522

Akademiya o‘qituvchisining maqolasi Misrning nufuzli jurnalida nashr etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarovning “O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar” sarlavhasidagi maqolasi Misrdagi “Tasavvuf” jurnalining 2022-yil fevral oyi 522-sonida arab tilida nashr etildi. Maqola bilan batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar

O‘zbekistonda har jabhada ulkan islohotlar amalga oshirayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Jumladan, yoshlarning turli zamonaviy ilm-fanlarda yetuk malakali kadr bo‘lib yetishishlari uchun ayni damda yurtimizdagi universitetlar soni 150 ga yaqinlashdi. Ushbu oliygohlarning bir qanchasi xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ochilgan.

Davlatimiz tomonidan tarix, adabiyot, falsafa, huquq, astronomiya, fizika, kimyo, tibbiyot, arxitektura, geografiya, musiqa, matematika, mineralogiya, qishloq xo‘jaligi, tasviriy san’at va boshqa bir qancha yo‘nalishlarda yosh kadrlarni tayyorlash bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda yurtimizda saqlanayotgan 100 mingdan ortiq qo‘lyozma va toshbosma asarlar orasida astronomiya yo‘nalishida turli tillarda 200 dan ortiq qo‘lyozma asarlar mavjud. Ushbu asarlarni mukammal o‘rganib, ulardagi ma’lumotlarni hozirgi kundagi zamonaviy ilm-fanlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ajdodlarimizning ilmiy meroslari hozirgi kunga qadar ilm-fanda asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi O‘zbekistonda diniy ta’lim olish sohasini shartli ravishda 3-bo‘g‘inga bo‘lish mumkin: 1 - maxsus diniy ta’lim, 2 - davlat ta’lim muassasalaridagi dinga oid ta’lim, 3 - rasmiy diniy ta’lim elektron portallari orqali ta’lim olish.

1-bo‘g‘in diniy ta’lim olish imkoniyatlari maxsus diniy ta’lim muassasalari orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 15 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shundan 13 tasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari, jumladan, 3 ta oliy - Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy instituti, Hadis ilmi oliy instituti va 10 o‘rta maxsus islom bilim yurtlari hisoblanadi (ulardan 2 tasi ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari).

Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekistonda barcha yo‘nalishdagi din vakillariga teng qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora bizning madaniyatimiz va tilimizga xos emas. Bu holat diniy ta’lim sohasida ham ko‘zga tashlanadi. Buning isboti o‘laroq, bugungi kunda yurtimizda Toshkent pravoslav va Toshkent protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlab o‘tish o‘rinli.

Toshkent pravoslav seminariyasi 1990-yil 1-oktabrda o‘rta maxsus bilim yurti sifatida tashkil etilgan. 1998-yil 9-apreldan oliy o‘quv yurti - seminariyaga aylantirilgan. Rus pravoslav cherkovi qoidalariga asosan seminariyaga yeparxiya rahbari rahbarlik qiladi. Seminariyada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan talabalar ham ta’lim olmoqda.

Toshkent protestant seminariyasi 1992-yildan e’tiboran Samarqand shahrida “Samarqand protestant seminariyasi” sifatida faoliyat olib borgan. 2004-yilda seminariya Toshkent shahriga ko‘chirilib, “Toshkent protestant seminariyasi” nomi bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘tgan yaqin yillar davomida respublikamizda ham dunyodagi boshqa davlatlarda bo‘lgani singari diniy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Diniy ta’lim tizimini jahon andozalariga mos ravishda tashkil etish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Respublikada oliy diniy ta’lim muassasalari soni so‘nggi uch yilda 5 taga yetdi. 

Bugungi kunda Samarqand shahrida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi eng ilg‘or diniy ta’lim muassasasidir. Markaziy Osiyoda noyob hisoblangan bu ta’lim muassasasida ta’lim jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, ta’lim jarayonlariga xorijiy mutaxassislar ham jalb qilinmoqda.

O‘rta maxsus ma’lumotli imom-xatiblar malakasini oshirish va ularni oliy ma’lumotli qilish maqsadida Toshkent islom institutida 3 yillik modul ta’lim tizimi joriy etildi. Mazkur ta’lim tizimiga 2019-2020-o‘quv yilidan asosiy ish joyidan ajralmagan holda imom-xatiblar o‘qishga qabul qilindi.

2-bo‘g‘in davlat ta’lim muassasalaridagi dinga oid ta’lim yo‘nalishi esa, umumiy o‘rta maktab va litsey-kollejlarda “Dinshunoslik”, “Dunyo dinlari tarixi” kabi fanlarda dunyo va jahon dinlari hamda ulardagi ibodatlar haqida batafsil ma’lumot berilishi, shuningdek, “Odobnoma”, “Ma’naviyat asoslari”, “O‘zbek adabiyoti” kabi fanlarda har bir shaxsda insoniylik, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-murruvat tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiluvchi diniy matnlar, hadisi sharif va turli diniy mazmundagi rivoyatlardan namunalar keltirilgan mavzular kiritilganini aytib o‘tish zarur.

Respublikamiz ta’lim tizimining o‘quv dasturlarida biror dinga ustunlik bermagan holda ko‘pchilik e’tiqod qiluvchi dunyo va milliy dinlar, ulardagi ibodat va rasm-rusmlar haqida ma’lumotlar ko‘pincha ensiklopedik tarzda bayon etiladi.

2-bo‘g‘in davlat ta’lim muassasalaridagi dinga oid ta’lim bo‘yicha holat haqidagi xulosalar:

1. O‘zbekiston dunyoviy ta’lim muassasalarida din haqidagi bilimlar akademik yondashuv asosida beriladi;

2. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 1-11 sinf o‘quvchilari uchun umuminsoniy va diniy qadriyatlar, yuksak ma’naviyatni o‘zida mujassam etgan “Tarbiya” deb atalgan yangi fan joriy etildi. Bu fan o‘z ichiga din bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etadi;

3. Oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalariga “Dinshunoslik” fani kiritilgan. Ushbu fan doirasida jahon va dunyo dinlari, milliy dinlar haqida biror bir dinga ustunlik bermagan va kamsitmagan holda ta’lim beriladi. Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, barcha diniy ta’lim muassasalarida ham diniy fanlar qatorida dunyoviy fanlardan ta’lim beriladi.

O‘zbekistonda diniy ta’limdan farqli o‘laroq akademik dinshunoslik-islomshunoslik ta’limi ham yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bu yo‘nalishda malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Akademiya 2018-yil 16-apreldagi Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi Qarori asosida tashkil etildi.

Din ta’limi sohasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

birinchidan, islom akademiyasi jamoasi tomonidan diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi mavzusida monografiya va o‘quv adabiyotlar tayyorlanmoqda;

ikkinchidan, diniy ta’limni dunyoviy ta’lim muassasalarida ta’lim berish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilib, kerakli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda;

uchinchidan, akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazi tomonidan vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar mavzusiga doir film va radioeshittirishlar tayyorlanmoqda;

to‘rtinchidan, akademiyada qur’onshunoslik, hadisshunoslik, islom tarixi va manbashunosligi, aqida, kalom ilmi va aqidaviy ta’limotlar, islom huquqi ta’lim mutaxassisliklari tashkil etildi;

beshinchidan, diniy soha xodimlari, oliy, o‘rta maxsus, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida akademiya huzurida malaka oshirish markazi va uning 4 ta hududiy filiallari tashkil etildi. Mazkur malaka oshirish markazlarida davlat xizmatchilarining malaka oshirishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, din sohasida amalga oshirilayotgan yangilik va islohotlar bilan tanishtirib kelinmoqda.

oltinchidan, akademiya huzurida O‘zbekistondagi barcha oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarning ilmiy-uslubiy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuzilma shakllantirildi;

yettinchidan, diniy ta’lim sohasiga raqamli texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Barcha diniy ta’lim muassasalari yagona ma’lumotlar bazasiga ulanish jarayonlari yakuniga yetmoqda. Shu bilan birga oliy diniy ta’limni kredit-modul tizimiga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

3-bo‘g‘in diniy ta’lim olish imkoniyatlari rasmiy diniy ta’lim elektron portallari orqali amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy sayti “muslim.uz”, rasmiy diniy ta’lim muassasalari, jome masjidlari, iqtidorli imomlar saytlari va telegram kanallaridagi kontentlar orqali ham diniy ta’lim olish imkoniyatlari keng yaratilgan. Turkum videodars, maqola, infografika, multfilm, audiodarslar, kitoblar, qo‘llanmalar, master klasslar shaklida diniy ta’lim olish imkoniyatlari mavjud. 

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy savollarga telefon orqali javob berish “call-centre” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2021-yil davomida “call-centre” orqali aholi tomonidan kelib tushgan 75 mingdan ortiq savollarga javob berildi. Shuningdek, “fatvo.uz” va “muslim.uz” saytlari hamda “SavollarMuslimUzBot” telegramm boti orqali yil davomida 96 mingga yaqin savollarga javob berildi. 

Savollarning aksariyat qismi namoz, tahorat, ibodat qilish kabi masalalarni qamrab oladi. Chuqur bilim talab etiladigan masalalar kamdan kam holatda uchraydi. Ushbu ko‘rsatkich aholining maxsus diniy ta’limga ehtiyoji haqida ma’lumot beradi. Savollarning aksariyati maxsus diniy ta’lim doirasidagi masalalar emasligini ko‘rish mumkin.

Bu kabi maishiy-diniy, ibodat masalalariga “call-centre” hamda respublikadagi 2096 masjidda imomlarning ma’ruzalari, ayrim yirik jome masjidlarida haftaning har payshanba kunlari tashkil etilayotgan darslar aholining diniy bilim ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, diniy ta’lim bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Hozirgi kunda yurtimizda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, jumladan 2 ta ayollar madrasasi, Imom Termiziy markazi, fiqh, aqida, hadis va tasavvuf markazlari birgalikda uzluksiz diniy ta’lim tizimini tashkil qiladi. Ularda o‘rta maxsus ta’lim, bakalavriat, magistratura, doktorantura bosqichlarini o‘ziga qamrab olgan din ta’limi tugallangan siklni tashkil etadi.

Mirodil HAYDAROV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kafedra mudiri

Izoh qoldirish