581

Oila muhiti barqarorligida ma’naviy-axloqiy tarbiya muammosi

JURNALLARNI VARAQLAGANDA…

Kirish

Ma’lumki, mamlakatimiz rivojlanishining hozirgi yangi bosqichi oilaviy tarbiyada milliy qadriyatlardan foydalanishning zamonaviy mezonlarini o‘rtaga tashlamoqda. Oiladagi ma’naviy muhit axloqiy tarbiya o‘chog‘i sifatida milliy axloq va tarbiyaning o‘ziga xos xususiyatini shakllantiradi. Oila muhiti bilan aloqaga kirishish jarayonida xulq-atvor me’yorlari, ma’naviy-ijtimoiy va madaniy tushuncha hamda tasavvurlar, yangi-yangi qiziqish va ehtiyojlar egallanib ijtimoiy muhitda rivojlanib boradi. Shaxsning ma’naviy shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar to‘g‘risida gapirilganda, birinchi navbatda, shaxsning o‘zi, ikkinchidan, mikro muhit, uchinchidan mezo muhit va to‘rtinchi navbatda, jamiyat va undagi siyosiy, ideologik, madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy sohalarning umumiy holatini namoyon bo‘ladi.

Asosiy qism

Inson va boshqa tirik jonzotlar har birining hayot muhiti uning o‘y fazosidan boshlab ijtimoiy muhit va yashaydigan muhitigacha bo‘lgan sharoit hisoblanadi. Muhit – bu odamlarga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi voqealarning yig‘indisi sifatida insonni o‘rab turgan, uning dunyoqarashi, kayfiyati, ruhiyati, orzu-umidlari va xulq-atvoriga bevosita ta’sir etadigan tashqi olam. Muayyan muhit turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘ladi. Shaxs qaysi jamiyatda yashasa, o‘sha jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan va bo‘layotgan qonun qoidalarga asosan kamol topadi. Shu jamiyatdagi moddiy, ma’naviy va madaniy boyliklardan bahramand bo‘ladi, shuningdek, mazkur boyliklarni yaratishda ishtirok etadi. Jamiyatda yaratilgan moddiy, ma’naviy va madaniy boyliklar rivojlanish darajasiga ko‘ra shaxs kamolotiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatadi. O‘z-o‘zidan rivojlanish yuksak bo‘lsa, u shaxsga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi va shaxs faoliyati davomida mehnati orqali o‘z moddiy, ma’naviy va madaniy boyligini yaratish jarayonida ongini, dunyoqarashini, hayotini, turmush tarzini ham yaxshilab boradi. 

Muhit keng ma’noda (makromuhit) ijtimoiy-iqtisodiy tizimni ishlab chiqaruvchi kuchlar, ijtimoiy munosabatlar va tartib-qoidalar majmuini, jamiyatning ijtimoiy ong va madaniyatini o‘z ichiga oladi. Tor ma’nodagi (mikromuhit) bevosita insonni qurshab olgan oila, mehnat, o‘quv va boshqa guruhlardan iborat. Ijtimoiy muhit shaxsning shakllanishiga va rivojlanishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Ayni vaqtda insonning ijodiy faolligi, faoliyati ta’sirida ijtimoiy muhit o‘zgaradi, bu o‘zgarishlar jarayonida odamlarning o‘zlari ham o‘zgaradi. Shaxsning jamiyatga ta’siri maqsadsiz, rejasiz, ko‘r-ko‘rona faoliyat orqali amalga oshmaydi. Inson ijtimoiy qonunlarni, o‘z hayot sharoitlarini bilib olgandan keyin, ma’lum maqsadga qaratilgan amaliy faoliyat ko‘rsatish yo‘li bilan ijtimoiy muhitni, jamiyatni o‘zgartiruvchi kuchga (insonga) aylanadi. Shu sababli ham shaxsning xulq-atvori, intilishlari, imkoniyatlari, fikrlashi, qobiliyati, axloqiy tamoyillar (mehnatsevarligi, vatanparvarligi, insonparvarligi) asosidagi faolligi, sadoqatliligi va boshqa xislat va fazilatlari shuningdek, illatlari ular yashayotgan ijtimoiy muhitga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Insonning ta’lim-tarbiyasida uni o‘rab turgan muhit yetakchi rol o‘ynar ekan, oila, ta’lim-tarbiya muassasalaridagi muhit sog‘lom bo‘lsa, yoshlarning ijtimoiy sifati, tayyorgarlik darajasi va bilimi yuqori bo‘ladi.

Aynan oila muhiti eng avvalo, shaxsning xulq-atvorini shakllanishida jamiyatning eng kichik bo‘g‘ini sifatida muhim rol o‘ynaydi. Vaholanki, oilada ma’naviy-axloqiy muhit shaxs axloqiy ongi, xulq-atvori va faoliyatida tamal toshi, hal qiluvchi omil hisoblanadi. Dastlab aynan, oiladagi ma’naviy-axloqiy muhit shaxs imkoniyatlarini shakllantiradi, uning ijtimoiy borliq bilan munosabatlarini va muloqotini yuzaga keltiradi. Shu bois ham oilani shaxsning g‘oyaviy, siyosiy, iqtisodiy qarashlarini shakllantiruvchi, tevarak-atrofga, dunyoga munosabatlari tizimini, ya’ni dunyoqarashi, e’tiqodi, ehtiyojlari, qiziqishlari, ideallari, motivlari, hayotiy maqsadi yo‘nalishini belgilovchi mikromuhit sifatida tadqiq etiladi. Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir” deb qayd etar ekanlar yoshlar axloqi ularning ma’naviy kamoloti masalasi nafaqat bugungi kun, balki ertangi porloq kelajak garovi ekanligiga urg‘u beradi. Yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq mahalliy va global muammolar yechimi esa, aynan oila muhiti va ungdagi ma’naviy-ma’rifiy daraja bilan bevosita va bilvosita bog‘liq masala hisoblanadi.

Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas vatan sanalgan. Agar oilalar muhiti sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Binobarin, mahalla, yurt mustahkam bo‘lsagina, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Zero, oila farovonligi milliy farovonlik asosidir. Shu bois ham jamiyatda oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etish, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha, eng avvalo, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini yuritish doirasida qaralmoqda. 

Oila muhitida shakllantirilgan onglilik va xulqlilik shaxsni illatlardan saqlaydi. Shu ma’noda, oila ma’naviy-axloqiy muhitini o‘rganishda fikr yangiligi va ma’naviy yetuklik paradigmasi asosli bo‘lib, o‘ziga xos ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ma’naviy yetuklikka intilish bu jamiyat hayoti va inson faoliyatida shaxsning o‘z insoniy pozisiyasiga mustahkam ega bo‘lishi bo‘lib, u ijtimoiy-axloqiy mezonlar asosida xulq-atvorga muvofiq yashashidir. 

Inson ma’naviyatini shakllantirishning eng maqbul maskani oiladir. Oila qaysi millatga mansub bo‘lsa, o‘sha xalqning ma’naviyatini o‘zida mujassamlashtirib, bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan an’analarni, ma’naviyatni avloddan-avlodga yetkazadi. Zero, shaxs ma’naviyati, uning dunyoqarashi, e’tiqodi, hayotiy tamoyillari, ideallari, qadriyatlari, ko‘nikmalar majmui asosan oilada shakllanadi. Shu ma’noda, oila ma’naviyat qo‘rg‘oni hisoblanib, oila qaysi millatga taalluqli bo‘lsa, o‘sha millatning ma’naviyatini o‘zida aks ettiradi. Demak, o‘zbek oilasining o‘ziga xos milliy xarakteri, oiladagi shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘lishi, turli oilaviy marosimlar, urf-odatlar, an’analar, milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz oila orqali namoyon bo‘ladi. O‘zbek oilalaridagi o‘zaro hurmat, ehtirom, ota-onaga e’zoz, farzandlarga mehr-shafqat va kichiklarga izzat-ikrom bu kishini barkamol inson, mukammal shaxs sifatida shakllantiradigan, axloqiy va ma’naviy jihatdan go‘zal hamda yetuk qiladigan, insoniy fazilatlarni rivojlantiradigan qadriyatlar bo‘lib hisoblanadi. Va bu qadriyatlarning mazmun-mohiyati farzandlar ongiga dastlab oila muhitida tarbiya orqali singdiriladi. Bunda insonning axloqiy ongi, xulq-atvori va faoliyati aksiologik asoslarda yo‘naltirilib boriladi.

Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti ongli ravishda o‘z oldiga Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni ta’lim-tarbiya islohoti va yoshlar salohiyati orqali amalga oshirishni maqsad qilib oldi. Demak, tarbiyaga ijtimoiy hodisa sifatida qarab, tarbiya jamiyat manfaatlarini ko‘zlab va uning rivojlanganlik darajasiga muvofiq ravishda amalga oshirilishi lozim. Xo‘sh nima uchun tarbiyaga ijtimoiy hodisa sifatida qarashimiz kerak degan o‘rinli savol tug‘iladi albatta. Chunki tarbiyaning mohiyatida ijtimoiylik, jamoatchilik mavjud bo‘lib birinchidan oila muhitidagi tarbiyaning o‘zi ham ota-ona, katta avlod, qarindosh urug‘lar, (bobo-buvi, amma-xola, tog‘a-amaki, opa-akalar), qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla tomonidan, farzandlarimizni, ijtimoiy hayotga tayyorlashni, ikkinchi tomondan, esa jamiyat muhitining o‘zi ham o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’lum yo‘nalishda tarbiyalashga ko‘maklashadigan tizim sifatida tashkil etilishida o‘z ifodasini topadi. Unda ijtimoiy voqelikdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy aloqadorlik, boshqarish, nazorat qilish va ijtimoiylashtirish kabi bir qator ijtimoiy omillar mavjud.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “...yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi, tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.

Xulosa

Har bir oila muhitida saxovat, yaxshilik, karamlilik, halimlik shakllantirilsa, bu istiqbolda jamiyat muhiti moʻtadilligini, istiqbolini ta’minlaydi. Bilamizki, karamli inson nafaqat yaxshi xulqlar bilan bezanadi, balki el manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya oladi. Oila muhitida shakllantirilgan halimlik asosida shaxs-xulq atvorida afv (kechirimlilik); murosa (kelishuvchanlik); muloyimlik (moʻtadillik) kabi hulqiy sifatlar shakllantiriladi. Demak, o‘zligida halimlik fazilati bo‘lgan kishi ruhan kuchli inson hisoblanadi. Halimlik shaxs-xulq atvoridagi nodonlikka qarshi xushxulqlikdir va ushbu fazilat kishini tinchliksevar inson sifatida voyaga yetkazadi. Or-nomus va andisha insonning xulq-atvorida, e’tiqod-iymonida, yurish-turishida, fikr-mulohazasida namoyon bo‘ladi. Or-nomusli va andishali kishi qat’iy intizom egasi bo‘ladi. 

Ma’naviy-axloqiy faoliyat kishilarning tarixan tarkib topgan xulq-atvori, yurish-turishi, ijtimoiy va shaxsiy hayotdagi o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi ma’naviy yuksak norma hamda qoidalarni ifodalaydi. Jamiyatdagi munosabatlar ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida shakllanadi, ijtimoiy rivojlanishning muhim jihati sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki bosqichidayoq kishilarning tafakkurini uyg‘otish, tashabbuskorligini, faolligini oshirish ma’naviy islohot asosini tashkil etadi, chunki, hurfikrlik tamoyillariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda fikrlar erkinligi va ongli faoliyat, axloqiylik jamiyat taraqqiyotining omilidir. 

Jamiyat taraqqiy etgan sari axloqiy munosabatlarga e’tiborni kuchaytirish ehtiyoji tug‘ilishi aniq. Rivojlanish, o‘sish, taraqqiy etish uchun tarbiyaviy jarayon, tarbiyaviy faoliyat, fidoyilik va vatanparvarlik kerak. Tarbiya, tarbiyaviy faoliyat esa axloqiy fazilatlarni singdirishdan, ma’naviy qadriyatlarni o‘zlashtirish va shakllantirishdan boshlanadi. 

Inson ma’lum maqsadga qaratilgan amaliy faoliyat ko‘rsatish yo‘li bilan jamiyatni o‘zgarturuvchi kuchga aylanadi va sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratadi. Inson faqat tarixiy sharoit va uning mahsuligina bo‘lib qolmay, balki shunday sharoitlarning yaratuvchisi hamdir. Ijtimoiy hayot har bir shaxsning o‘z burchini ko‘r-ko‘rona bajarish emas, balki unga ongli munosabatda axloqiy tamoyillar asosida yondoshishni talab qiladi.

Matluba QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori, 

falsafa fanlari doktori

Manba: “Islom tafakkuri” jurnali, 2021-yil 4-son

Ayrim qisqartirishlar bilan olindi. Maqolaning to‘liq variantini quyidagi havolada o‘qishingiz mumkin

“ISLOM TAFAKKURI” JURNALINING 2021-YIL 4-SONI BILAN TANISHING!

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish