Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda
Xalqimizning suyukli shoirasi Zulfiya ijodi, ibratli fazilatlari, hayotiy qarashlari bilan hali-hamon ko‘pchilik qizlar uchun namuna olishga arzirli ijodkor sifatida yodga olinadi. Har yili mamlakatimizda bahorning ilk kuni O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludi bilan uyg‘un nishonlanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham betakror shoira tavallud kuni keng miqyosda nishonlandi. Dastavval, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari poytaxtimizning Adiblar xiyobonidagi Zulfiyaxonim haykali poyiga gul qo‘yishdi. Shu yerda shoira Zulfiyaxonimning nabirasi va uning adabiy safdoshlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Shundan so‘ng Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Xotin-qizlar bo‘limi, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar”, “Islomshunoslik” hamda “Mumtoz sharq filologiyasi” fakultetlari tomonidan “Davrimiz Zulfiyaxonlari”, ‘Zulfiyaxonim – mehr-muhabbat va sadoqat timsoli” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirlari, davra suhbatlari tashkil etildi.
Unda Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar, iqtidorli talaba-yoshlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Akrom Erkin, Muhayyo To‘laganova, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti Sharofat Tojiboyeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Madina Ma’mirova ishtirok etdi.
Uchrashuvda shoira ijodi va hayotiga oid fikrlar bildirilib o‘tildi. Zulfiyaxonimning adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan ibratli umri haqida so‘z yuritildi.
Shoira ijodidan she’riy va musiqiy chiqishlar, talabalar tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari Muxtasar Karimova, Manzura Sayfiddinova hamda yosh shoira Muslima Rasulova tomonidan she’rlar o‘qildi.
So‘zga chiqqanlar bahorning ilk nafasi, kuni ardoqli shoiramizdan boshlanishini, shoira mehr-sadoqat timsoli ekanini ta’kidlashdi. O‘tgan asrning 30 yillarida o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan shoira otashin she’rlari bilan millionlab adabiyot ixlosmandlarining yuragidan joy olgani, Nodirabegim, Uvaysiy kabi mumtoz shoiralarimizning munosib davomchisi deya e’tirof etilishini qayd etishdi.
Darhaqiqat, shoiraning “Dalada bir kun”, “Tong qo‘shig‘i” nomli she’rlar turkumi, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Kuylarim sizga” to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Shoira “So‘roqlaydi shoirni she’rim”, “Oydin” , “Quyoshli qalam” kabi ocherk va dostonlari, “Semurg‘”, “Zaynab va Omon” dostonlari asosida pyesa va opera librettosini ham yaratgan. Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan bayram tadbiri yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu bilan birga ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Akademiya talabalar turar joyida ham davom etib, talabalar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish