473

“Umra qo‘llanmasi” ilovasi iOS dasturida ham ishlab chiqildi

Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Android mobil telefonlari uchun “Umra qo‘llanmasi” ilovasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi.

Albatta, bunday qulaylikdan iOS tizimidan foydalana yotgan aqlli gadjet sohiblari bebahra qolayotgan edi. Endilikda mazkur ilova iOS dasturida ham ishlab chiqildi. Bu esa barcha smartfon, planshet egalariga ilovadan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Qayd etish joizki, “Umra qo‘llanmasi” ilovasida Umra safari davomida lozim bo‘ladigan zarur barcha ma’lumotlar tafsilotlarigacha qisqa, sodda va lo‘nda bayon etilgan. Unda “Umra qo‘llanmasi”, “Umra duolari”, “Safarga tayyorgarlik” va “Islom tarixiga oid joylar” nomli bo‘limlari mavjud.

“Umra qo‘llanmasi” bo‘limida Umra ibodatiga oid barcha masalalar keltirilgan. Xususan, “umra” so‘zining ma’nosidan to uning amallari-yu sunnatlarigacha tushuntirib berilgan. Shu bilan birga, ziyorat qilish odoblari, muborak shahar va masjidlarning fazilatlari, safar tartib-qoidalari kabi bir qator ruknlarda zarur ma’lumotlar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, “Umra duolari” bobida muborak safarda muhim bo‘lgan duolar batafsil bayon etilgan. Safarga tayyorgarlik ko‘rishda, safar davomida, muborak shaharga kirishdagi duolar, tavof asnosida, zam-zam suvi ichganda, tabarruk joylarda, Vatanga qaytishda o‘qiladigan duolar kabi ellikdan oshiq duolar berilgan. Yana bir muhim jihat, bu bo‘limda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan bir qatorda Abu Bakr va Hazrati Umar roziollohu anhumoga salom berish odob va tartiblari bayon etilgan. Bu duolarni mukammal bilish ziyoratu ibodatlarni to‘la-to‘kis bo‘lishi zamin yaratadi.

Mazkur boblardan yana biri Islom tarixiga oid. Bunda safar davomida boriladigan muqaddas joylar haqida qiziq va tarixiy manbalar berilgan. Ularni o‘qigan kishi muqaddas qadamjolarga oid keng tushunchaga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim bo‘lim – safarga tayyorgarlik bo‘limidir. Unda muborak safarga chiqmoqchi bo‘lgan har bir kishiga muhim tavsiyalar, man etilgan tartib-qoidalar, ziyoratchilar e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar bayon etilgan.

Shuningdek, ilovada bir qator eslatma va xizmatlar bor. Jumladan, pandemiya sharoitida Saudiya Arabistonidagi tartiblar, qaysi vaksinalar olish zarurligi hamda ob-havo ma’lumotlari berib borilmoqda. Qolaversa, muqaddas safarga eng so‘nggi reyslar qachon uchishi va qaytishi haqida ham aniq xabarlar joylangan. Bunday zamonaviy xizmatlar muborak safarga otlanganlar uchun qulaydir.

Qisqasi, ilova bilan tanishgan kishi Umra ziyorati xususida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi.

O‘zA

Izoh qoldirish