437

O‘mon Sultonligidagi xalqaro ko‘rgazmada Akademiya talabalari 1-o‘rin bilan taqdirlandi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 4 nafar iqtidorli talabasi O‘mon Sultonligining Sulton Qobus institutida arab tili bo‘yicha o‘quv kurslarida grant asosida tahsil olmoqda.

Mazkur ko‘rgazmada Akademiya talabalari “Yangi O‘zbekiston yoshlari va uchinchi renessans” mavzusida yurtimiz urf-odatlari, madaniyati, asriy qadriyatlari hamda milliy taomlari aks etgan taqdimot-ko‘rgazmani namoyish etishdi. Taqdimot mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Tadbirda shuningdek, Janubiy Koreya, Shri-Lanka, Qozog‘iston, Bolgariya, Yaponiya, Chexiya hamda boshqa davlatlarning yosh vakillari ham o‘zlarining milliy madaniyati aks etgan ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston, uning tarixiy shaharlari, muqaddas qadamjolari-yu tabarruk ziyoratgohlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga talabalar yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim va ilmiy muassasalarning tashkil etilishi, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati, unda talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi.

Ahamiyatlisi, Sulton Qobus instituti direktori Usmon Sa’diy hamda institut o‘qituvchilari yurtimiz tarixi va madaniyatiga katta qiziqish bildirib, kelajakda O‘zbekistonga sayohat qilishni maqsad qilganliklarini e’tirof etishdi. 

Tadbir yakunida Akademiya talabalari Hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, “Madaniyat va taqdimot” yo‘nalishida nufuzli 1-o‘rin bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish