603

Diniy bag‘rikenglik – tinchlik asosi

JAMIYAT

Sayyoramizdagi zamondoshlarimizning ayrim qismi har bir daqiqani hadik va xavotir ostida o‘tkazmoqda. Boisi – urushlar, jang-u jadallar. Bunday o‘lkalarda aholi ertalab uyqudan salomat uyg‘ongan bo‘lsa-da, ertaga ham tiriklik tashvishi bilan ko‘z ochishiga shubha bilan qaraydi. Kelajagiga ishonchi yo‘q. Xo‘sh, insoniyatning bunchalar halovatini o‘g‘irlagan notinchliklar va urushlarning sababi nimada? Ularning oldini olish uchun odamzotga qanday hislatlar yetishmayapti? Biz har birimiz jamiyatda bag‘rikenglik keng quloch yozishi uchun nimalar qilishimiz lozim? Bugun ushbu savollar atrofida fikr almashish uchun tegishli mutaxassislar bilan muloqot uyushtirdik.

– Saidafzal aka, mana yuqoridagi ma’lumotlardan ayon bo‘lmoqdaki, diniy va etnik nizolar ko‘p kuzatilmoqda. Siz islomshunos olim sifatida bu nizolarning sababini nimalarda ko‘ryapsiz? Urush o‘lkalarida diniy bag‘rikenglik tamoyiliga amal qilish qanchalik muhim?

Saidafzal SAIDJALOLOV, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi:

– Gʻarbda diniy bag‘rikenglik iborasi “tolerantlik” atamasi bilan ifoda topgan. “Tolerantlik”ning tarjimasi “chidamlilik”, “sabr-toqatli bo‘lish”dir. 1996-yil 16-noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va oqibatni qaror toptirishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjat nomi “Tolerantlik tamoyillari to‘g‘risida”gi deklaratsiyadir. Bu hujjatni o‘zbek tilida “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” deb nomlash qabul qilingan. Gʻarbona tolerantlik turli konfessiyalar (konfessiya – muayyan din yoki e’tiqod vakillarining huquqiy e’tirof etilgan uyushmasi) o‘rtasidagi munosabatlarning o‘zaro chidam va sabr-toqatga asoslanishini anglatadi.

Sharqona, o‘zbekona bag‘rikenglik esa, nafaqat chidam va toqatni, balki, hurmat va ehtiromni ham qamrab oladi. Odam avlodiga uning kelib chiqishi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy maqomiga qarab emas, insoniyat vakili ekaniga qarab muomala qilish va munosabatda bo‘lish, insoniy huquq-erkinliklarini hurmat qilish aynan bag‘rikenglikdir.

Dunyoda hech bir odam yoki xalq yo‘qki, irqiy, diniy kamsitishga jim qarab tursa. Bu insonning eng nozik chegarasidir. Unga dahl qilinganda albatta isyon yoki salbiy javob bo‘lishi ehtimoli katta. Agar bag‘rikenglik tamoyili bilan qaralganida boshdanoq bu darajadagi katta ziddiyatlar yuz bermasligi, keyinchalik tinchlik va murosa yo‘li bilan muammo hal etilishi mumkin edi. Afsuski, hozirgi kuzatilayotgan yondashuvlar ayanchli. U yerda qanchadan-qancha aholi, ayniqsa, tinch aholi jabr tortayotgani, halovatini yo‘qotayogani achinarli.

Shu ma’noda diniy bag‘rikenglikning ahamiyatini anglash bugun har qachongidan ham dolzarbdir. Zero, dunyoda hukmronlik qilishga intilayotgan ayrim kuchlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga insonlar o‘rtasida ixtilof va ziddiyatlar chiqarish, kishilarni bir-biriga qarshi qo‘yish, “Bo‘lib tashla, hukmronlik qil!” qoidasini amalga oshirish yo‘lidan bormoqdalar. Tinchlik va osoyishtalik dushmanlarining makr-aldovlariga uchmaslikning muhim tamoyili yurakni keng qilish, har qanday muammoni aql va sabr bilan hal qilishdir. Har qanday jamiyatda aholining kelib chiqishi, irqi yoki millatiga qarab o‘zgacha munosabatda bo‘lish nizolarga, noroziliklarga, urush va jang-u jadallarga olib keladi. Ilohim, insoniyatning bag‘rikengligi yuksalsin.

– Mamlakatning ichida-chi, aholi jamiyatda, mahallasida, boringki, hozir keng tarqalgan ijtimoiy tarmoqlarda diniy-etnik nizolar kelib chiqmasligi uchun nimalarga ahamiyat berishi, qanday yo‘l tutishi kerak?

