Adiblar xiyoboni – ma’naviyat maskani
Adabiyot – har bir xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini bogʻlovchi, taʼsir kuchiga ega muhim vositadir. Unda har bir millatning madaniyati, urf-odati, dunyoqarashi, maʼnaviyati aks etadi. Shu bois, yurtimizda adabiyot va sanʼat sohasiga oid qator islohotlar olib borilmoqda. Xususan, 2020-yil 26-maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni va shu yilning 24-avgust sanasida “Atoqli adiblar va mutafakkirlar ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 502-sonli qarori yuqoridagi fikrimizning yaqqol isboti bo‘la oladi.
Bundan 5 yil oldin ana shunday maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir yirik loyihaga qoʻl urilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-aprelda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida Adiblar xiyobonini tashkil etish boʻyicha qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, xiyobonning meʼmoriy-gʻoyaviy loyihasi ishlab chiqildi. Majmuaviy tarzda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxtimiz markazidagi Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratildi. Qisqa muddatda Alisher Navoiy haykali yonida 23 ta atoqli shoir va mutafakkirlarning haykallari mantiqiy yechim asosida qad rostladi. O‘tgan vaqt mobaynida xiyobon ko‘rinishini yanada boyitish va adiblar xotirasini e’zozlash maqsadida Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar haykallari qaytadan yangilandi.
2020-yilning 20-mayida yurtboshimizning Adiblar xiyoboniga navbatdagi tashrifida o‘tgan yillar davomidagi obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Yozuvchi-shoirlar, ziyolilar bilan uchrashuvda milliy adabiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, galdagi muhim vazifalar haqida so‘z bordi. Ushbu uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini o‘rganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz”, degan edilar.
Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan koʻproq foydalanishi inobatga olsak, milliy adabiyotimiz xazinasini internetda targʻib etish eng samarali usul hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda adabiy portallar yaratish ham muhim vazifalardan sanaladi. Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal oʻzbek, ingliz va rus tillarida faoliyat koʻrsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi. Natijada, bugungi kun yoshlarining shaxsni shakllantirish jarayonida adabiyotshunoslik va kitobxonlik kabi muhim omillarga katta e’tibor qaratilgan bo‘ladi.
Yurtboshimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan cheksiz islohotlar va qonun ustuvorligi asosida chiqarilayotgan qarorlarning o‘zi o‘zbek millatining fan va adabiyot sohasiga bo‘lgan e’tiborni yaqqol ochib bera oladi. Bugungi kunda qariyb 9 gektar maydoni egallagan poytaxtimizning eng odam gavjum hududida joylashgan Adiblar xiyoboni chinakam adabiyot ixlosmandlari uchun adabiy quvvat va ilhom baxsh eta oladigan maskanga aylanib ulgurdi. Ammo yurtimizning chekka huddudlaridagi barcha adabiyot soha ixlosmandlarining ham bu yerga tashrif buyurib, poytaxt yoshlari har kuni foydalana oladigan imkoniyatlardan to‘la foydalanishga imkoniyatlari yo‘q. Butun dunyo, ma’lumot izlash va undan foydalanish uchun internet va veb-saytlarni asosiy omil qilib turgan bir vaqtda adiblar xiyoboni yagona interfaol portalini yaratish va ushbu xiyobon faoliyatini raqamlashtirish orqali yuqoridagi muammoga yechim topiladi. Natijada, adiblar xiyoboni va unda qad rostlagan buyuk shoir mutaffakirlar boy ilmiy merosini o‘rganish va ularni nafaqat yurtimizning chekka hududlaridagi balki butun dunyo adabiyot soha ixlosmandlariga yetkazib berish uchun ham Prezidentimiz takidlaganlaridek, Adiblar xiyoboni yagona interaktiv portalini yaratish mavzusi o‘ta dolzarb hisoblanadi.
Adabiyot – millat ko‘zgusi, xalqning orzu-istaklari va dunyoqarashini ifoda eta oladigan muhim soha. Adabiyotni rivojlantirish unga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish millatni rivojlantirish, millat ertasiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish demakdir. Shu o‘rinda, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 502-sonli qarori 2-ilovasiga ko‘ra, Adiblar xiyobonida haykallari o‘rnatilgan atoqli yozuvchi va shoirlarning ibratli hayoti va ijodini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarini biriktirish ro‘yxati ishlab chiqilib tasdiqlanishi ham yurtimizda adabiyot sohasini o‘rganish va uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilinishiga alohida e’tibor qaratilishidan dalolatdir. O‘zbekistonning nufuzli 24 oliy yurtiga berilgan shoir va mutaffakirlar hayoti va ijodi chuqur o‘rganilmoqda va ba’zi oliy o‘quv yurtlari tomonidan ushbu atoqli yozuvchilar hayoti va ijodini aks ettiruvchi veb-saytlar ham ishga tushirilgan. Lekin adiblar xiyoboni faoliyati unda bo‘layotgan yangiliklar va har bir yozuvchi hayoti va ijodi haqida batafsil o‘qib-o‘rganish uchun yagona sayt yoki portal mavjud emas. Bundan tashqari, ushbu xiyobon yaratilish tarixi va haykallarning yaratilishi va mualliflari haqida ham internetdan kerakli ma’lumotlarni topish biroz mushkul vazifa hisoblanadi. Adiblar xiyoboni portalini ishga tushirish orqali biz ko‘plab ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin bo‘ladi. Jumladan:
– Kitobxonlik va adabiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yoshlarni ko‘proq mutoaalaga undash, buyuk mutaffakirlar hayoti va ijodi misolida targ‘ib qilishga chorlash;
– 24 ta oliygohga biriktirilgan shoir-mutafakkirlar hayoti, ijodini yagona interfaol tizimga biriktirish orqali ushbu oliygoh talabalari tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar, ma’lumotlar va shoir-mutafakkir sharafiga uyishtirilgan tadbirlani yoritib borish imkoniyati;
– Adiblar xiyoboni, undagi yozuvchilar hayoti va ijodini masofaviy o‘rganish imkoniyatini yaratib berish;
– Adiblar xiyobonida nomi ulug‘langan shoir va yozuvchilar tanlangan asarlarini sifatli tarzda yuklab olish imkoniyati;
– Adiblar xiyoboniga virtual sayohatni amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi.
Bundan ko‘rinadiki, yuqoridagi barcha imkoniyatlarga birgina Adiblar xiyoboni veb-saytini ishlab chiqish va uni ommalashtirish orqali erishish mumkin. Yaqin kelajakda xiyobonda faoliyat yuritayotgan Toshkent muzeyi va Yozuvchilar uyushmasi saytlari, shu bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalari tomonidan atoqli yozuvchi va shoirlar hayotiga bag‘ishlangan saytlarni yagona Adiblar xiyoboni portaliga birlashtirish mumkin bo‘ladi.
Mavluda XODJAYEVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi dotsenti,
texnika fanlari nomzodi
Izoh qoldirish