“Yangi O‘zbekiston To‘marislari” ko‘rik-tanlovida Akademiya talaba-qizlari e’tirof etildi
Yurtimizda xotin-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda ularning yanada faol ishtirokini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada qizlarning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, islohotlarga daxldorligini oshirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar, sport bellashuvlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Yangi O‘zbekiston To‘marislari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik R.Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Sh.Mavlonov hamda o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda talaba qizlardan iborat O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Ma’rifat”, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “To‘maris qizlari”, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining “Humo” hamda Jamoat xavfsizligi universitetining “To‘maris izdoshlari” jamoasi a’zolari o‘zaro bellashishdi.
Tanlovda har to‘rt jamoa a’zolari 3 ta shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Tanishuv shartida ishtirokchilar o‘zlari bilim oladigan oliy o‘quv yurti hamda tahsil olayotgan yo‘nalish, iqtidorlari, kelajakdagi maqsadlari haqida video roliklar, badiiy kompozitsiyalar orqali namoyish etishdi. Tezkor savol-javob hamda Vatan madhi mavzudagi shartlarda har bir jamoa bugungi kundagi eng dolzarb mavzularni badiiy chiqishlar bilan yoritib berishdi.
Yakunda barcha jamoa mutlaq g‘olib deb topildi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “To‘maris qizlari” jamoasi “Eng kreativ jamoa”, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining “Humo” jamoasi “Eng zukko jamoa”, Jamoat xavfsizligi universitetining “To‘maris izdoshlari” jamoasi “Eng ijodkor jamoa” hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Ma’rifat” jamoasi “Eng faol jamoa” nominatsiyalarida e’tirof etildi. Tanlov g‘oliblari mutasaddilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish