Markaz xodimlari Turkiya Respublikasida malaka oshirishmoqda
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i Alloqulov Abdullatif hamda bo‘lim katta ilmiy xodimi Alimov Ahmadxon Turkiya Respublikasi Istanbul Sulton Ahmet vaqfi huzuridagi Qo‘lyozmalarni tadqiq qilish markazida “Intensiv: qo‘lyozmalarni kengaytirilgan tarzda o‘rganish” nomli o‘quv kurslarida ishtirok etmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir allomalar hayoti hamda ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomlari bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4802-sonli qarorida yurtimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarning kalom ilmiga oid merosi hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘lyozma, toshbosma asarlarning asl hamda elektron nusxalarini to‘plash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish lozimligi ta’kidlangan.
Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 17-bandida esa dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalarini jamlash hamda ularning katalogini yaratish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-126-sonli qarorida ajdodlarimiz yaratgan bebaho asarlar, noyob yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, kelajak avlodga yetkazish borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ushbu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash yuzasidan qo‘lyozma manbalarni tadqiq qilish va saqlash bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish, soha vakillarining xorijiy mamlakatlarning ilg‘or kutubxonalarida malaka oshirishlari hamda stajirovka o‘tashlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislarning dunyo kutubxonalari va arxivlarida saqlanayotgan noyob yozma manbalar, arxiv hujjatlari bilan bevosita tanishishlari, xalqaro miqyosda tashkil qilinayotgan malaka oshirish kurslari, seminar-trening hamda ilmiy anjumanlarda ishtirok etishlari maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i A.Alloqulov va katta ilmiy xodimi A.Alimovlarning Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida joylashgan Xalqaro qo‘lyozmalar institutida qo‘lyozmalarni o‘rganish va ularning tanqidiy matnini tayyorlash bo‘yicha “Intensiv: qo‘lyozmalarni kengaytirilgan tarzda o‘rganish” nomli malaka oshirish kurslari tinglovchisi sifatida ishtirok etishlari rejalashtirilgan.
Markaz xodimlari Turkiya Respublikasiga safar davomida 2022-yil 12-18-mart kunlari “Intensiv: qo‘lyozmalarni kengaytirilgan tarzda o‘rganish” nomli malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, qo‘lyozmalar tadqiqot metodologiyasi asoslari hamda uning batafsil protseduralariga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantiradilar. Shuningdek, yurtimiz allomalarining Turkiya Respublikasi kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu malaka oshirish kurslarini tashkil qilayotgan Dor al-maxtutot markazi (ISVA) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan.
“Intensiv: qo‘lyozmalarni kengaytirilgan tarzda o‘rganish” nomli malaka oshirish kurslari tinglovchilarda yozma manbalarni o‘rganish, saqlash hamda ularning tanqidiy matnlarini tayyorlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Mazkur kengaytirilgan darslar to‘rt bosqichdan iborat bo‘lgan malaka oshirish kurslarining ilk bosqichi hisoblanib, u nazariy hamda amaliy qismlardan iborat. Malaka oshirish kurslari 7 kun (12-18-mart) davom etadi (shanba va yakshanba dam olish kunlari hisoblanadi).
7 kun davomida yetuk manbashunos mutaxassislar ishtirokida “Qo‘lyozmalarni tahqiq qilish va uning ilmiy muammolari”, “Ilmiy merosni tahqiq qilish dasturi”, “Matnni kutubxonadan izlash”, “Mavzu va nisbat berishdagi muammolar”, “Muallifni aniqlash mahorati”, “Qo‘lyozma nusxalarni tanlash”, “Qo‘lyozmalarni o‘qishdan namunalar”, “Nusxalardan matnni ajratish”, “Matnni ilmiy va tarixiy o‘rganish”, “Sahifalash amaliyoti” kabi mavzularda nazariy va amaliy darslar tashkil qilinadi.
Ushbu safar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Istanbul Sulton Ahmed vaqfi huzuridagi Qo‘lyozmalarni tadqiq qilish markazi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan keyingi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvi bo‘yicha istiqboldagi ishlarga yo‘l ochishi mumkin.
Izoh qoldirish