590

Akademiyada Misr Arab Respublikasi elchisi talabalar bilan uchrashdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Misr Arab Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi hamda talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Hurmatli mehmonni Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov boshchiligidagi Akademiya jamoasi kutib oldi.

Samimiy muloqot davomida Zohidjon Islomov yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston va Misr tarixan madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy yo‘nalishlarda hamfikr, do‘stona munosabatda hamkorlik qilib kelganini qayd etarkan, quvonarlisi, bugungi kunda ham O‘zbekiston va Misr aloqalari tom ma’noda rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarga yaratilgan sharoitlar, pedagoglarning ilmiy salohiyati haqida ma’lumot berdi. Ulug‘ allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni ilm-ma’rifatli etib tarbiyalash har bir mamlakatning ustuvor vazifasi ekanligiga alohida ahamiyat qaratdi. 

Misr Arab Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi dunyo tamadduniga O‘zbekiston va Misr ulkan hissa qo‘shganini e’tirof etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy tomonidan olib borilayotgan islohotlar zamirida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning taraqqiyoti muhim o‘rin tutishini bildirdi. Bundan tashqari, elchi xonim o‘z so‘zida davom etarkan, Misrda xotin-qizlarning ta’lim olishi, ilm olishiga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Bu kabi islohotlar yosh avlodning zamonaviy ilm-fan va diniy-ma’rifiy sohadagi bilimlarni chuqur egallashga, o‘tmishi buyuk xalqlarning kelajagini ham buyuk bo‘lishini ta’minlashga asos bo‘lishini bildirdi.

Shuningdek, hurmatli mehmon uchrashuvdan mamnunligini, ikki davlat, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, talabalar, yosh ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn seminarlar, konferensiyalar o‘tkazishdan har ikki tomon ham manfaatdor bo‘lishi haqida so‘z yuritdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Muloqot yakunida hamkorlik aloqalarini bundan-da kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Esdalik sovg‘alari almashildi.

Misr Arab Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi. 

Tashrif yakunida Amira Fahmi mazmunli uchrashuv uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish