424

Akademiya vakili xalqaro anjumanda ma’ruza qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasining Islomoboddagi elchixonasi, Pokiston Global va strategik tadqiqotlar markazi hamda Peshovar universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi hamkorligida “Iqtisodiyot sohasida Oʻzbekiston-Pokiston hamkorligini rivojlantirishning yangi oʻsish nuqtalari va omillari” mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan mazkur tadbir O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Anjuman “O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish”, “Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama rivojlantirishni chuqurlashtirish va Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishning muhim omili” hamda “Turizm sohasida O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining istiqbollari” kabi sessiyalarga bo‘lindi.

Konferensiyada “Sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yaqin texnologik ittifoqlar yaratish – ikki davlat iqtisodiy o‘sish omillari”, “Qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni tashkil etish – O‘zbekiston-Pokiston iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi”, “O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida Markaziy va Janubiy Osiyo umumiy tarixiy merosini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari”, “Yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash – Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro aloqadorligini rivojlantirishning muhim omili”, “O‘zbekiston va Pokiston xalqlarining tarixiy-madaniy yaqinligini o‘zida mujassam etgan yangi turistik yo‘nalishlarni yaratish – turizmni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishi” mavzularida ma’ruzalar qilindi.

Anjumanda “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Ashirali Abdirashidov ham ishtirok etib, “O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada Oʻzbekiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, turli madaniyatlar tutashgan markaz bo‘lgani, so‘nggi yillarda mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini namoyish etish, ayniqsa, uni islom dunyosidagi ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylantirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etildi. Akademiya vakili bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jahon darajasidagi zamonaviy, o‘z sohasining yetuk kadrlarni tarbiyalashga alohida ahamiyat berilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, 2021-2022-o‘quv yilidan Akademiyada “Ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish” hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” kabi yangi ixtisosliklarning ochilgani bu sohadagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi deyish mumkin.

Konferensiya qatnashchilari Ashirali Abdirashidovning ma’ruzasi orqali yurtimizning ziyorat turizmi markaziga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar, hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish