518

Boburiylarning jahon madaniyatga qo‘shgan hissasi

14-FEVRAL – ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUD TOPGAN KUN

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan davom etayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ham bu jihat aks etyapti.

"Mumtoz sharq filologiyasi" fakulteti, “Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish”, “Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash” bo‘limlari hamda “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi hamkorligida “Boburiylarning jahon madaniyatga qo‘shgan hissasi” mavzusida tashkil etilgan ilmiy konferensiya ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. 
Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
 

Uchrashuvni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov tadbir avvalida so‘zga chiqib, Bobur Mirzo tomonidan yaratilgan asarlar, uning sinovlar, mashaqqatlarga boy o‘tgan hayot yo‘li haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng xalqimizning sevimli san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov Boburning go‘zal xulq-atvor egasi bo‘lgani, shijoat, halollik, vafodorlik, sabr-toqat, himmat, adolat, rahm-shafqat kabi hislatlarni o‘zida mujassam etgani, bu hislatlar  uning ijodida ham o‘z ifodasini topganini qayd etdi. 

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori Najmiddin Nizomiddinov, Akademiya tayanch doktoranti Lola Azimova, magistrlar hamda talabalar o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashib, buyuk mutafakkir ijodining maftunkor qirralari, shoir she’riyatini o‘rganish va tadqiq etishdagi vazifalar xususidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. 
 

Bobur asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda, sevib o‘qilmoqda, mutolaa qilinmoqda. Bobur o‘z asarlarida adabiyot, falsafa, tarix, siyosatshunoslik, axloqshunoslik, tilshunoslik kabi sohalarni qamrabб  komil inson tarbiyasi, vatanparvarlik, adolat, odob-axloq, lirik muhabbat mezonlarini yuksak cho‘qqiga ko‘targan. 

Anjumanda buyuk bobokalonimizning asarlarini o‘qib-o‘rganish inson ma’naviy dunyosining boyishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yakunida Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Tadbirning badiiy qismida talabalar shoir ijodidan namunalar keltirib, g‘azallar o‘qishdi. Mahoratli xonandalar tomonidan mutafakkir ijodiga oid g‘azallardan bastalangan qo‘shiqlar yangradi. 

Kahoot programmasi orqali alloma hayoti va ijodi bo‘yicha talabalar o‘rtasida viktorina o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.
 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish