406

21-MART – “NAVRO‘Z” UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum hurmatli hamkasblar!

Qadrli talaba-yoshlar!

Borliq uyg‘onayotgan shu kunlarda bu yilgi Navro‘z ayyomini ham o‘zgacha orziqish, ko‘tarinki kayfiyat, shod-u xurramlik bilan kutib olmoqdamiz.

Avvalo, yangilanish va yasharish ayyomi, milliy qadriyatlarimizning timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami bilan Akademiyamiz ahil jamoasi va talaba-yoshlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Azizlar!

Xalqimizda “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqol bor. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Navro‘z kelishi bilan bahor nafasidan borliq uyg‘ona boshlaydi. Besh ming yillik tarixga ega ushbu bayram inson ichki olami va tabiat uyg‘unligi ramzidir.

Navro‘z bayramining tarixi insoniyat ilk sivilizatsiyasiga borib taqaladi. Bahor tengkunligi qadim Mesopotamiya (Ikki daryo oralig‘i)dagi xalqlarning astronomik tadqiqotlariga asoslangan. Keyin musulmon olimlari ham Navro‘z kuniga oid ilmiy izlanishlar olib borishgan. Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Mahmud Qoshg‘ariy kabi allomalar ilmiy-ma’naviy merosida ham Navro‘z haqida noyob fikrlar bildirilgan.

Qadim zamonlarda odamlar quyosh va oy harakatlarini yaqindan kuzatishgan. Ular tabiatda kechadigan o‘zgarishlarning mohiyatini anglashga urinishgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: “Navro‘z o‘tmish zamonlarda quyoshning saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, hayvonlarda uyg‘onish mavsumi boshlanishidan to nasl vujudga kelgunicha davom etgan vaqtda keladi”.

Mutafakkir allomalar Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarlarida ham Navro‘z tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar bitilgan. Buyuk bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Navro‘z bayrami haqida shunday satrlar mavjud:

Ki bu sur erur olam afro‘z ham,

Xususan erur fasli Navro‘z ham...

Darhaqiqat, Navro‘z oddiy bayram emas, balki xalqimiz tasavvurlari, qadriyatlari, falsafasi va tarixini o‘zida mujassam etgan qadim qadriyatdir. Navro‘z – bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. 

Hurmatli hamkasblar, qadrli talaba yoshlar!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimida “Navro‘z – chinakam xalq bayrami, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir”, deganlari bejiz emas. Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Navro‘z bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida qadim an’analarga uyg‘un holda – xalq sayillari tarzida tashkil etilmoqda. Ushbu qadimiy bayramning tub mohiyatida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayr-u saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib bormoqda. Yurtimizdagi INSON QADRIni ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 17-fevralida “2022-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolanishi ayni muddao bo‘ldi. 

Hozirda yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga to‘liq yoshlar-u, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylarimiz “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostidagi bayram tantanalarida ishtirok etishmoqda. Umuman olganda, Navro‘z bayrami insoniyatning o‘zligi, ezgu orzu-maqsadlarini ilk bor yorqin namoyon etgani bilan ham ahamiyatlidir.

Shu nuqtai nazardan, 2009-yil 30-sentyabrda UNESCO tomonidan Navro‘z bayrami insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010-yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasida 21-martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Bu bayram endilikda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining ajralmas qismiga aylandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z xotirjamlik, ezgulik va tinchlik, baxtli hayot, ertagi yorug‘ kelajak umidi ramzidir. O‘zbekistonning noz-ne’matlarga boy zaminida yashayotgan aholining barchasi Navro‘zni xush kayfiyat va katta zavq-u shavq bilan kutib oladi. 

Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Fursatdan foydalanib, so‘zim nihoyasida xalqimizning asrdan asrga o‘tib, yanada e’zoz topib borayotgan Navro‘zi olam bilan barchangizni yana bir bor qutlab, mustahkam sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, ezgu niyatlar ijobatini tilayman!

Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehr-u oqibat, qut-baraka olib kelsin! 

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish