515

Akademiyada shoh va shoir Bobur Mirzoning tavallud ayyomi nishonlanmoqda

14-FEVRAL – ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUD TOPGAN KUN

Zahiriddin Muhammad Bobur – betakror shoir, zakovatli olim va tarjimon, donishmand tarixchi, yirik davlat va madaniyat arbobi, mohir sarkarda. Asrlar osha dunyoni hayratga solib kelayotgan alloma ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Ayni paytda yurtimizda o‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539-yilligi keng nishonlanmoqda.
 

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida katta shukuh bilan davom etyapti. “Islomshunoslik” fakulteti tomonidan “Bobur – buyuk qalb sohibi” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, adib ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Mazkur asarning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, o‘sha davrda adabiyotimizda nasr janrida yaratilgan yirik asarlardan biri sifatida ham muhim o‘rin tutadi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov so‘z olib, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, axloq-odob, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolov Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining hukumronlik davrida ilm-ma’rifatni davlat siyosati darajasiga olib chiqqan va ilm-ma’rifat sohasiga alohida e’tibor qaratgani haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida Bobur Mirzo g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan g‘azallar o‘qildi. 

Kahoot programmasi orqali alloma hayoti va ijodi bo‘yicha talabalar o‘rtasida viktorina o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish