337

Dunyoda eng aziz, muqaddas ayol

Ayol – millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun mamlakatimizda xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu maqsadda Yoshlar ijod saroyida “Dunyoda eng aziz, muqaddas ayol” bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi. 

Tantanani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, bayram tadbiriga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov tashrif buyurib, 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bilan Akademiya ayol o‘qituvchi va murabbiylari, xodimlari hamda talaba-qizlarini samimiy tabrikladi. Yurtimizda ayollarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik, ularning jamiyatdagi o‘rnilarini yuqori pog‘onaga olib chiqish doimo e’tiborda ekani aytildi.

Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida “Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi”, deb e’tirof etganlari bejiz emas.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda “Dutorchi qizlar” kuy-qo‘shiqlari, Akademiya talabalari tomonidan badiiy kompozitsiyali she’riy tabriklar, musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz ulashdi. Talabalar ijrosidagi hazillarga boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari ijod saroyiga yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Xalqimizning sevimli san’atkorlari tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga behad manzur bo‘ldi.

Muxtasar aytganda, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning buyuk ma’naviyati va qadriyatdan darak beradi. Bayram tadbirida ana shunday ezgu tuyg‘ular namoyon bo‘ldi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish