495

O‘zbekistondagi diniy konfessiyalar rahbarlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha bayonot qabul qildi

O‘zbekiston qadimdan turli millat va e’tiqodga mansub insonlar o‘zaro tinch-totuv, ahillikda yashab, diniy ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng yurt sifatida nom qozongan. Har bir vatandoshimiz ona zaminimizning betakror tabiati, o‘simlik dunyosini asrab-avaylashni o‘zining muqaddas burchi, insoniylik vazifasi deb biladi.

Negaki, tabiatni asrash, atrof-muhitni pokiza tutish bashariyat uchun hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi dolzarb majburiyatdir. Yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan yashil hududlar, obod etilayotgan manzillar esa ana shu maqsad yo‘lidagi ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizda joriy yil 1-martdan e’tiboran “Yashil yillik” umummilliy tadbiri O‘zbekistonda yashayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi. 

Ezgu maqsadning amaliy qadamlari o‘laroq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 16 konfessiya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda irqi, millati, diniy e’tiqodga mansub ligidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol bo‘lishga undovchi bayonot qabul qilindi.

Respublika bo‘ylab mazkur umummilliy tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish hamda aholiga kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatini bepul tarqatish belgilandi. Xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini ko‘rsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qo‘lni qo‘lga berib, yagona va ahil oila a’zolaridek ishtirok etishi albatta, muhim. 

Mitropolit Vikentiy, Rus pravoslav cherkovining Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari:

“Bugun biz, turli diniy konfessiya vakillari yig‘ilib, O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan “Yashil yillik” umummilliy tadbirini qo‘llab-quvvatlash, unda ishtirok etib, munosib hissa qo‘shish maqsadida bayonot qabul qildik. Doimo yodda saqlashimiz lozimki, shu yurtni obod qilish, uning yashilligiga hissa qo‘shish, tabiatni sof holda asrash diniy e’tiqodidan qat’i nazar, har birimizning muqaddas burchimizdir. Ushbu ezgu maqsad yo‘lida barchani hamjihat bo‘lishga va tashabbuskorlikka chaqiramiz. 

Inson bor ekan, u yashayotgan hudud bog‘-u bo‘stonga aylanishi shart. Bugun bu ishni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orol dengizining qurib qolgan hududlarida olib borilayotgan ishlar mazkur masalaga e’tiborning naqadar yuksak ekanini ko‘rsatib turibdi. Ta’kidlash lozimki, har bir samoviy dinda tabiatga oqilona munosabat, uni asrab-avaylashga chaqiriq bot-bot takrorlanadi. Bu da’vatga labbay deb javob qilish bizning vazifamizdir”.

Bu olamdagi barcha omillar bir-biri bilan uzviylikda yaratilgan. O‘simliklar dunyosining tanazzuli, o‘z navbatida, barcha tirik jonning inqirozini keltirib chiqarishi ayon haqiqat. Daraxtlar atmosferadagi karbonat angidrid gazini qayta ishlab, kislorod ishlab chiqaradi, iqlim keskin isib ketishining oldini olib, moʻtadil ob-havoni ta’minlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har daqiqada 27 ta futbol maydoniga teng hajmda daraxtzorlar qisqarib bormoqda. Bunga loqayd munosabatda bo‘lish ayanchli oqibatlarni keltirib chiqaradi. 

Arkadiy Isaxarov, Toshkent shahri yahudiylar diniy jamoasi raisi:

“Bugun biz, O‘zbekistonda tinch-totuv yashab kelayotgan turli e’tiqod vakillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida muhim hujjatni imzoladik. Bu davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan “Yashil yillik” tadbiri ijrosini 16 ta diniy konfessiya vakillari birgalikda ta’minlash uchun qabul qilgan bayonotimizdir.

Barchamiz jadal rivojlanib borayotgan zamonda atrof-muhitning o‘zgarib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Aslida hammamiz ona tabiatni asrash, ushbu yashillikni saqlab qolishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bu haqiqat barcha diniy ta’limotlarda, jumladan, bizning dinimiz manbalarida ham qayta-qayta takrorlanadi. Masalan, bizning ta’limotda agar bir farzandga ota-bobosi ko‘chat ekib, bog‘ qoldiradigan bo‘lsa, o‘sha farzand ushbu bog‘ni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi, undan unumli foydalanishi kerak bo‘ladi. Demak, barchamiz atrof-muhitga, bizga nasib etgan ne’matlarni asrab-avaylashga mas’ulmiz. Ushbu loyiha nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham ekologik jihatdan o‘ta foydalidir. Prezidentimiz ilgari surgan bu ezgu tashabbus kelgusi avlodlarning minnatdorligiga sabab bo‘lsa, ne tong”.

Aramais Grigoryan, Toshkent shahri arman apostollik cherkovi ruhoniysi:

“O‘zbekistonni barchamiz yaxshi ko‘ramiz. O‘zbeklar – bag‘rikeng xalq. Shu sabab bu yurtda barcha millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek yashaydi. Men har safar bu bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganini takror-takror aytaman. Albatta, bu O‘zbekiston rahbariyatining oqilona siyosati, zahmatli mehnatning samarasi.

“Yashil yillik” umummilliy tadbirini O‘zbekistonda yashayotgan har bir millat va konfessiya vakili faol qo‘llab-quvvatlashi lozim, deb hisoblayman. Chunki bu betakror zamin, ona tabiat bizga Yaratgan in’om etgan ulug‘ ne’mat hisoblanadi. Albatta, biz ham ushbu tashabbusga amaliy yondashib, O‘zbekistonning yanada chiroy ochishiga, yashil makon rivojiga munosib hissa qo‘shamiz”.

Barcha diniy ta’limotlarda ko‘chat ekib, bog‘ yaratish rag‘batlantiriladi, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga hissa qo‘shish olqishlanadi. Jumladan, “Qiyomat bo‘lib qolsa-yu, birortangizning qo‘lida xurmo ko‘chati bo‘lsa, uni qo‘ysin”, deyiladi muborak hadislardan birida. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiya vakillari tomonidan imzolangan bayonotda ham ayni shu haqiqatlar o‘z ifodasini topgan.

Turli din vakillarining “Yashil yillik” umummilliy tadbirini qo‘llab-quvvatlab qabul qilgan bayonoti mamlakatimizda hukm surayotgan bag‘rikenglik muhitining amaldagi yorqin ifodasidir.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 11-mart, 51-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish