2-mart — Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlgan kun
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1945-yil 24-oktabrda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yalpi xavfsizlikni mustahkamlash orqali tinchlikni ta’minlash jur’ati bilan chiqqan 51 mamlakat tomonidan tashkil etildi. Bugungi kunda jahonning 193 mamlakati BMTning a’zolari hisoblanadi.
Jumladan, 1992-yil 2-mart O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun sifatida mustaqil O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egalladi. Yurtimizda Birlashgan millatlar tashkilotining bir nechta tarkibiy tuzilmalari – Taraqqiyot dasturi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholishunoslik jamg‘armasi, Bolalar jamg‘armasi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston o‘z ovozi va mavqeiga ega bo‘lgan a’zo sifatida BMT oldiga muhim va dolzarb masalalarni qo‘yib kelyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi mamlakatimiz va BMT hamkorligining yangi bosqichini boshlab bergandi.
Shundan so‘ng 2020-yilning 23-sentabr kuni videokonferensiya shaklida o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zlashi va unda ko‘tarilgan dolzarb masalalar keng jamoatchilik va xalqaro maydonda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, 2021-yilning 22-fevral kuni Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi ishtiroki va o‘zbek tilida nutq so‘zlagani O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zaro hamkorligi tobora rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan o‘zaro ko‘p tomonlama hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari sifatida xavfsizlik, boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, Afg‘oniston masalasini tinch yo‘l bilan hal etish, ushbu mamlakatni qayta tiklash, ekologik muammolarni bartaraf qilish, Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hudud sifatida e’tirof etish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish, tarixiy shaxslar va an’analar, me’moriy yodgorliklarni asrash, qayta tiklash kabilarni e’tirof etish mumkin. Bu borada mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasi izchil va faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish