Abasa surasi
ISLOM ENSIKLOPEDIYASI
Abasa surasi
سورة عبس
Qur’oni karimning saksoninchi surasi (30-pora)
“Abasa” yuzdagi ifodaning o‘zgarishi, yuz burishishi, xo‘mrayish kabi ma’nolarni anglatadi.
“Najm” surasidan keyin, “Qadr” surasidan oldin Makkada nozil bo‘lgan. Oyatlar soni 42 ta. So‘zlar soni 133, harflar soni 522 ta. Sura nomi ilk kalimasidan olingan. Shuningdek, u السفرة “as-Safara” yoki الصاخَة “as-Soxxa” surasi deb ham ataladi.
Abasa surasining nozil bo‘lish sababi quyidagi voqea bilan bog‘liq: Payg‘ambar (s.a.v.) Quraysh qabilasi zodagonlaridan Utba ibn Rabi’a, Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf va Abbos ibn Abdulmuttaliblar bilan suhbatlashib, ularni Islom diniga da’vat qilayotgan edilar. Bu orada oldilariga Abdulloh ibn Ummu Maktum ismli ko‘zi ojiz sahoba kelib, Payg‘ambar (s.a.v.)dan bir oyat o‘qib berishlarini so‘raydi. U Rasululloh (s.a.v.)ning boshqalar bilan mashg‘ul ekanlarini bilmagan holda “Ey Allohning rasuli, Alloh sizga bildirganlaridan menga ham o‘rgating!” – deb, bir necha bor takrorlaydi. Shunda da’vatlari natijasiz qolishidan tashvish qilgan Payg‘ambar (s.a.v.) undan malollangan holda yuzlari o‘zgaradi va savollariga javob ham bermaydilar. Bu muomala Allohga xush kelmaydi va O‘z rasuliga mazkur oyatlar bilan tanbeh beradi. Tanbehni ham “yuzingni burishtirding” demasdan, “yuzini burishtirdi”, – deb uchinchi shaxs siyg‘asida aytadi. Rasululloh (s.a.v.)ning o‘zlari oliy xulq egasi bo‘laturib, bir ko‘zi ojiz odamga shunday xunuk muomala qildilarmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, aslo! Rasululloh (s.a.v.) yuzlarini burishtirish bilan kifoyalandilar. Buni Ummu Maktum payqamagan ham. Lekin ulug‘larning ozgina sahv-u xatosi ham boshqalarga nisbatan katta hisoblanadi. Ana shu sabab Alloh taolo O‘z habibini ogohlantirdi. Chunonchi, tasavvufda bir ibora bor: “Muqarrablarning “xato”lari oddiy odamlarning hasanotlari bilan tengdir”.
Suraning avvalgi o‘n olti oyatida Payg‘ambar (s.a.v.)ning ushbu sahobaga bo‘lgan munosabatlarini tanqid qiluvchi mazmun aks etgan. Payg‘ambar (s.a.v.) mazkur voqeadan so‘ng qachon Abdulloh ibn Ummu Maktum (r.a.) yonlariga kelsa, unga “Ey, Rabbim meni u haqida ogohlantirgan kishi, marhabo, xush kelding!”, deb iltifotlar ko‘rsatar va ehtiyojini so‘rardilar.
Payg‘ambar (s.a.v.)ga tanbeh berish bilan boshlangan mazkur surada qalblari pand-nasihat olishga, haqiqatni anglashga yot bo‘lgan kishilar bilan mashg‘ul bo‘lmasliklari ta’lim berilib, Haqdan yuz o‘girganlar hech qanday mas’uliyatni o‘z zimmalariga olmasliklari bayon qilinadi. Haq va haqiqat ochiq-ravshan ekani, diqqat ko‘rsatilishi kerak bo‘lganlar hidoyatga erishishga istaklari bor kimsalar ekani ta’kidlanadi. Keyingi oyatlarda esa insonning yaratilishi, yashashi va vafot etishi, u iste’mol qiladigan noz-ne’matlar, qiyomat kunidagi odamlarning g‘am-tashvishlari, hamma o‘zi bilan ovora bo‘lib qolishi, yaxshilarning yuzlari yorug‘, yomonlarning yuzlari esa qora bo‘lishi, bular haqida fikr yuritmagan kishilarning ayanchli oqibati bayon etilgan.
Suraning asosiy mavzusi – har bir kishining qadr-qimati uning mavqeiga qarab emas, balki Allohdan qo‘rqish darajasi bilan belgilanishidir.
Ozodbek ALIMOV
Izoh qoldirish