406

Haqiqatga aylanayotgan ma’rifiy afsonalar

PREZIDENT QARORLARI – AMALDA 

Bahaybat texnika va uskunalar shovqini ostida qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayotgan quruvchilar g‘ayratini ko‘ring! Bu voqelik haqiqatga aylanib borayotgan ma’rifiy afsona – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi maydonida ro‘y bermoqda. 

Prezidentimiz 2017-yil 1-sentabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, mazkur markaz loyihasi bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining “Biz ajdodlarimiz bilan doimo faxrlanib kelganmiz. Shunday ekan, o‘zimiz ham ularga munosib bo‘lishimiz kerak. Tashkil etilayotgan markazda ham buning uchun barcha sharoitlarni yaratish, yetuk olimlarni jalb qilish lozim. Mazkur sohaga oid adabiyotlarni jamlash, chet ellarda bo‘lsa, yurtimizga olib kelish choralarini ko‘rish zarur. Bu yerda saboq beradigan o‘qituvchilar bilimi va saviyasiga alohida e’tibor qaratish darkor”, degan so‘zlari ilm ziyosiga talpingan ne-ne qalblarga o‘zgacha harorat, ilhom va shijoat bag‘ishlagan edi. Xo‘sh, hozirgi kunda markazda nima ishlar qilinmoqda?

– Ayni paytda ushbu markaz qurilishi maydonida davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi markaz rahbari Shoazim Minovarov. – Mazkur qaror asosida Toshkent shahrining qadimiy dahalaridan biri Hazrati Imomda to‘qqiz gektar joyda markaz binosiga tamal toshi qo‘yildi. Qurilish zamonaviy me’moriy yechimlar asosida hamda sharq an’analari bilan uyg‘un tarzda amalga oshirilmoqda. Ilmiy-ma’rifiy taraddud borasida aytadigan bo‘lsak, kelgusida markazda dunyo bo‘yicha har qanday ilmiy va tarixiy nuqtai nazardan kamyob hisoblangan manbalar saqlanadi. Bugungi kunda Qur’on zalining o‘zida 30 ga yaqin qo‘lyozma bor. Zal o‘rtasidagi shisha qutiga Hazrati Usmon mus’hafi joylashtiriladi. Mutaxassislar bu qutini billurdan yasash bo‘yicha taklif bildirmoqda. Kuni kecha XVI asrda ko‘chirilgan yangi qo‘lyozmani qabul qilib oldik. Qur’on qo‘lyozmalari kolleksiyasida hatto boburiy malikalar uchun maxsus ko‘chirilganlari ham bor.

Prezidentning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori markaz faoliyatidagi eng ustuvor yo‘nalish – qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlarni munosib saqlash, restavratsiya qilish, ularning davlat reestrini tuzish hamda ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish kabi muhim vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Qarorga muvofiq, endi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qadimiy yozma manbalar davlat reestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi. 

Markaz bosh ilmiy xodimi Umid Mahmudovning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi davlat reestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilandi va amaldagi shtat birliklari doirasida bu reestrni yuritish uchun mas’ul o‘nta xodimdan iborat bo‘lim tashkil etilmoqda. Yurtimizda qayerda saqlanishidan qat’i nazar, barcha qo‘lyozmalar shu reestrga kiritiladi va u ana shu qo‘lyozmalarning xususiyatini, mazmunini o‘zida qisqacha aks ettirgan hujjat bo‘ladi. Qayerda saqlanishi, mavzusiga muvofiqligiga, yiliga, xronologiyasiga amal qilgan holda maxsus kolleksiya shaklidagi kataloglar tuziladi, ularning elektron nusxasi olinadi va barcha ilmiy-tadqiqot institutlari elektron resursiga joylashtiriladi.

Hujjat asosida Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida qadimiy yozma manbalarni konservasiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi ochilmoqda. Qayd etish joizki, laboratoriyani tashkil etish va fuqarolik huquqi asosida jalb qilinadigan usta-mutaxassislarga haq to‘lash xarajatlari Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

– Bino uch qavatdan iborat, – deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Saidkomil Xolxo‘jayev. – Umumiy foydalanish maydoni 42 ming kvadrat metr bo‘lgan juda ulkan hududda qurilish qizg‘in ketmoqda. Bu yerda muzeydan tashqari kutubxona, anjumanlar saroyi, o‘quv binolari, Xalqaro islom akademiyasi binosi, ilmiy-tadqiqotlar markazlari tashkil etiladi. Majmua ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan havorang gumbazning balandligi 67 metr. Uning ostida Hazrati Usmon mushafi o‘rin olgan muzey zali joylashadi. Muzey bo‘limlaridan islom sivilizatsiyasi tarixiga oid turli yo‘nalishdagi mingga yaqin eksponat o‘rin oladi. Markaz yonida 600 ta avtomobilga mo‘ljallangan 2 qavatli avtoturargoh ham qurilyapti.

Bino qurilishida dunyoning taniqli me’mor va dizaynerlarining takliflari o‘rganildi. Jarayonda Sharq me’morligining eng rivojlangan temuriylar davriga oid arxitektura tanlangani e’tiborga molik. Ayniqsa, binoga o‘zgacha dizayn baxsh etadigan 44 ta ravoq tayyorlanishida mutaxassislar alohida izlanishlar olib bormoqda.

Fransiyaning “Vilmott” va “Avesta grupp” kompaniyalari loyihachilari va o‘zbekistonlik olimlar tomonidan tayyorlangan dizaynga asoslangan “Ilm-fan” bo‘limi 225 kvadrat metr sathga ega. Muzey ekspozitsiyasi uchun jami 312 ta eksponat, 20 ta interaktiv o‘yin, 74 ta video va 30 ta ma’lumot bazasi ro‘yxati shakllantirilgan. 

Ushbu markazning bunyodga kelishi bizga nima beradi? Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida bir mulohazani aytib o‘tgan edi. Ya’ni biz islom dini haqiqiy insonparvarlik dini ekanini, ushbu din insonlarni kamolotga yetkazuvchi muqaddas yo‘l ekanini yosh avlod qalbiga singdira bilishimiz kerak. Ana shu ulkan maqsadlar yo‘lida tiklanayotgan bu yuksak va mahobatli binoda amalga oshiriladigan ezgu ishlar va ilmiy-ma’rifiy suhbatlar kelgusida, albatta, o‘z natijasini beradi.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 4-mart, 46-son

Izoh qoldirish