Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, dastlab O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokir Ro‘ziyev Prezidentimiz rahbarligida 2022-yil 4-mart kuni o‘tkazilgan Oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning Akademiyadagi ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomovning Akademiyada ilmiy salohiyatini oshirish hamda ilmiy loyihalar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Majlis davomida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev Akademiyaning xalqaro hamkorligini yanada kengaytirish, xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy dasturlar doirasidagi aloqalarini rivojlantirish masalalari hamda Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Salim Dusanov Akademiyada “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan 2022-yil uchun xarajatlar smetasini tuzilishi va rejalashtirilgan vazifalar to‘g‘risidagi axborotlari bilan ishtirok etishdi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov 2021/2022-o‘quv yili 1-yarim yillik uchun Akademiya pedagog-xodimlar faoliyatini baholash mezonlari natijalari haqida ma’lumot berdi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori bosh mutaxassisi Boburmirzo Botirov Akademiyada davlat tilida ish yuritish me’yorlariga rioya qilish holati hamda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Kengash majlisida so‘zga chiqqanlar tomonidan Manbalar xazinasi faoliyati hamda xazina fondidan Akademiya magistr, tadqiqotchi, professor-o‘qituvchi va xodimlarining foydalanish holati, Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, Akademiyada ilmiy salohiyatli, yuqori natijalarga erishayotgan xodimlar hamda professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Yig‘ilishda Kengash kotibi Aziza Turgunovaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi Nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Kengashda sohadagi erishilgan yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish