Talabalarning bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tmoqda
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida Akademiya o‘qituvchilari hamda guruh tyutorlari hamkorligida turli uchrashuvlar, poytaxtimizning madaniy joylari, majmualariga ekskursiyalar tashkil etilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti “Axborot xavfsizligini boshqarish” yo‘nalishi tyutori M.Polvonov, “Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi T.Jumayev hamda D.To‘xtanazarov talabalar bilan birgalikda Hazrati Imom majmuasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat qilishdi. Yoshlarga Hazrati Imom tarixi, hayoti va yangi qurilayotgan markaz haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” taʼlim yoʻnalishi (rus) 2-kurs talabalari O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lishdi. Ekskursiya davomida talabalar muzey eksponatlari bilan tanishib, ajdodlarimiz qoldirgan boy meroslar haqida kerakli ma’lumotlar olishdi.
Mazkur fakultetning “Tarix (islom tarixi va manbashunoslik)” taʼlim yo‘nalishi 2-kurs talabalari Aloqa tarixi muzeyida bo‘lishdi.
Bundan tashqari, Islomshunoslik fakulteti Islomshunoslik yoʻnalishi 3-kurs talabalari guruh tyutori Javohir Sobirov bilan birga Hazrati Imom majmuasi va yangi qurilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, u yerdagi meʼmoriy obidalar bilan yaqindan tanishdi.
Bu kabi tadbirlarda barcha fakultet mutasaddilari faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Z.Kasimova, professor Sh.Sodiqova, tyutor G.Azimovalar boshchiligida “Din sotsiopsixologiyasi” yo‘nalishi 1-bosqich talabalari bilan Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralari ziyorat qilindi. Ziyorat davomida talabalar ushbu allomalar haqida o‘zlarining bilimlari, ma’lumotlari haqida so‘z yuritishdi.
Shu bilan birga mazkur fakultetning 3-bosqich talabalari poytaxtimizdagi Magic City xiyoboniga tashrif buyurib, maroqli hordiq olishdi.
Fakultet talabalarining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot davlat muzeyiga sayohati yanada mazmunli kechdi. Ta’kidlash joiz, majmuada o‘zbek adabiyoti durdonalari, ijodkorlari va adiblari haqidagi nodir eksponatlar va ijod namunalari o‘rin olgan. Muzeyning har bir zali aniq tarixiy davr hamda ijodkorning shaxsiy hayoti va uning asari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. Talabalar tashrif chog‘ida o‘zbek milliy adabiyoti va tilining rivojlanish davrlari va yetuk siymolari haqida batafsil ma’lumot olishdi.
Bu kabi ekskursiyalar davom etib, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professor o‘qituvchilari hamda “Turizm (Ziyorat turizmi)” yo‘nalishi 3-kurs talabalari Tabiat muzeyiga tashrif buyurdi.
Bu yerda yoshlar muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishib, tabiatni asrash va uni kelajak avlodlarga beshikast saqlash boʻyicha koʻnikmalari hosil boʻldi.
“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professor o‘qituvchilari hamda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabalari o‘qituvchilari O.Astanakulov, A.Isadjanov hamda N.Botirovalar boshchiligida “Nurteks” ishlab chiqarish korxonasining faoliyati bilan tanishishdi.
Mazkur ekskursiya orqali yoshlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqishlari yanada ortdi.
Muxtasar aytganda, bu kabi uchrashuvlar, madaniy sayohatlar talabalar uchun foydali bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish