505

Qoʻlyozma manbalar tadqiqotida yangi davr boshlandi yoxud koʻhna maʼrifat oʻchogʻidagi yorugʻ sahifalar

MUNOSABAT

Muqaddas zaminimiz azaldan ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Allomalarimiz qoldirgan ulkan ilmiy merosning maʼlum bir qismi, garchi turli bosqinlar davrida nobud qilingan, olib ketilgan boʻlsa-da, hozirgi kungacha yetib kelganlarining sanogʻi ham kishini hayratga soladi. Chorak asrki, mazkur noyob xazinani asrash va oʻrganish ishtiyoqida izlanishlar olib borayotgan olim, filologiya fanlari doktori Aftondil ERKINOVni suhbatga chorlar ekanmiz, tadqiqotchining mana bu soʻzlarini muqaddima sifatida tanladik:

“Oʻzbek mumtoz adabiyotiga, Alisher Navoiy asarlariga boʻlgan mehrim tufayli oʻzimni qiziqtirgan savollarga javoblarni yurtimizda, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlar fondlaridagi qoʻlyozmalarni oʻrgandim va shunday xulosaga keldimki, ajdodlarimiz bizga qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosning kichik bir qismi oʻrganilgan. Hatto Oʻzbekistonning oʻzida mavjud boʻlgan qoʻlyozmalar haqidagi tasavvurlarimiz ham yetarli darajada emas”.

–  Aftondil aka, yaqinda Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalarni oʻqib, siz kabi olimlar va tadqiqotchilar oʻzlarini oʻylantirib yurgan muammolar yechimiga ham navbat yetib kelganligidan xursand boʻldilar. Shunday emasmi?

– Chorak asrdan koʻproq vaqt davomida mumtoz adabiyotimizni, Alisher Navoiy asarlarini tadqiq etish bilan shugʻullanib kelyapman. Afsuski, ajdodlarimizning bizga qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosiga bepisandlik bilan munosabatda boʻlgan ne-ne mansabdor shaxslarni, davrlarni ham koʻrdim. Bir necha yillar avval ustozlarimizdan biri masʼul shaxslarga murojaat qilib, yurtimizda mavjud boʻlgan barcha qoʻlyozmalar miqdorini aniqlaylik, ularga doir maʼlumotlarni bir markazga jamlaylik, deganida uning fikrlariga eʼtibor qaratilmagandi. Hozirgi kunda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda Oʻzbekiston bilan bogʻliq qanday qoʻlyozmalar borligini oʻrganishga boʻlgan qiziqishning ortib borayotgani koʻnglimizda oʻzgacha xotirjamlik va quvonch uygʻotmoqda.

Mamlakatimizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining tashkil etilishi oʻzbek zaminida tavallud topib, ilmiy faoliyat olib borgan buyuk alloma va mutafakkirlarning noyob merosini ilmiy tadqiq etish va uning natijalaridan amaliy foydalanishda yangi bosqichni boshlab berdi. Bunday xalqaro maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar va ilmiy-tadqiqot markazlarining ochilishi chindan ham tarixiy voqeadir.

Mazkur markazlar Uchinchi Renessans poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-maʼrifat maskanlari boʻlishi, shubhasiz. Avvalo, shuni aytib oʻtmoqchimanki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish gʻoyasi xalqimizning uzoq yillik orzusi, qolaversa, dunyo musulmonlariga bildirilgan yuksak hurmat-ehtirom ramzi boʻldi. Aslini olganda yurtimizdan chiqqan olim-u fuzalolar nafaqat Islom sivilizatsiyasiga, balki jahon tamadduniga ham oʻzlarining ilm-maʼrifati bilan juda katta hissa qoʻshgan. Mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan bitib ketilgan koʻplab asarlar bugungi kunda jahonning turli nuqtalarida joylashgan muzeylarda saqlanmoqda. Buxoriy va Termiziy tufayli butun dunyo, jumladan, oʻzbek xalqi ham hadislardan bahramand boʻlib kelmoqda. Yurtimizga tashrif buyurayotgan musulmon davlatlari elchilari bilan koʻrishganimizda, ularning birinchi tilaklari ham Imom Buxoriy haqida tinglash, bilish va ziyoratlarini qilish boʻladi.

–  2020-yili Madaniyat vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reestri”ning 1-jildi nashr etilgani kelgusida noyob merosimizni oʻrganuvchi yosh tadqiqotchilarga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi, desak adashmagan boʻlamiz, shunday emasmi?

– Gʻoyat oʻrinli gap boʻldi. Siz qayd etgan Markaz hozirda Turizm va madaniy meros vazirligi tarkibida faoliyat yurityapti. Bu yerda 2019-2022-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reestrini yaratish, nodir qoʻlyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” mavzusida Innovatsiya vazirligi tomonidan berilgan loyiha mavjud. 2020-yili loyiha doirasida “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri”ning 1-jildi nashr etilgandi. Loyiha boʻyicha endilikda ushbu reestrning 2- va 3-jildlari ham nashrga tayyorlab qoʻyilgan va ular shu yili chop etiladi, degan umiddamiz. Ayni reestr oʻzbek, ingliz va rus tillarida tuzilgan boʻlib, Oʻzbekiston va xorijdagi olimlar, yosh mutaxassislarga yurtimiz tarixini oʻrganishda katta yordam beradi. Reestr ustida ishlash munosabati bilan xorij fondlaridagi hozirgacha ilmiy jamoatchiligimizga maʼlum boʻlmagan oʻnlab qoʻlyozma asarlar topildi va yangi xulosalarga kelindi. Masalan, Ibn Sino asarlari qoʻlyozmalari Turkiyadagi fondlarda mingdan ortiq nusxada mavjudligini bilib oldik. Yoki boʻlmasa, Imom Buxoriyning yuzlab qoʻlyozmalari arab tilli mamlakatlar kutubxonalarida saqlanishi aniqlandi. Mazkur jarayonda allomalarimiz merosi dunyo boʻylab juda keng tarqalganiga yana bir bor ishonch hosil qildik.

– Yaqinda Turkiyaning Anqara shahrida sizning Navoiy ijodiga oid oʻzbek tilidagi maqolalaringiz toʻplami chop etildi. Ushbu toʻplamni nashr etish jarayonida turkiyalik navoiyshunoslar oʻzbekistonlik tadqiqotchilarning izlanishlarini qanday baholadi?

– Xorijda olib borgan ilmiy izlanishlarim davomida shunga guvoh boʻldimki, XX asrda Navoiy ijodi koʻproq Rossiyada oʻrganilgan. Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin dunyo qoʻlyozma fondlari va kutubxonalari bilan tanishish imkoniyati ancha kengaydi. Chunonchi, xorijiy navoiyshunoslik bilan bogʻliq tadqiqotlar ichida Turkiya Navoiy ijodiga bagʻishlangan tadqiqotlari bilan yetakchilik qilishiga guvoh boʻldim. Shu bois, Navoiy ijodi va asarlari qoʻlyozmalariga oid yozgan maqolalarimni toʻplab, Turkiyada nashr ettirdim. Ularning fikrlari umuman olganda ijobiy. Aniqrogʻi, turklarning Alisher Navoiy ijodiga qiziqishi juda katta. Ular Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlab oʻzbek tadqiqotchilarining kitoblarini nashr etish istagida ekanini bildirganida quvondim. Anqaradagi “Akchagʻ yayinlari” nashriyoti Navoiy ijodiga bagʻishlangan “Navoiyni anglash sari” nomli kitobimni 500 adadda oʻz hisobidan nashr qilib, dunyo kutubxonalariga tarqatdi. Turkiyada ilmiy faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz, navoiyshunos olim, doktor Saidbek Boltaboyev kitobimni chop etishda katta yordam berdi.

–  2006-yildan Angliyaning Kembrij shahrida joylashgan “Islom davri qoʻlyozmalari” xalqaro ilmiy tashkiloti (TIMA), 2015-yildan AQSHning forsiy tillilar jamiyatini oʻrganish ilmiy assotsiatsiya (ASPS) hamda 2017-yildan AQSHning Markaziy Osiyo tadqiqotlari ilmiy jamiyati (CESS) aʼzosi sifatida koʻplab xalqaro ilmiy konferensiyalarda oʻz maʼruzalaringiz bilan ishtirok etgansiz. Oʻzbekiston va uning tarixi bilan bogʻliq manbalar koʻproq yana qaysi davlatlarda oʻrganilmoqda?

–  Oʻzbekiston va uning tarixi bilan bogʻliq manbalar dunyoning koʻpgina mamlakatlarida katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda. Germaniya, AQSH, Fransiya, Yaponiya birlamchi, yaʼni qoʻlyozma kitoblar va ularning nashrlarini oʻrganish jihatidan yetakchilik qiladi. Ushbu davlatlarda qoʻlyozma manbalarni oʻrganishga ehtiyoj katta. Ayniqsa, Germaniya va Yaponiya tadqiqotchilari OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanuvchi qoʻlyozmalar fihristini tuzish ishlarida yetakchilik qilmoqda.

