Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Teatr bu – ibratxonadir”
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerakligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, “...2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlandi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deya alohida ta’kidladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning ulkan ilmiy va adabiy merosi, hikmatli o‘gitlari bir asrdan oshdiki, xalqimizning ma’naviy hayot yo‘lini yoritib kelayotgan mayoqlardandir. Ayniqsa, bu durdonalar yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega.
Masalan, ulug‘ ma’rifatparvarning “Teatr – bu ibratxonadir” degan fikrini olaylik. Chindan ham teatr inson tafakkurini yuksaltirishda, xususan, yoshlarni ezgulikka chorlash, ularda Vatanni sevish, ota-ona, oila va do‘stlikni qadrlash, o‘z kasbiga fidoiylik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ya’ni u insonga hayotiy saboq beradi. Binobarin, joylarda yoshlarni teatrlarga ko‘proq jalb qilish, zamon qahramoni obrazi aks etgan spektakllarni ko‘proq yaratish, qolaversa, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ayanchli oqibatlarini kelajagimiz sohiblariga sahna asarlari orqali yetkazishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Negaki, hamma yoshlar ham qonunchilik normalarini o‘qish yoki eshitish bilan qaysidir noqonuniy hatti-harakatning mohiyatini teran anglamasligi mumkin. Ammo real voqealarga asoslangan spektakllarda ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat yoshlar, balki kattalarning ham qalb tubiga yetib boradi.
Behbudiyning fikricha, ma’rifat uchun faqat maktab kifoya qilmaydi. Millat uchun oyna kerak, toki unda o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘ra olsin. Mana shu haqiqat u kishini teatr tashkil etish, ular uchun asarlar yaratishga undagan. O‘zbek dramaturgiyasining ilk namunalaridan biri sanalgan “Padarkush” asari shu tufayli yuzaga kelgan.
Yoki bugungi hayotimizning og‘riqli nuqtalaridan biriga aylangan to‘y va marosimlar masalasini Behbudiy hazratlari ham kuyunchaklik bilan tilga olgan. Jumladan, “To‘y va aza kabi ikki qattol dushman oyog‘imizga tushov bo‘lib turibdi. To‘y va ta’ziyaga sarflab turgan aqchalarimizni ta’limga sarflasak, Ovro‘po kabi taraqqiy topgan bo‘lardik”. Biroq oradan bir asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ayni masala hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda. Negaki, yillar mobaynida misqollab yiqqan mablag‘ini bir kunlik dabdaba va isrofgarchilik uchun sarflayotgan, lekin 15-20 ming so‘mga farzandiga kitob olib bermaydigan hamyurtlarimiz hozir ham istagancha topiladi.
Prezidentimiz 2020-yilning 19-20-fevral kunlari Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimidagi ma’ruzasida ham “Bugungi kunda biz O‘zbekistonda jadidchilik harakatining noyob merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha katta ishlarni boshladik. O‘tgan yili mumtoz adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligini keng miqyosda o‘tkazdik. Bu yil mashhur jamoat arbobi, alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini nishonlaymiz. Biz bu ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatini qancha ko‘p o‘rgansak, bizni o‘ylantirayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz”, degan fikrlarni bildirdi. Shunday ekan, biz o‘qituvchilar ham Yurtboshimiz fikrlariga javoban Behbudiy o‘gitlarini hayotiy misollar orqali o‘quvchilarimizga tushuntirishimiz lozim.
Tarixda ulug‘ Turkiston ozodligi, uning chor hukumati istibdosidan qutulib, taraqqiy topgan zamonaviy ozod turkiston hurriyat orzusida yashab buyuk xizmatlar qilgan ajdodlarimiz nomi haligacha qalbimizda, ongu-shurimizdir ularning bu yo‘lda qilgan fidokorona xizmatlarini, millat uyg‘onishi uchun bor-budidan kechib bo‘lsa-da, yurt manfaati yo‘lida qurbon bo‘lganlari sanoqsiz ana shunday millatparvar, ma’rifatparvar bobomiz jadidchilarning yetuk namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy hur fikrli zamona zayli asosida uzoqni ko‘ra bila oladigan buyuk alloma, daho edi.
Behbudiy ta’lim-tarbiya pedagogik qarashlarini, yangi usul maktablarini ochib millatni ziyoli qatlamini ko‘paytirish barobarida u millat orasida yurgan turli-tuman urf-odat va muammolarni birinchi bor Turkiston tarixida “Oyina” jurnaliga asos solib yoritib achchiq haqiqatlarni ochib berdi. Xalqqa haqiqiy buyuk ma’rifat yo‘lini ko‘rsatib berdi, uning shar’iy bilimlarga puxta ekanligi nurli islomni to‘g‘ri tushunib hayotga to‘g‘ri tadbiq etishga intilishi chuqur diniy bilimlarni olishiga, hayratlanarlisi 25 yoshida bu chuqur bilim ortidan muftiylik unvonini olib berdi.
1926-yili sharqshunos Laziz Azizzoda Behbudiy to‘g‘risida juda o‘rinli yozgan edi: “Agar O‘zbekistonda Navoiy va Ulug‘bekdan boshqa uchinchi bir ilm va madaniyat arbobiga haykal qo‘yiladigan bo‘lsa, shubhasiz, bu Behbudiyning haykali bo‘lg‘usidir”. Laziz Azizzoda o‘z so‘zlari bilan Mahmudxo‘ja Behbudiyni, shak-shubhasiz, Sharqning buyuk mutafakkirlari qatoriga qo‘yadi. Behbudiy hazratlari ular bilan bir safda bo‘lishga to‘la haqli.
Hozirgi yangilanayotgan O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik millatlararo totuvlik prinsiplariga katta etibor qaratilayotganini Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan 105 yil ilgari orzu qilgandi.
Xulosa qilib aytganda, Behbudiy turli davlatlarda yurib tajriba orttirdi. Yangi usul maktablari ochilgani, jadid gazetalari nashri, teatrlar ochilgani, darsliklar yaratilgani, Turkistondagi aql-zakovatli kuchlarning uning g‘oyasi atrofida uyusha boshlashi, madaniyat va adabiyotda yangi tamoyillar, ilg‘or yo‘nalish va oqimning paydo bo‘lgani Mahmudxo‘ja Behbudiyni yanada shijoat bilan faoliyat yuritishga da’vat etdi.
Jahongir SAIDQULOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islomshunoslik fakulteti “Dinshunoslik” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi
Izoh qoldirish