– Biz jamiyatda, oilada va umuman, qayerda bo‘lsak ham avvalo, biror kishiga nisbatan dini va e’tiqodiga qarab emas, balki uning avvalo inson ekanligini e’tiborga olgan holda muomala qilishimiz zarur. Bag‘rikenglik – o‘zi uchun begona bo‘lgan dunyoqarash vakillariga nisbatan xavotir va nafrat bilan emas, balki xotirjamlik va samimiyat bilan munosabat ko‘rsatishdir.

Xalqimiz boshida ne-ne sinovlarni o‘tkazmasin, og‘ir damlarni sabr bilan yengib o‘tib, kishilar o‘rtasida diniy va milliy ixtiloflarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymagan. Aksincha, qiyinchilik davrida boshqa millat va e’tiqod vakillariga go‘zal insonparvarlik namunasini ko‘rsatgan. Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida yurtimizga urush bo‘layotgan davlatlardan 250 ming atrofida bolalar olib kelingan. Ularga xalqimiz boshpana, uyining to‘ridan joy, non-tuz bergan. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi xalq artisti, mashhur aktyor Yuriy Stoyanovning (1957-yilda tug‘ilgan) “Мою семью во время войны спасли узбеки” nomli video e’tirofi keng tarqaldi. Aktyor o‘z xotiralarida onasi Yevgeniya Stoyanova (1935-yilda tug‘ilgan) Ikkinchi Jahon urushi davrida O‘zbekistonga ko‘chirilgan millionlab kishilarning biri bo‘lganini, o‘sha paytda yosh qizcha sifatida o‘zbek oilasida tarbiya topganini qayd etgan. Shu bilan birga o‘zbek zaminiga ko‘chirilganlar nafaqat jonlarini saqlab qolgani, balki bu yerda to‘laqonli hayot kechirganlarini alohida ta’kidlagan. Yuriy Stoyanov hozirgacha o‘zbek palovi va nonini sevib iste’mol qilishini gapirar ekan, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib insonlar bilan muomala qilishini ham ta’kidlab o‘tgan. Bu xalq bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi, fidoyiligi, kamtarligi bilan hamisha hurmat va ehtiromga sazovor ekanini his-hayajon bilan qayd etdi.

Bugun mamlakatimizda 16 diniy konfessiya va 130 dan ortiq millat vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqdalar. O‘zbekistondagi bag‘rikenglik dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib kelmoqda. Demak, shunday bag‘rikeng xalqning farzandlari ekanimizni his qilgan holda, millati va e’tiqodidan qat’i nazar, mahalladoshlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz, keksa yoshdagi qo‘shnilardan og‘ir kunlarda hol-ahvol so‘rab, ularga hamisha yordamga shoshilish orqali jamiyatda bag‘rikenglik rivojlanishiga hissamizni  qo‘shishimiz mumkin.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ham tanimagan odamiga qo‘pol muomala qilish, qahr-g‘azabini sochish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Bu borada har bir ziyoli o‘zaro suhbatlar va ma’ruzalarda atrofdagilarga o‘rnak bo‘lishi, yoshlar ongiga bag‘rikenglik g‘oyalarini singdirishga alohida e’tibor qaratmog‘i lozim.

Endilikda “Virtual bag‘rikenglik” atamasini ilm-fanga joriy qilish va uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish vaqti keldi. Virtual bag‘rikenglik – internet olamida muloqot chog‘ida turli profil va akkaunt egalari o‘rtasida o‘zaro hurmat-oqibatni unutmaslik, shaxsi, millati, e’tiqodi, dunyoqarashidan qat’i nazar, biror kimsani  haqorat qilishdan, obro‘sini to‘kishdan, kamsitish va tahqirlashdan saqlanish,  kishilarni parokanda qiladigan, odamlar orasida adovat va buzg‘unchilikka sabab bo‘ladigan ma’lumotlarni tarqatmaslikdir.  Virtual bag‘rikenglik – diniy bag‘rikenglikning, diniy bag‘rikenglik – tinchlikning, tinchlik – taraqqiyot va farovonlikning muhim asoslaridandir. Bag‘rikenglik hislati barcha sohalardagi taraqqiyotning omili. Uni oilada, mahallada, ta’lim muassasasalari, korxona-tashkilotlarda targ‘ib va tashviq etish, yurtini sevgan, uning munavvar istiqboli uchun qayg‘urgan har bir fuqaroning dolzarb vazifasidir.

Muloqotni “Ishonch” gazetasi muxbiri Zebo NAMOZOVA yozib oldi.

Ayrim qisqartirishlar bilan olindi. Intervyuning to‘liq qismini ishonch.uz sayti orqali o‘qishingiz mumkin.

Izoh qoldirish