Oʻrni kelganda shuni ham taʼkidlash kerakki, Yevropa davlatlarida bizning adabiyotimiz, tariximiz bilan bogʻliq anchagina qoʻlyozmalar saqlanmoqda. Masalan, men Saʼdiy Sheroziy qalamiga mansub “Guliston” asarining fanga nomaʼlum boʻlgan yangi nusxasi Berlin Davlat kutubxonasida saqlanayotganini aniqladim. Hozirda uning matni eski oʻzbek yozuvidagi asliyatini koʻrsatuvchi faksimile – fotonusxasi va joriy yozuvimizga oʻgirilgan koʻrinishida nashr qilinish arafasida. Demak, xorijda hali biz oʻrganmagan koʻplab qoʻlyozmalarimiz mavjud.

–  Manbashunos olimlarning taʼkidlashicha, shu kungacha yurtimizda qoʻlyozma asarlarni restavratsiya qilish bilan shugʻullanadigan maxsus mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilmagan ekan…

–  Shu bois, biz soʻz yuritayotgan qarorda ayni muammoga yechim boʻladigan vazifalar belgilangan. 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Men chet davlatlarga borganimda shu narsaga guvoh boʻldimki, qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish ishlari qoʻlyozma fondlarining alohida bir katta vazifasi hisoblanar ekan. Umuman olganda, qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish, ularni konservatsiya qilish, yaʼni bor holicha saqlab qolish masalasi hamisha dolzarb hisoblangan. Ustozimiz, professor Qosimjon Sodiqov bir vaqtlar “Agar biz qoʻlyozmalarni oʻrganmagan taqdirda ham ularni boricha saqlab, keyingi avlodlarga yetkazib bera olsak, katta bir muhim vazifani bajargan boʻlamiz”, degan edi. Bu juda toʻgʻri fikr. Chunki ming yillar davomida asrab kelingan noyob merosimizni buyogʻiga ham avaylasak va qadriga yetsak, kelajak avlod oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi.

Qoʻlyozma manbani saqlashning oʻziga xos talablari va xalqaro meʼyorlari bor. Ushbu manbaning barcha qismlari tabiiy ashyodan boʻlgani bois, uni maxsus harorat, yorugʻlik va quyosh nuridan keladigan ultrabinafsha nurlaridan himoyalash zarur. Bu manbalarning bizdan keyin yana ming yillar saqlanib turishini taʼminlaydi.

Yurtimizdagi fondlarning restavratsion laboratoriyasida asosan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchilari faoliyat yuritadi. Lekin u yerda ham qoʻlyozma asarlarni restavratsiya qiluvchi maxsus yoʻnalish yoʻq. Shu maʼnoda, bu yoʻnalishda milliy kadrlar yetishtirish muammo boʻlib kelayotgan edi. Yaqinda OʻzRFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondining restavratsiya boʻlimi xodimlari bilan suhbatlashdim. Ular hozircha bu borada ustoz-shogird tizimi asosida bakalavr va magistrlarni fondga jalb etib, mutaxassis tayyorlab kelayotgan ekan.

Tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilishda, avvalo, konservatsiya amaliyoti, yaʼni qogʻozni mustahkamlash amaliyoti bajariladi. Keyin qismlarni butlash uchun maxsus yapon qogʻozidan foydalaniladi. Bu xodimdan katta masʼuliyat talab etadi. Shuning uchun ham tajribaga ega, malakali, sinovlardan oʻtgan xodimlarga asl nusxadagi manbalar beriladi.

Odatda skaner boʻlimida 20 ta mutaxassis ishlashi kerak. Mazkur fondda esa 3 kishi ishlayapti. Koʻrinib turibdiki, restavratsiya jarayonida kadrlar masalasi birinchi oʻrinda. Oddiy mutaxassis bu jarayonda ishlab keta olmaydi. Qaysidir darajada qoʻlyozma manbani bilishi talab qilinadi.

– Qarorda ikki oy muddatda jismoniy va yuridik shaxslardan qadimiy yozma manbalarni xarid qilish, ularni davlat tasarrufiga topshirish mexanizmini ishlab chiqish borasidagi muhim vazifalar belgilangan. Negadir keyingi paytlarda noyob qoʻlyozmalarni oʻz yurtimizda istiqomat qilayotgan jismoniy shaxslardan izlab topish va ularni oʻrganish borasida jon kuydirayotgan tadqiqotchilar haqida eshitmay qoʻydik…

– Shunday davrlar boʻldiki, qoʻlyozma manbalarni uyida saqlagan shaxslarga nisbatan juda yomon munosabatda boʻlindi. Qoʻlyozma va undagi har bir asarda faqatgina diniy asar targʻibotini koʻrgandek boʻlishdi va shu munosabat bilan uyida noyob merosimizni kutubxona shaklida asrayotgan odamlar yomonotliqqa chiqarildi. Har qancha taʼqiblarga qaramay, tariximizdan dalolat berguvchi yorugʻ sahifalar fidoyi yurtdoshlarimiz tomonidan asrab qolindi. Haligacha aholi oʻrtasida saqlanayotgan qoʻlyozma manbalarni yigʻib olish, xarid qilish ularni davlat hisobiga oʻtkazish kerakli jarayon. Agar ushbu manba uy sharoitida saqlansa, vaqt oʻtgani sayin sifatini yoʻqotib boraveradi. Shu bois, aholidan qoʻlyozmalarni sotib olish va ularni davlat tasarrufiga oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni kuchaytirish oʻrinli.

Aslida yurtdoshlarimiz qoʻlida muayyan miqdorda noyob qoʻlyozmalar, bosma nashrlar saqlanadi. Hatto tarixiy hujjatlar, xonlarning yorliqlarini ham topshirishyapti. Agar ayni mavzuda roliklar tayyorlanib, tez-tez telekanallarda va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilsa, yurtdoshlarimiz bu jarayonga eʼtiborsiz boʻlmas edi. Aynan OʻzRFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi aholidan imkon qadar yuqori qiymatlarda sotib olishga harakat qiladi. Qoʻlyozma uchun eng kam ish haqining 15 barobari boshlangʻich narx sifatida beriladi. Qoʻlyozmaning koʻchirilgan davri, bezagi, ilmiy ahamiyatiga qarab uning narxi oshib boraveradi.

– Qarorda Internet jahon axborot tarmogʻida yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi borasida ham soʻz yuritilgan. Mazkur portalni tashkil etish jarayonida qanday taklif va mulohazalarni oʻrtaga tashlashingiz mumkin? Bu borada qaysi xorijiy davlat tajribasidan foydalanish oʻrinli deb bilasiz?

– Ilmiy-maʼrifiy portal yaratilishini biz, tadqiqotchilar orzu qilar edik. Axir internet asrida yashayapmiz. Menimcha, bu portal oʻzbek, ingliz va rus tillarida yaratilsa kerak. Xorijda ilm-fan, adabiyot va sanʼatni targʻib qiladigan koʻplab ilmiy-maʼrifiy portallar, institutlar bor. Masalan, Toshkentdagi Gyote institutining asosiy maqsadi nemis tilini oʻrgatish, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Germanshunoslar, talabalar, umuman, barcha qiziquvchilar institut oʻquv zalida nemis tilidagi kitoblarni mutolaa qilishi, Germaniya davriy va vaqtli matbuot nashrlari bilan tanishishi mumkin. Kimda nemis tilini oʻrganishga ishtiyoq paydo boʻlsa, bu yerdagi kurslarda tahsil olish imkoniyati bor. Fransiyaning Gyugo nomidagi madaniyat markazi esa fransuz tilini va fransuz madaniyatini targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Biz ham kelgusida ana shunday vazifalarni bajaruvchi markazlarni, ilmiy-maʼrifiy portallarni ishga tushirishimiz zarur. Axir hozirgi kunda eng yaxshi targʻibot usuli internet tarmogʻi boʻlib qolmoqda. Ilmiy-maʼrifiy portalga yurtimiz tarixi, ajdodlarimiz ilmiy va ijodiy faoliyati bilan bogʻliq rasmlar, qoʻlyozmalar haqidagi videolavhalar, tarixiy hujjatlarni joylashtirib borsak, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Mobil ilova yaratilishi ham juda oʻrinli. Masalan, uyali telefondan foydalanayotgan yosh bolalar madaniy-maʼnaviy merosimiz haqidagi maʼlumotlarni yoʻl-yoʻlakay koʻrib oʻtsa ham, hech boʻlmasa, nomini eslab qoladi. Agar u yerda rasmlar va miniatyuralar boʻlsa, farzandlarimizning ushbu sahifalarga boʻlgan qiziqishi yanada oshishi mumkin.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 22-fevral, 38-son

Izoh qoldirish