417

Yozma manbalar – bebaho boylik

MUNOSABAT

Mamlakatimizda qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim qadam boʻldi.

Qarorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish boʻyicha masʼul davlat muassasalari etib belgilangan. Shuningdek, bu tashkilotlar qadimiy yozma manbalar davlat reestrini shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish nodir manbalar hisobini yuritadi, yoʻqolishining oldini oladi.

Ayni paytda yozma manbalar va hujjatlarni raqamlashtirib, asl nusxalari bilan birga kelgusi avlodga yetkazish imkoniyati paydo boʻladi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan Fargʻona vodiysi, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻistonga uyushtirilgan arxeografik ekspeditsiyalar natijasida 80 ta tashkilotda arab imlosidagi 43081 ta qoʻlyozma, 70323 ta bosma kitob va 42870 ta tarixiy hujjat saqlanayotgani aniqlandi va ularning holati birlamchi monitoring qilindi. Mazkur qaror esa bu boradagi ishlarni nihoyasiga yetkazish imkonini beradi.

Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasini yaratish, uni zamonaviy texnik jihozlar, butlovchi materiallar va malakali kadrlar bilan taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shugʻullanayotgan soha xodimlarining kasbiy salohiyati va malakasini oshirish hamda bu borada muntazam ravishda bakalavr va magistrlar tayyorlash koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik taʼlim yoʻnalishi hamda mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratiladi. Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, filologiya va tillarni oʻqitish (mumtoz filologiya) taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklari boʻyicha talabalarning oʻquv jarayoni, amaliyoti, diplom ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari Sharqshunoslik instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi va boshqa qoʻlyozma fondlarida sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar ishtirokida oʻtkaziladi. Bu talabalarning kasbiy tayyorlik darajasi, bilim va koʻnikmalari oshishiga koʻmaklashadi. Shuningdek, qarorda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi matnshunoslik va adabiy manbashunoslik taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanishi belgilangan.

Bir soʻz bilan aytganda, qarorda yuqori malakali yetuk kadrlar tayyorlashning barcha bosqichi qamrab olingan. Darhaqiqat, qoʻlyozmalarni asrab-avaylash, ularni tadqiq etish va kelgusi avlodga yaxshi holatda yetkazishda malakali kadrlarga ehtiyoj katta.

Ushbu qarorning oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, unda ilk bor mamlakatimiz hududida yashab oʻtgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yanada ommalashtirish, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni zamonaviy usullar orqali jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, mazkur yoʻnalishda olib boriladigan tadqiqotlar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmogʻida yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasini ishga tushirish lozimligi qayd etilgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida birgina 2021-yilda 60 dan ziyod monografiya, shulardan 12 tasi xorijda (Rossiya, Turkiya, AQSH, Iordaniya, Qozogʻiston, Tojikiston, Ozarbayjon) rus, turk, ingliz, arab, qozoq, tojik va ozarbayjon tillarida nashr etildi. Bundan tashqari, Gerda Henkel (Germaniya) fondi homiyligida 2008-2016-yillarda institutning asosiy fondidagi 13300 jild qoʻlyozmaning ingliz tilidagi elektron katalogi yaratildi. 24 000 dan ortiq ilmiy tavsif va 36 000 fotokadrdan iborat ushbu katalog institutning internetdagi veb-saytiga joylashtirildi. Bugun dunyoning xohlagan mintaqasidagi tadqiqotchi institutning veb-saytiga kirib, ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosi haqidagi ana shu maʼlumot bilan yaqindan tanishish va buyurtma berishi mumkin. Mazkur qaror esa bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga qulay zamin yaratadi.

Shuningdek, ushbu meʼyoriy hujjatda Sharqshunoslik instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi UNЕSCO, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini tadqiq etish markazi (IRCICA) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda anʼanaviy tarzda qadimiy yozma manbalarni muhofaza qilish va tadqiq etishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani tashkil etishi alohida qayd etilgan.

Shu oʻrinda aytish joizki, Sharqshunoslik instituti tomonidan qadimiy yozma manbalarni muhofaza qilish va tadqiq etishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan bunday xalqaro anjumanlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday anjumanlardan biri oʻtgan yili oʻtkazilgan edi. Bu anjuman ilmiy akademik darajani koʻtarishga vosita boʻldi.

Anjumanda Oʻzbekiston va dunyoning turli mamlakatlaridan 120 nafar tadqiqotchi ishtirok etdi. Konferensiyaga taqdim qilingan materiallar “Oʻzbekistonda islom madaniyati, tarixi va sanʼatini oʻrganishning yangi istiqbollari. New Perspectives for the Study of Islamic Culture, History and Art in Uzbekistan” nomli alohida toʻplamda nashr etildi. Ilgari bunday xalqaro konferensiyalar muayyan bir institutning tashabbusi va saʼy-harakati bilan amalga oshirilgan boʻlsa, endi ushbu qaror bunday xalqaro anjumanlarni oʻtkazish va yurtimizdagi ixtisoslashgan tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun ishonchli huquqiy manba boʻlib xizmat qiladi.

Qarorning alohida eʼtiborga molik jihatlaridan biri, unda Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasida qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida takliflar taqdim qilishi xususida soʻz boradi. Shubhasiz, bu Markaziy Osiyodagi davlatlarning ilmiy muassasalari oʻrtasida hamkorlikni qayta tiklashga va bundan-da rivojlantirishga keng yoʻl ochadi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qarorda belgilangan maqsad va vazifalar, eng avvalo, qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash va tadqiq etishga hamda ularning davlat reyestrini tuzishga, qolaversa, shu soha bilan shugʻullanadigan Islom sivilizatsiyasi markazi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi kabi qator tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirib, ularni yagona maqsad sari yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, qoʻlyozmalarni bemalol oʻqib, tadqiq qila oladigan va taʼmirlab, ularga qayta hayot baxsh eta oladigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishga asos boʻladi.

Bu esa, shubhasiz, Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlashga va Oʻzbekiston Respublikasi strategik rivojlanishining beshta ustuvor yoʻnalishi doirasida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirishga qulay zamin yaratadi.

Bahrom ABDUHALIMOV,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,

tarix fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 24-fevral, 40-son

Izoh qoldirish