513

Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Akademiya talabalari ham ishtirok etdi

Xabaringiz bor, kuni kecha poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yirik anjumanda xorijdan ko‘plab investorlar, ishbilarmonlar, xalqaro moliyaviy institut va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining xorijiy tillarni puxta biladigan bir guruh talabalari forumda xorijlik mehmonlarga tarjimonlik qilish vazifasini bajarishdi. 

Jumladan, Akademiyadan 18 nafar talaba, bir nafar xodim volontyor tarjimon sifatida, 2 nafar professor-o‘qituvchi hamda 1 nafar talaba sinxron tarjimon sifatida ishtirok etdi.

Forumdan avval Akademiyada Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Shavkat Mavlanov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zafar Ro‘ziyev, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev hamda fakultet dekan o‘rinbosarlari ishtirokida suhbat tashkil etildi. Suhbat davomida talabalarga tadbirning ahamiyati, bildirilgan ishonch mas’uliyati hamda forum davomida talabalar nimalarga e’tibor berishi kerakligi prorektorlar tomonidan tushuntirib o‘tildi. 

Kafedra mudiri Akbar Kazakbayev talabalarga tarjimonlarga yuklatilgan vazifalar haqida tushuncha berib o‘tdi. 

Yig‘ilish davomida tarjimon sifatida biriktirilgan talabalarga qo‘shimcha dars tashkil etish hamda darsga arab tili bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, ishni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha vazifalar taqsimlab berildi. Talabalarning forum davomidagi faoliyatini vazirlik tomonidan beriladigan vazifalarga muvofiqlashtirib borish vazifasi Islomshunoslik fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Gʻayrat Rasulovga topshirildi.

Shundan so‘ng talabalarga dars tashkil etildi. Darsda kafedra mudiri Akbar Kazakbayev hamda arab tili mutaxassisi doktor Ubayd Muhammad Abdul Halim ishtirok etdi. Talabalarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, forum bo‘yicha yo‘riqnomalar tarqatildi.

Nazariy bilimlardan so‘ng barcha talabalar 24-26-mart kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan forumning turli sessiyalarida ishtirok etdi. Mehmonlarga tarjimonlar ko‘magi kerak bo‘lgan vaqtda yordam berildi.

Forumning ochilish marosimida va tegishli sessiyalarda, “Islohotlar o‘tkazishda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash”, “Moliya bozori – bozorni rivojlantirish drayveri sifatida”, “Qishloq xo‘jaligi sanoati uchun yangilangan ishlab chiqarish va yangi bozorlar”, “Transport-logistika infratuzilmasi rivoji: yangi bosqich”, “Yangi ta’lim va 50+ kelajak” kabi mavzulardagi davra suhbatlarida faol ishtirok etdi. 

E’tirof etish joiz, Akademiya talabalari bildirilgan vazifani sidqidildan ado etib, yakunda forum tashkilotchilari tomonidan minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish