575

Аbbod ibn Bishr

ISLOM ENSIKLOPEDIYASI

Аbbod ibn Bishr

عباد بن بشر

Abu-r-Rabi’ (Abu Bishr) Abbod ibn Bishr ibn Vaqsh ibn Zug‘ba ibn Za’uro ibn Abdulashhal al-Ansoriy al-Ashhaliy (taxm. 587-588 – Madina – 12/633)

Sahoba

Abbod ibn Bishr (r.a.) mashhur ansoriy sahobalardan. U Avs qabilasining Bani Ashhal urug‘idan bo‘lib, Madinada tug‘ilgan va o‘sha yerda yashagan. Manbalarda u bir qancha kunyalar bilan zikr qilinadi. Jumladan, al-Voqidiy uni Abu Bishr, Ibn Amora Abu-r-Rabi’ kunyalari bilan tilga olgan. Ismiga “Ibn Abdulashhal”, “al-Ashhaliy” nisbalari u mansub bo‘lgan urug‘ nomiga dalolat qiladi. Manbalarda A.i.B.ning hijratdan avval Payg‘ambar (s.a.v.) Madina ahliga Haqni tanitish uchun yuborgan Mus’ab ibn Umayr (r.a.) vositasi bilan Islomni qabul qilgani aytiladi. Musulmon bo‘lganidan so‘ng hayotini zuhd bilan o‘tkazgan. Ko‘p vaqtini ibodat qilish va Qur’on o‘qishga bag‘ishlagan. Hijratdan so‘ng Payg‘ambar (s.a.v.) uni muhojirlardan Abu Huzayfa ibn Utba ibn Rabi’a (r.a.) bilan birodar qilganlar.

Oysha (r.a.) “Ansorlar orasida uch kishi borki, hech kim fazlda ulardan o‘zib keta olmas” deb, Sa’d ibn Muoz, Usayd ibn Huzayr (r.a.) hamda A.i.B. nomlarini zikr qilgan. Oysha (r.a.)dan qilingan bir rivoyatda: “Rasululloh uyimda tahajjud o‘qidilar va (bir payt) Abbod ibn Bishrning ovozini eshitdilar va “Ey Oysha! Bu Abbod ibn Bishrning ovozi emasmi?”, deb so‘radilar. Men “Ha!”, dedim. Shunda ular: “Allohim, Abbodni mag‘firat qil”, dedilar”, deyilgani ma’lum.

A.i.B. Payg‘ambar (s.a.v.)ning ishonchli kishilaridan bo‘lib, Muzayna va Bani Sulaym qabilalaridan zakotlarini to‘plashga mas’ul qilib tayinlangan.

A.i.B. Badr va Uhud janglaridan tortib Payg‘ambar (s.a.v.) qatnashgan barcha janglarda ishtirok etgan. Tabuk g‘azotida Rasululloh (s.a.v.)ga qo‘riqchilik qilgan. Hijratning oltinchi yili umra safari oldidan Payg‘ambar (s.a.v.) tomonlaridan Makkadagi vaziyatni o‘rganish uchun jo‘natilgan yigirma kishilik suvoriylar ichida A.i.B. ham bo‘lgan. Shuningdek, u Rasululloh (s.a.v.) hamda musulmonlarga turli aziyatlar berish bilan tanilgan yahudiy Ka’b ibn Ashrafni bartaraf qilishda ham ishtirok etgan. Siyar kitoblarida A.i.B. qatnashgan janglarning so‘nggisi – Abu Bakr as-Siddiq (r.a.) xalifaligi davrida Musaylamaga qarshi bo‘lgan Yamoma jangi bo‘lib, o‘sha vaqtda u qirq besh yoshda bo‘lgani ma’lum qilinadi. Ushbu jangda u o‘z safdoshlariga “Qilichlaringiz qinini otib yuboring”, deb hayqirib, dushman saflariga qarshi tengsiz shijoati bilan o‘zini urgan. Natijada yuzidan qilich bilan olgan qattiq jarohati tufayli shahid bo‘lgan. A.i.B.dan bittagina hadis rivoyat qilingan bo‘lib, u ham Abu Dovud as-Sijistoniy tomonidan “Fazāil al-ansār” (“Ansorlar fazilati”) bobida rivoyat qilingan.

Ozodbek ALIMOV, 

Tuzuvchi

“Islom ensiklopediyasi” 1-jildidan

Izoh qoldirish