512

Bir guruh mutasaddilar Toshkent islom institutiga tashrif buyurishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar Toshkent islom institutiga tashrif buyurishdi.

Uchrashuv davomida Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov, Diniy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ishlash bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov o‘quv jarayoni, ta’lim sifati va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Dastlab mehmonlar “Siyrat” fanidan dars o‘tayotgan “Hadis va islom tarixi” fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdulazim Ziyouddin, “Fiqh” fanidan tahsil berayotgan “Aqoid va fihqiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Ilhom Gʻofurov hamda talaba-qizlarga “Fiqh” fanidan saboq berayotgan Nigora Usmonovaning darsini kuzatib, o‘qituvchi va talabalar bilan muloqot qildilar.

Muloqot chog‘ida talabalar yetuk olim bo‘lib yetishishlari lozimligi ta’kidlandi. O‘z sohasini yaxshi bilgan, notiq, shu bilan birga dunyodagi vaziyatni teran anglagan diniy kadrlar ayni paytda har qachongidan zarurdir. Prezident maslahatchisi yaxshi o‘qigan, shijoatli talabalarni haj va umra ziyoratlariga borishini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻafurov 22 mingdan ziyod o‘quv darsliklar, qo‘llanmalar va manbalarga ega Axborot-resurs markazidagi sharoitlar bilan mehmonlarni tanishtirdi, o‘z navbatida Muzaffar Komilov kitoblar va Bitiruv diplom ishlarini ko‘zdan kechirib, mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

2021-yil sentabrda, yangi o‘quv yili boshlanishida foydalanishga topshirilgan institut asosiy binosi 3-qavatida ARM bilan bir qatorda katta majlislar zali, o‘quv auditoriyalari va kompyuter xonasi qurib jihozlandi. Kompyuter xonasida bo‘lgan mehmonlar institut moddiy-texnik bazasini yaxshilash, diniy ta’limda kompyuter texnikasini keng qo‘llash, auditoriyalarni axborot texnologiyalari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur masalalarni muhokama qildilar.

2021-2022-o‘quv yili boshlanishi arafasida 110 o‘rinli talabalar turar joyi, 50 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona va kichik sport zalini o‘z ichiga olgan 4 qavatli bino foydalanishga topshirilgan edi.

Mehmonlar ana shu talabalar turar joyida ham bo‘lib sharoitlar bilan tanishishdi. Shundan so‘ng, talabalar oshxonasiga ham tashrif buyurib, qulayliklarni bundanda yashilash bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Manba: TII Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish