‘zadorning duosi maqbuldir, deyildi. Chunki inson Alloh taolo uchun nafsining orzularini tark etgani boisidan duosi ijobat bo‘ladi. Shuning uchun ham bu qutlug‘ oyda chin qalbdan, ich-ichdan, dunyo va oxirat saodatini astoydil so‘rab duolar qilishimiz kerak.

Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor” (Imom Ahmad).

Biz Parvardigori olamning rahmat va mag‘firati jo‘sh urib, Yer yuziga ilohiy nurlar yog‘iladigan oyda turibmiz. Ushbu oyni g‘animat bilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va rizqimiz to‘kinligini Alloh taolodan so‘raylik.

Ramazoni sharif har bir xonadonga, jonajon yurtimizga qut-baraka, sog‘liq-omonlik va baxt-u saodat hamda fayz-u futuh olib kelsin! 

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak bo‘lsin!

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 2-aprel, 66-son

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish