Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojini o‘rganishning nazariy asoslari
JURNALLARNI VARAQLAGANDA…
IX asr boshlariga kelib, tasavvufning nazariy asoslari ishlab chiqildi, sufiylarning amaliy ruhiy-psixologik mashqlari, o‘zini-o‘zi tarbiyalash va chiniqtirish tadbir usullari shakllandi, tariqat, ma’rifat, haqiqat degan tushunchalar yuzaga kelib, tasavvufning ushbu uch qismiga oid qarashlar majmui tuzildi – tasavvuf alohida ilm sifatida qaror topdi.
Garchi tasavvuf maktablarining tashkil topishi dastlab Kufa, Bag‘dod, Basra, Misr kabi islom dini keng tarqalgan hududlar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, lekin keyinchalik, XI-XII asrlarga kelib, O‘rta Osiyoda butun islom olami miqyosida umume’tirof etilgan Yassaviya, Kubraviya, Xojagon kabi nufuzli mustaqil tariqatlar vujudga kelgan. O‘rta Osiyoda keng tarqalgan har qaysi tariqat shu mintaqada azaldan mavjud bo‘lgan diniy rasm-rusumlar ta’siridan chetda qolmay, balki ularning mahalliy urf-odatlarini o‘zlashtirish jarayonida o‘z ta’sirini ham ko‘rsata olgan. Shayxlarning jamiyatning ma’naviy va siyosiy jihatdan rivojlanishiga bo‘lgan mas’uliyati keyinchalik boshqa tariqatlar uchun ham odatga aylangan. O‘rta Osiyodagi tasavvuf tariqatlari shayxlarining faoliyati mintaqaning ijtimoiy, siyosiy va diniy holatiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Xojagon tariqati XIV asrga kelib, Bahouddin Naqshband tomonidan yanada takomillashdi. Bu esa O‘rta Osiyoda mo‘g‘ullar hukmronligidan keyingi diniy-ma’naviy hayotning yangicha yo‘nalishda shakllanishiga asos bo‘ldi. Aynan XIV-XV asrlardan boshlab ushbu tariqat vakillari jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshladilar. Amir Temur (1336-1405) va Temuriylar tomonidan markazlashgan davlatning tashkil etilishi tariqat vakillarining nafaqat diniy-ma’naviy sohadagi nazariy, balki mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida amaliy faoliyat yuritishlari uchun ham sharoit yaratdi.
Keyinchalik O‘rta Osiyoda markazlashgan ashtarxoniylar davlatining parchalanishi (XVII-XVIII asrlar) ushbu hududda tarqalgan tariqatlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ma’lum bir davrlarda u yoki bu tariqat namoyandalari ijtimoiy-siyosiy hayotda o‘z mavqeini egallab keldi. Jumladan, yuqori tabaqa vakillari hisoblangan hamda naqshbandiya tariqatiga mansub Jo‘ybor shayxlari Buxoro amirligi ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol o‘ynadi.
“Bu haqda gapirganda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. – Buyuk ipak yo‘li va savdo aloqalarining tadrijiy taraqqiyoti, o‘tmishdagi ulug‘ alloma va adiblarimizning Hindistonga bag‘ishlangan asarlari, bu yurtda faoliyat yuritgan Boburiylar saltanati, Bahouddin Naqshband tomonidan asos solingan naqshbandiya tariqatining hind diyorida keng tarqalishi singari ko‘plab misollarni keltirish mumkin”.
Shu nuqtai nazardan olib qaralganda tasavvufning mavjudligi islomning butun Janubiy Osiyoda tarqalishiga yetakchi kuch bo‘lgan. Hindistonga islom kirib borishi sufiylik tasavvufiy an’analari Dehli Sultonligining X-XI asrlarida, keyin esa Hindistonning barcha qismiga tarqalgan. Ma’lumki, xronologik jihatdan ajralib turadigan dastlabki Dehli Sultonligi turkiy va afg‘on o‘lkalari hukmdorlaridan iborat edi. Uning natijasida Janubiy Osiyoni islomni keng tarqalishi va madaniyatini o‘rganish uchun sharoitlar yaratilganidan dalolatdir. Islom dini sufiylar fikricha, sinkretik qadriyatlar, adabiyot, ta’limga doimiy ta’sir ko‘rsatgan. Sufiy voizlari, savdogarlar ko‘rinishida dengizga sayohat va savdo-sotiq orqali Gujoratga kirib borganlar. Bu esa, sufiylikni asta sekinlik bilan ushbu hududda islom dini bilan bog‘liq jarayonlarni aholiga targ‘ibotini birinchi tashkiliy tadbirlarini tashkillaganini ma’lum qiladi. Ilohiy ma’naviyat, kosmik uyg‘unlik, muhabbat va insonparvarlik haqidagi sufiylik ta’limotlari oddiy odamlarga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Islomni tasavvufiy tushunchalarini tarqatishda yordam bergan va Hindistonni sufiylik madaniyatining zamonaviy episentriga aylantirishga yuqoridagi omillar sabab bo‘lgan deb hisoblaymiz.
Hozirgi paytda jahonning ko‘pgina mamlakatlarida naqshbandiya tariqati tarqalishiga urg‘u beriladi. Sharq va Gʻarb mamlakatlarida, albatta, Bahouddin Naqshbandning izdoshlari borligi uning suluki davom etayotganining guvohi bo‘lish mumkin. Chunki Bahouddin Naqshband, avvalo, islom dini shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ikkinchidan, u chin insoniy fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari o‘rtasida futuvvat – javonmardlikni targ‘ib qilgan. Buning ortida odamlar bir-birlariga moddiy va ma’naviy yordam bera boshlaganlar, hayotdagi qiyinchilikni hamjihatlikda yengib o‘tib, shodliklarni birga baham ko‘rganlar. Bularning barchasi Bahouddin Naqshband jamiyatda barpo qilmoqchi bo‘lgan tariqat, birdamlikning aynan o‘zi edi.
Manbalarda naqshbandiya tariqati har xil nomlar bilan – “Siddiqiya”, “Tayfuriya”, “Xojagoniya”, “Naqshbandiya”, “Naqshbandiya-Ahroriya”, “Naqshbandiya-Mujaddidiya”, “Naqshbandiya-Mazhariya”, “Naqshbandiya-Xolidiya” deb atalganini aytib, keyin esa “Naqshbandiya” nomining o‘zi sobit bo‘lib qolgani, – ta’kidlanmoqda.
Bularning ba’zilari tasavvuf ilmini rivojlantirishda ma’lum iz qoldirgan Abu Bakr, Abu Yazid Bistomiy, Ubaydulloh Ahror, Shamsiddin Mazhar, Xolid Ziyovuddin Bag‘dodiy kabi shayxlarning nomlari bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqalari, masalan, Xojagoniya – Yusuf Hamadoniy va uning shogirdlaridan biri Abduxoliq Gʻijduvoniy, Mujaddidiya – Imomi Rabboniy Ahmad Foruq Sirhindiy faoliyatlari bilan bog‘liq.
Shu o‘rinda biz avvalo, jamiyatni ijtimoiy shakllanishining asosi bo‘lgan hamda ma’naviy davomiylik an’analariga mos keladigan “naqshbandiya-mujaddidiya” tariqati haqida o‘z izlanishlarimizni bayon etamiz.
Mujaddid (ar. – islohotchi, yangilanuvchi, tiriltiruvchi) – shariatning yangilanuvchisi degan ma’nolarni anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, mujaddid mujtahid, fiqh, ya’ni zamonaviy masalalarga shar’iy yechimlar berish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishidir.
XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida naqshbandiya tariqati taraqqiyotining yangi yuksalish davri boshlandi. Bu davrda naqshbandiya tariqatining bir tarmog‘i sifatida, naqshbandiya-mujaddidiya shahobchasi yuzaga keldi. Bunda, naqshbandiya tariqatining nazariyotchilaridan biri, ayni paytda yurtimizda faoliyat olib borayotgan tariqatlarning silsilasida nomi zikr qilingan, XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida Hind diyorining Sirhind shahrida yashab o‘tgan Ahmad Sirhindiy al-Foruqiy ar-Rabboniy (1564-1624)ning o‘ziga xos o‘rni bor. Ahmad Sirhindiy “Imom Rabboniy” va “Mujaddidi alfi soniy” ya’ni “ikkinchi ming yillikning yangilovchisi” kabi sharafli nomlar bilan shuhrat qozongan. U zotni ilk bor “Mujaddidi alfi soniy”, ya’ni ikkinchi ming yillikning mujaddidi deb Hindistonning buyuk olimlaridan Abdulhakim as-Siyolqutiy (vafoti 1067/1656) e’tirof etgan va shaxsiyatini hurmat qilib ulug‘lagan. Naqshbandiya tariqatining “mujaddidiya” deb atalishiga ham Ahmad Sirhindiyning mazkur nomi sabab bo‘lgan.
Shu o‘rinda aniq tariqat yoki yo‘nalishga nisbatan qo‘llaniladigan “mujaddidiya” atamasi ba’zi Gʻarb tadqiqotchilari tomonidan zohiriy ma’noda qabul qilingan hollar ham uchraydi. Masalan, shvesariyalik tadqiqotchi Anke fon Kyugelgen o‘z tadqiqotlarida: “Islom an’analariga muvofiq har yuz yillik boshida yangi mujaddid keladi. Tariqat rahnamolari yoki homiylaridan ko‘pchiligi musulmon taqvimi bo‘yicha XIII asrning yangilovchisi bo‘lib tanildilar. Damashqda shayx Xolid (1776-1827) bu nomga sazovor bo‘ldi. Buxoroda “XIII asrning yangilovchisi” sifatida Mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan hukmdor Shoh Murodni (hukmronlik yillari 1785-1800) ko‘rishimiz mumkin” degan fikrlarni beradi. Chunki naqshbandiya tariqati shayx Ahmad Sirhindiy (1564-1624)dan so‘ng naqshbandiya-mujaddidiya, ya’ni “yangilangan” deb yuritila boshlangan. Bu avvalo, Muhammad Payg‘ambarning: “Alloh har yuz yilda bitta o‘z dinining yangilovchisini yuboradi”, – degan hadisidan kelib chiqqan bo‘lsa, ikkinchidan, Imom Rabboniy zamonasining eng ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan biri sifatida “mujaddidi alfi soniy”, ya’ni “hijriy ikkinchi ming yillikning yangilovchisi” deb e’tirof etilganiga ishora edi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mahalliy ta’sir markazlariga ham tariqat shayxlari da’vogarlik qilgan. Buxoroda bir paytning o‘zida Miyon Fazl Ahmad, Muhammad Amin Dahbidiy va xalifa Niyozquli kabi turli ustozlardan fotiha olgan bir nechta mustaqil shayxlar ham faoliyat olib borgan. Shundan kelib chiqqan holda, mujaddidiyaning O‘rta Osiyoda tarqalish jarayoni ba’zi bir tarixchilarning ta’kidlaganlaridek, bir tomonlama emas, balki ko‘p tarmoqli bo‘lgan Darhaqiqat, ulardan biri, Musoxon Dahbidiy (1700-1776/77) – Movarounnahrdagi naqshbandiya-mujaddidiya asoschilaridan biri bo‘lib, u Dahbid qishlog‘ida (Samarqanddan 15 km. shimolda) tug‘ilgan, Samarqanddagi Tillakori madrasasida tahsil olgan, uni tamomlab otasi bilan birga Karnak qishlog‘iga (Hisordan uncha uzoq bo‘lmagan joy) Hisordagi kubroviya tariqatining mashhur shayxi amakisi Muhammad Rizo Hisoriy Karnakiyning maslahatiga binoan haj ziyoratiga ketdi.
Musoxon Dahbidiy safar davrida Kashmirning naqshbandiya-mujaddidiya tariqati shayxlaridan biri Miyon Obid (vafoti 1746-yil)ni uchratib qoladi va allomadan tasavvuf ilmi bo‘yicha ta’lim olish maqsadida 11 yil davomida u bilan ilmiy faoliyatini davom etttiradi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Miyon Obiddan 11 yil ta’lim olgan Dahbidiy shundan so‘ng vatani Dahbidga qaytib keladi va u yerda 18 yil davomida “Naqshbandiya-dahbidiya-mujaddidiya” rahnamosi sifatida faoliyat olib boradi va o‘z o‘rnida, shogirdlar ham tayyorlaydi.
Musoxon Dahbidiy o‘nlab asarlar yozib qoldirgan, shuningdek, uning hind va qashqar mujaddidiya shayxlari bilan yozishmalari ham ma’lum. Dahbidiyning ta’limoti Ahmad Sirhindiy va uni tarafdorlarining g‘oya va qarashlari ta’sirida shakllangan. Dahbidiy doimo moturidiya aqidasini qo‘llab-quvvatlagan, chunki uning fikricha unda naql ustun bo‘lib, falsafaga ortiqcha urg‘u bermagan. Biograf olimlardan birining aytishicha, mujaddidiyaning qoidalari va marosimlarini Dahbidiy, naqshbandiya-dahbidiyaniki qilib qo‘ydi va o‘z shogirdlariga omma oldidagi zikr, samo’ va boshqa odatlarni qat’iy ta’qiqlab qo‘ygan.
Shuningdek, Musoxon Dahbidiy o‘z shogirdlariga sultonlarga yaqinlashishni ham man etdi, uning fikricha, bu shariat va tariqatni susaytiradi hamda darvishlar maqomiga putur yetkazadi. Dahbidiy xonaqohida sunnat va shariatga zid bo‘lgan xulq-atvor, kiyimlarga talab me’yorlarini belgilab beruvchi qat’iy tartib hukm surgan. Dahbidiyning o‘zi bu qonunlarga to‘laligicha amal qilgan. Lekin uning ayrim shogirdlari siyosiy hayotda faolligi bilan ajralib turganlar, ba’zi shogirdlari esa zikrni omma oldida bajarar, samo’ bilan ham shug‘ullanishar edi.
Yuqoridagi holatlarga qaramasdan, Musoxon Dahbidiyning aksariyat shogirdlari ta’limot doirasidagi fikrlarini qo‘llab kelganliklari manbalardan ma’lum. Shuningdek, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ular mang‘itlarning davlat hokimiyati masalalarida ham o‘z o‘rinlariga ega bo‘lganlar.
Buxoro amiri Shohmurod Ma’sum naqshbandiya-mujaddidiya tariqati tarafdori bo‘lgan hamda o‘z hukmronlik davrida mujaddidiya tariqati shayxlarining ko‘rsatmalariga ham davlat boshqaruvida, ham o‘z hayot tarzida amal qilgan va 5 vaqt namozdan tashqari nafl namozlarini ham ado etgan, har qanday dabdabani inkor etgan. Shohmurod Ma’sum, shuningdek, an’anaviy shariatga muvofiq jahr va boshqa ibodat amallarini bekor qilishga harakat qilgan. Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati tarafdorlarining fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan. U mujaddidiyada amal qilgan ibodat amallarini shariatga to‘liq muvofiq, deb baholab, xafiy zikrni ma’qul deb bildi. Shohmurod Ma’sumning Buxoroda odat tusiga kirgan sufiy ibodat amallariga o‘zgartirish kiritishi bu ibodat marosimlari ularning an’analariga to‘g‘ri kelmaydigan ba’zi tariqatlarning qarshiliklariga uchradi.
Shohmurod hukmdorlik qilgan davr XVIII asr yarmiga to‘g‘ri kelgan. U sunnani tiklovchi (muhyi as-sunna), shariat himoyachisi (hami ash-shari’a) va dinni kufroniy yangiliklardan tozalovchi (mahi al-bid’a) deb shuhrat qozondi. Uning hukmronligi davrida naqshbandiya-mujaddidiya tariqatining buyuk shayxlarini davlat boshqaruv ishlariga jalb qilgan.
XVIII asrning II yarmida O‘rta Osiyoda bir vaqtning o‘zida ko‘plab mustaqil mujaddidiya shayxlari mavjud bo‘lib, har biri o‘z shogirdlari tomonidan “qutb” sifatida e’tirof etildi: qutbi irshod, qutbul-aqtob (qutblar qutbi) qutbi avliyo yoki qutbi zamon. Mazkur tariqat shayxlarining ta’limoti va qarashlari o‘sha davrda Movarounnahr ijtimoiy-diniy va siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Garchi tariqat shayxlari siyosiy jarayonlarga bevosita aralashmagan bo‘lsa-da, lekin ularning qarashlari jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol aralashuvi uchun qulay zamin yaratdi. Bu esa tariqat g‘oyalarining jamiyat hayotiga sezilarli ta’sir o‘tkazishiga olib keldi. Shu bois XVI-XIX asrlarga kelib, naqshbandiya-mujaddidiya tariqati mintaqada keng rivojlandi. Tariqat g‘oyalarini jamiyat hayotiga moslashtirish, islomga uyg‘unlashtirib talqin qilish kabi holatlar yuzaga keldi. O‘rta Osiyoning mujaddidiya shayxlari Hindistonda shakllangan ushbu ta’limotni Markaziy Osiyo va Volga-Ural mintaqasida tarqalishiga salmoqli hissa qo‘shadilar.
Naqshbandiyaning ikki an’anaviy markazi – Buxoro va Samarqand mujaddidiyaning quvvat qal’asiga aylandi, ammo, Nasafda ham xarizmatik mujaddidiya shayxlari o‘z atroflariga ko‘plab shogirdlar yig‘ganlar. Bu o‘quvchilarning ko‘pchiligi, o‘z navbatida, vatanlarida ushbu ta’limotning rahnamolariga aylandilar, natijada, mujaddidiya shayxlarining faoliyati ko‘plab hududlarnilarni qamrab olgan holatlar vujudga kelgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, naqshbandiya tariqatining bir yo‘nalishi sifatida yuzaga kelgan naqshbandiya-mujaddidiya tariqati naqshbandiya tariqatining qonun-qoidalarini isloh qilgan, jamiyat turmush tarziga yanada yaqinlashtirgan. Bu esa naqshbandiya-mujaddidiyaning keng aholi qatlamlari ichiga yanada kengroq kirib borishini ta’minladi va O‘rta Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotida muhim o‘rin egalladi. Naqshbandiya-mujaddidiya tariqatiga xos xususiyatlardan biri ham uning muayyan bir mintaqaga bog‘lanib qolmay, balki butun musulmon diyori bo‘ylab keng tarqalib ketganligidadir.
Feruza MIRZAYEVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi
Manba: “Islom tafakkuri” jurnali, 2021-yil 4-son
Ayrim qisqartirishlar bilan olindi. Maqolaning to‘liq variantini quyidagi havolada o‘qishingiz mumkin
“ISLOM TAFAKKURI” JURNALINING 2021-YIL 4-SONI BILAN TANISHING!
Izoh qoldirish