Go‘zallikni kuylagan shoira
1-MART – ZULFIYAXONIM TAVALLUD TOPGAN KUN
XX asr o‘zbek she’riyatida shoira Zulfiya Isroilovaning sermahsul ijod yo‘li, lirik merosi o‘ziga xos ahamiyat va betakrorlikka ega. Shoira she’riyatida tuyg‘ulardagi samimiylik, so‘z sehrining jozibadorligi ijtimoiylik bilan uyg‘unlashgan holda o‘zbek ayoliga xos nazokat bilan tarannum etiladi.
Shoira uzoq yillar “Saodat” jurnalida bo‘lim mudiri, bosh muharrir lavozimlarda ishladi. “Saodat” jurnalining keng jurnalxonlar ommasiga kirib borishida va jurnal saviyasining yuqori bo‘lishida Zulfiyaxonimning mashaqqatli mehnati, sermahsul ijodi beqiyosdir. Turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjondan 29 yoshida ayrilgan shoiraning turmush qiyinchiliklari, hayot mashaqqatlaridan matonati, irodasi bukilmadi. Aksincha, hayotga, yashashga bo‘lgan intilishi uning otashnafas, go‘zal she’rlarida va sermahsul ijodida o‘z ifodasini topdi.
Shoiraning “Hayot varaqlari”, “Qizlar qo‘shig‘i”, “Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida”, “Kuylarim sizga”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Oylar”, “Shalola”, “Tun”, “Hijron”, “Mening Vatanim”, “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Ko‘rganmiding ko‘zlarimda yosh”, “Cho‘pon”, “Lobar qizlarga” kabi she’r va to‘plamlari haqiqiy o‘zbek ayolining go‘zal hamda betakror siymosini yoritib beruvchi boy ma’naviy meros bo‘ldi.
Zulfiyaxonim she’rlarida o‘ziga xos ohang va jozibani ko‘ramiz, ayni damda, inson ruhiy olami uchun ma’naviy poklik tarannumini his qilamiz. Mana, “Rashk” she’rida quyidagilarni yozadi:
Men quyoshli el farzandiman,
Baxtlimanki yoniq nafas yor.
Ishq va hijron olovlaridan,
Omon chiqqan qaynoq dilim bor.
Ushbu misralar shoira qalbining nozik jihatlarini go‘zal tashbeh-u sifatlashlar orqali tasvirlar ekan, kitobxon dunyosiga o‘ziga xos manzara chizadi. Ya’ni “quyoshli yurt farzandi” ekanligi uni o‘tli ishq haroratidan, hijronning achchiq alamlaridan asray oldi. Shuningdek, go‘zal misralarda irodasi mustahkam holda, hayotda uyg‘oq qalb bilan yonib yashashga, alam-u azoblar zahridan chekinmaslikka chorlov borligini anglaymiz.
Yoki “Oydinda” she’rida:
Eh, umr yarmim yutib,
O‘tgan tunlardami ayb?
Endi bu ko‘rkni tutib,
Kunduzga bermasam hayf?
Umrning g‘animatligi, har bir damni qadrlash, yorug‘ kunlarga shukronalik tuyg‘usi shoira qalbining o‘tli harorati edi. Qarangki, hatto lirik qahramon umrining yarmini yutgan tunlarga ayb qo‘yishni istamaydi, aksincha, bu olamni tutgudek shijoat bilan tunlarini kunduzga, yorug‘likka almashadi.
Hayot bilan hamnafas shoira mustaqillik va tinchlikni bebaho ne’mat sifatida qadrlab, urush sira bo‘lmasligini istaydi. “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” deya baralla kuylaydi:
Urush! Noming o‘chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko‘p xonadonda
Ota nomli buyuk shodlik kam.
Garchi ushbu misralar urush yillaridagi insonlar hayotini, ular qalbiga solgan so‘ngsiz alamlarni ifodalagan bo‘lsa-da, ammo bugungi tinch zamonni qadrlashdek buyuk ne’matni yana bir bor yodga soladi va shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadi.
Nihoyat, mustaqillik, hurriyat shabadalaridan bahramand bo‘lgan shoira tinch-osuda kunlarga shukronalik tuyg‘usi bilan yurt, xalq, insonlar baxtiyorligini mazmunli, betakror misralarda yanada jo‘shqin hissiyot bilan yonib kuylaydi. Xususan, “Xotiram siniqlari” dostonida yozadi:
Hurriyat, keldingmi, nahotki kelding!
Kelar yo‘llaringda pinhona toldim.
Mening ota-onam, jon Vatanimda,
Elim taqdirida abadiy qolding…
Lirik qahramon, ya’ni shoira istiqlol, hurriyat kelishini intizor kutadi va bu yo‘lda pinhona (mustabid davrda ozodlikka intilish va kuylash hissi – muallif) “toladi”, nihoyat, istiqloldan shodlanadi va bu hurriyatni ota-ona, Vatan va el hayoti, taqdiri uchun abadiy qolishini istaydi.
Umuman, Zulfiyaxonimning lirik merosi boy va rang-barangdir. Unda ijtimoiy voqelik, insoniy munosabatlar, insonning qalb tug‘yonlaridan tortib, o‘zbek ayolining bukilmas irodasi, yashashga, hayotga, insonlarga bo‘lgan cheksiz muhabbati, vafo-yu sadoqati kabi pokiza tuyg‘ular tarannumini ko‘ramiz.
Muxtasar aytganda, Zulfiya Isroilova – XX asr o‘zbek she’riyatining yorqin kuychisi sifatida har bir o‘zbek ayoli uchun sadoqat, vafo va samimiyat timsoli bo‘lib, mangu yashayveradi.
Lola AZIMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti
Izoh qoldirish