370

8-MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN AKADEMIYA REKTORI TABRIGI

Hurmatli hamkasblar!

Muhtarama opa-singillar, aziz talaba-qizlar!

Avvalo, Siz azizlarni go‘zallik va nafosat ayyomi – 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni umumxalq bayrami bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi nomidan samimiy muborakbod etaman. Doimo muqaddas oilangiz, tinch va osuda Vatanimiz, xalqimiz ardog‘ida baxt-saodatda bo‘lishingizga tilakdoshman!

Ayol — Alloh taolo yaratgan eng nozik xilqat. Islom dinida ayolning sha’ni, qadr-qimmati yuksak darajalarga ko‘tariladi. Qur’oni karimning 35 ta sura va 100 dan ortiq oyatida “Ayol” so‘zining kelishi va suralardan biri aynan “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb nomlanishi bejiz emas. Muqaddas kitobimizda xotin-qizlar mavqeyi, uning hayotdagi o‘rni, haq-huquqlari batafsil bayon etilishi jamiyatda ayollarning qadri hamisha yuqori ekaniga yorqin isbotdir.

Darhaqiqat, ayol — bu, eng avvalo, ONA. U oilaning mehvari, voyaga yetayotgan farzandlarning mehribon tarbiyachisi, ilk muallimi bo‘lib, jamiyatning taraqqiysi, Vatanning ozod va obodligi uchun butun hayotini bag‘ishlagan fidoyi zotdir. Shu bois bo‘lsa kerak, muqaddas hadisi shariflarda “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, deb marhamat qilinadi.     

Qadrli opa-singillar!

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganidan xabaringiz bor, albatta. Anjumanda Yurtboshimiz “Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi”, deya yana bir bor davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarga yanada keng imkoniyat va sharoit yaratishga e’tibor qaratilishini bildirdilar.

Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bilim olish, kasb-hunar o‘rganish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyish etishga sharoit yaratish, oila, onalik va bolalikni muhofazalash, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ishonamanki, bunga o‘zingiz ham yurtimizning olis-yaqin shahar-u qishloqlarida amalga oshirilayotgan ko‘plab ezgu hayotiy misollar orqali amin bo‘lmoqdasiz.

Aziz hamkasblar!

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham ilmga chanqoq va oqila qizlarimizning ilm olishlari uchun xalqaro andozalar darajasida sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish mo‘min va mo‘minaga farzdir”, deb marhamat qilganlar. Shunga muvofiq ravishda talaba-qizlarni ma’naviy barkamol, jismonan sog‘lom bo‘lishlari, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar sirlarini mukammal egallashlari uchun bundan buyon ham alohida e’tibor qaratamiz.

Ma’lumki, yurtimizda har yili 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir guruh iqtidorli qizlarning Zulfiya nomidagi yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlanishi quvonarli an’anaga aylangan. E’tiborlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Muxtasar Karimova, “Axborot xavfsizligini boshqarish” yo‘nalishi 1-bosqich magistranti Sayyora Rahimova hamda “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi 2-bosqich magistranti Manzura Sayfiddinovaning ham ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani barchamizga faxr bag‘ishlaydi.

Shuningdek, joriy yilda yana ikki nafar iqtidorli talaba-qizimiz — Zebiniso Rasulova hamda Shahnoza Omonovaning Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi yuksak davlat stipendiyalari bilan taqdirlangani tahsinga loyiqdir.

Fursatdan foydalanib, jamoamiz nomidan mana shunday faol va ilmga chanqoq barcha qizlarimizni mukofotlar bilan tabriklaymiz!

So‘zim nihoyasida Siz azizlarni yana bir bor go‘zallik va nafosat ayyomi bilan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ilm va fan sirlarini o‘zlashtirishda yuksak muvaffaqiyatlar tilayman!

E’tiboringiz uchun rahmat! 

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish