446

Muazzam Sharq namoyondir sening pokiza joningda

1-MART – O‘ZBEKISTON XALQ SHOIRI ZULFIYA TAVALLUD TOPGAN KUN

Ba’zan kim haqidadir, nima haqidadir to‘lib-toshib aytilgan, yozilgan alqashlarni eshitsak yo o‘qisak: “Juda mubolag‘a qilibdi” yo “Biroz oshirib yuboribdi”, deymiz. Ammo akademik shoir Gʻafur Gʻulomning Zulfiyaxonim madhiga aytgan, odamlar orasida ommalashib ketgan “Muazzam Sharq namoyondir sening pokiza joningda” satrlariga ko‘zimiz tushsa, juda topib aytibdi, deymiz. Aslida Zulfiyaxonimning “vafo va sadoqat timsoli”, “mehribon ustoz”, “talabchan rahbar” kabi biri-biridan chiroyli sifatlarining hammasi o‘ziga yarashadi. Lekin “pokiza”ning o‘rni baribir bo‘lakcha...

Chindan ham, ustozimizning suvrati-yu siyratidagi pokizalik havas qilarli, ibrat qilib ko‘rsatishga arzirli edi. Bizningcha, halollik pokizalikning asosi hisoblanadi. 

Bu dunyoda uncha-muncha yoshni yashab qo‘yib ko‘ryapmizki, jamiyatga, xalqqa Zulfiyaxonim qilgan xizmatning yarmini ham ko‘rsatmagan ba’zi kimsalar kimgadir yaxshilik qilsa, albatta, evaziga nimadir ta’malanadi. Ichidagina ta’ma qilib qo‘ya qolmay, odamlarga:

– “Oldi-berdi”ligi yo‘q ekan, past ekan, ikkita non bilan yo‘qlab kelmadi, men undoq qilgandim, bundoq qilgandim, – deb gapirib yuradi. Zulfiyaxonim shogird qizlarga “Menga bolalaringizning rizqidan qirqib, hech narsa olib kelmanglar”, deya qattiq tayinlardi. Hatto tug‘ilgan kunida guldastadan boshqa tuhfa olib borilsa, ranjirdi. “Saodat” jurnali xodimlari xizmat safariga otlansa, ayniqsa, ishni endi boshlayotgan bo‘lsa: 

– Siz borgan joyingizga mehmonga, o‘zingiz bo‘lib borayotganingiz yo‘q, “Saodat” jurnalidan vakil bo‘lib boryapsiz. Bitta nojo‘ya so‘z aytsangiz, hammamizga dog‘ tushirgan bo‘lasiz. Shuning uchun ehtiyot bo‘lib, aql bilan ish qiling. Agar ta’magirlik qilsangiz, bu haqdagi gapso‘zlar sizdan avval tahririyatga yetib keladi, keyin xafa bo‘lib qolasiz, – deb tayinlardi.

Qo‘lyozmalarini tahririyat mashinistkasiga ko‘chirtirar edi. Agar bu qo‘lyozma “Saodat”dan boshqa nashr yo kitob uchun bo‘lsa, albatta, ko‘chirish haqini berardi. Ba’zi boshliqlarga o‘xshab: “Ish vaqtida yozdi-ku, oylik olyapti-ku”, demas edi. Hatto bir gal “Muhabbat (tahririyat matn ko‘chiruvchisi) yangi kitobimni ko‘chirdi, men so‘rasam, xijolat bo‘lib, to‘g‘risini aytmasligi mumkin. Boshqalardan so‘rab ko‘rchi, hozir matn ko‘chiruvchilar sahifasiga qanchadan olayotgan ekan?”, degan.

Bilib kelib aytsam, Muhabbatga hamma qatori haq to‘lagan. Faqat shogirdlar davrasida emas, katta ko‘lamlarda ham shunday yo‘l tutardi. Masalan, xalqaro “Nilufar” mukofotiga sazovor bo‘lganida o‘ziga tegishli mablag‘ni Tinchlik jamg‘armasiga o‘tkazib yuborgan ekan. Oliy Majlisga (u paytlarda boshqa nom bilan atalgan) deputat bo‘lib saylanganida deputatlik maoshini ko‘p hollarda o‘z saylovchilari ehtiyojiga sarflagan. Turli sanalar munosabati bilan o‘tkaziladigan uchrashuv yoki hisobot majlislariga borishdan ancha avval Toshkent viloyatidan o‘ziga ishonchli vakil bo‘lgan kishilarga:

– Menga ehtiyojmand, muammoli oilalarning ro‘yxatini qilib bering, – der ekan va o‘sha ro‘yxat asosida ro‘zg‘orda kerak bo‘ladigan buyumlar yoki ayollar, kichkina bolalarga kiyimlar sotib olib tarqatgan. Hadyalar ko‘ylaklik matodan tortib kir yuvish mashinasigacha bo‘lgan. Men bu xotiralarni opa deputat bo‘lgan o‘sha paytlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida rahbarlik lavozimida ishlagan Mahkam Kamolov xotiralarida o‘qiganman. O‘qish, eshitishdan tashqari, o‘z hayotimda ro‘y bergan bir voqeani o‘rni kelganida aytib bergim kelyapti. Tavalludiga sakson yil to‘lishi munosabati bilan Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida 3 tomli saylanma asarlari chop etiladigan bo‘ldi. Birinchi, ikkinchi tomlari oson tayyorlandi, uchinchisi publitsistik asarlar bo‘lgani bois, o‘sha vaqt nuqtai nazaridan har bir maqolani ko‘rib chiqish kerak edi. Nashriyot qistayotgani uchun men o‘z hisobimdan ta’til olib, opaga yordamlasha boshladim.

Men o‘qirdim, opa divanda o‘tirgan ko‘yi tahrir qilardi (opa betobroq edi). Kunlarning birida: 

– Yozuvlar – seniki. Qachondir qaysi bir tadqiqotchi bu qo‘lyozmalarni o‘rgansa, “Zulfiyaxonimning maqolalarini kimdir tahrir qilgan ekan”, deydi-da, – deb qoldi.

Men: “Agar ko‘nglingiz g‘ashlanayotgan bo‘lsa, har bir sahifaning ostiga tahrirlar o‘zingizniki ekanini bildiradigan belgi qo‘ying” dedim. 

Shunday qilgachgina, ko‘ngli tinchidi. Bunday qaraganda, undan keyingi qaysi bir tadqiqotchining o‘zi haqida nima deb o‘ylashining qizig‘i yo‘q emasmi? O‘sha paytdagi mavqei, maqom, martabasi ba’zi ayollarda bo‘lsa, “Mendan keyin dunyoni suv bosmaydimi?” der edi, ehtimol. Lekin Zulfiyaxonim shunday inson ediki, mehnat, mehr bilan qozongan izzat-obro‘siga hayotligidayam, keyin ham g‘ubor qo‘nishini istamasdi.

Insonning pokizaligini namoyon etuvchi jihatlardan yana biri kiyinishi, pardoz-andoz... 

Opa bilan men 65 yoshidan keyin yuzma-yuz bo‘lganman. Avvalgi ko‘rinishini faqat rasmlardan bilaman. U hamisha o‘ziga yarashiqli, ayni paytda nihoyatda did bilan kiyingan. Boshdan oyog‘ini nechog‘liq sinchkovlik bilan kuzatsangiz ham o‘zidan itaradigan biror nuqson topa olmasdingiz. Ulug‘ yoshida nihoyatda sipo kiyinardi. Hech qachon “chaqiruvchi” ranglardagi matolardan libos tiktirmasdi, ortiqcha pardoz-andozga ham hushi yo‘q edi. Hozirgi paytda yoshi yetmishdan oshsa-da, kalta, tor yubka kiyib, qoshlarini, lablarini bo‘yab yurgan ba’zi ayollarni ko‘rsam, yagona ziynati barmog‘idagi feruza ko‘zli uzuk bo‘lgan ustozimiz ko‘z oldimga keladi. Holbuki, shoiraning davlati o‘ziga yetarli edi. Lekin u “Elga kirsang, elingcha bo‘l” naqliga amal qilardi. Chunki huzuriga kuniga o‘nlab ayollar kelardi, o‘zi uchrashuvlarga borardi. Aksariyatining ko‘nglida kamlik bo‘lar, ko‘zida yosh, tilida arz bilan kelgan xotin-qizlarning oldida yarqirab o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmasdi.

Qolaversa, 50-60-yillardan boshlab Zulfiyaxonim shoira, jurnal bosh muharriri, jamoat arbobi sifatida faqat respublikamizda emas, qardosh mamlakatlar, hatto dunyo minbarlarida ham o‘zbek ayoli nomidan so‘z aytgan, she’r o‘qigan. Juda katta davralarda o‘tirgan, ulug‘ insonlar bilan suhbatdosh bo‘lgan. Ularning orasida o‘z davlatining arboblari qatori Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Sulaymon Rustam kabi taniqli yozuvchi, shoirlar ham bo‘lgan. Men ularning ustozga yozgan xatlari, turli sanalar munosabati bilan yozgan tabriknomalarini o‘qiganman. Yozuvlarida onasiga bo‘lganday mehr, opa-singlisiga bo‘lgandek g‘amxo‘rlik ohanglari ko‘rinib turadi. Shu qadar samimiy xatlar... Agar ustozimiz o‘sha katta davralarda salgina bo‘lsa-da, odob doirasidan chiqqanida, salgina bo‘lsa-da, o‘zbek ayoliga yarashmagan nimadir qilganida bu ehtiromlar qayoqda edi?! Men qandaydir munosabat bilan borib qolgan (kichik davralarda, albatta) davralarimda ayrim ayollarni ko‘rsam, ustozimizning ayol sha’ni, o‘zbek ayoli sha’ni, millat sha’niga qanchalar mas’uliyatli munosabatda bo‘lganini sezaman. Zulfiyaxonim faqat o‘zining emas, umuman, inson sha’nini ham baland tutardi.

Eshitganim bor: bir idora rahbari pastroq vazifada ishlaydigan xizmatchisini hafta sayin uyiga olib ketarkan-da, xonadonida (uzr-ku) nevarasining tuvagigacha tozalatar ekan. Bir marta sal og‘ringanida: “Sening ishingga zor odamlar mingta, agar uyimda ishlashni xohlamasang, arizangni yoz!”, degan ekan.

Biz ham Zulfiya opamning uyiga borib yurardik. Lekin biror marta uy ishlarini buyurish tugul, iltimos ham qilmasdi. Ovqatlarini Hulkar opam yo Rioya kelinoyim tayyorlab berardi. Hatto katta mehmondorchiliklar payti:

– Sizlar shoira qizlarimsizlar, peshband taqib, uy xizmatchilariga o‘xshab, mehmonlar oldiga chiqmang. Chiroyli kiyinib, sochlaringni tarab, mehmonlar oldida, mening yonboshimda o‘tiringlar, – derdi. Aytganlarini qilganimizda, davradagi nufuzli mehmonlarga bizni birma-bir tanishtirar, qaysi bir satrimiznidir yod aytar, yo biror fazilatimizni ajratib ko‘rsatardi. Biz shu tarzda nufuzli insonlar nazdida “Zulfiyaxonim qizlari” bo‘lib o‘rnashib qolardik.

Vaqti kelganda, ana shu narsa bizning yo‘llarimizni ochib yuborardi. 

Ba’zi shoirlarning ijodi shaxsini nurlantirib ko‘rsatadi, ba’zilarining shaxsi ijodini yarqiratib turadi. Zulfiyaxonimning ijodi shaxsiyatidagi halollik, pokizalik, odamiylik bilan yana ham yuksakroq ko‘rinadi. Ustoz bizga “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Shu-da bir yashash”, “Qozog‘iston turkumlari”, “Xotira siniqlari” kabi go‘zal asarlari qatori juda ko‘p shaxsiy ibrat qoldirdi. Bizga shunday unutilmas ibratlar qoldirgani uchun minnatdor bo‘laman, haqiga duolar qilaman. 

Bugun adabiyot maydonga guros-guros yoshlar kirib kelyapti. Ularning orasida qizlar, ayniqsa, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga da’vogarlar ko‘p. Zulfiyaxonimning shoiraligi, ustozligi, xalq ichidagi mavqeiga havas qilishdan oldin biz u kishining pokiza suvrati va siyratiga havas qilishimiz kerakka o‘xshaydi. 

Bu xotira-yu xayollar aro bitayotgan bitigimning ham asl muddaosi shu: millatimiz ma’naviyatining asosi hisoblangan pokizalik faqat xotiralar, suvratlarda qolmasin, o‘zimiz, bugunimiz, kelajagimizda yashasin.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 26-fevral, 42-son

 

 

Izoh qoldirish