613

Imom Buxoriy “Odob durdonalari” asarining o‘zbekcha tarjimalari

JURNALLARNI VARAQLAGANDA…

Islom manbashunosligida odobnoma janridagi asarlarga alohida e’tibor berilgan. Barcha davrlarda jamiyat hayoti, insonlar tarbiyasida o‘ta muhim bo‘lgan mazkur yo‘nalishdagi asarlar olimlar tomonidan yaratilgan va ular xalq tomonidan qiziqish bilan qabul qilingan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi yirik daholarning asarlari bunga yorqin misol bo‘la oladi. “Amiru-l-muminin fi-l-hadis” “Hadis ilmida mo‘minlarning amiri” sharafli nomiga sazovor bo‘lgan buyuk muhaddis Muhammad Ismoil Buxoriyning bu sohadagi ilmiy merosi diqqatga sazovor. Olimning ilmiy merosi hadis ilmi rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan va bu meros musulmon dunyosida to‘liq e’tirof etilgan. Imom Buxoriy ilmiy merosida “Al-Jomeu-s-sahih” shoh asar sifatida katta ilmiy ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga uning “al-Adabu-l-mufrad” “Odob durdonalari” nomli hadis to‘plami ham hadis ilmining betakror manbalaridan hisoblanadi. Ma’lumki, Imom Buxoriy “Al-Jomeu-s-sahih” asarining tarkibiga “Kitobu-l-adab” nomli bo‘limni kiritadi va unga mavzuga oid uch yuzdan ortiq hadislarni jamlaydi. Olimning axloq, odob, inson tarbiyasi, komil insonlik sifatlari, ota-ona hurmati va umuman jamiyatdagi to‘laqonli shaxs xususiyatlari bilan bog‘liq hadislarga bo‘lgan qiziqishi mazkur turkumdagi hadislarni to‘plashga bo‘lgan ishtiyoqining naqadar yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi. Buning natijasi o‘laroq Imom Buxoriy 1322 ta axloq-odobga oid hadislarni to‘plagan va ularni “al-Adabu-l-mufrad” to‘plamiga kiritgan.

Asosiy qism

“Odob durdonalari” yaratilgan davridanoq turli olimlarning diqqatini o‘ziga tortgan va unga bag‘ishlangan asarlar yaratilgan, sharhlar yozilgan va tarjimalar amalga oshirilgan. Jumladan, Ahmad ibn Muhammad Bazzor “al-Adabu-l-mufrad” ni Imom Buxoriydan rivoyat qilgan. Muhibuddin Xatib, Sayyid Fazlulloh Jiyloniylar asarni sharhlaganlar. Shuningdek, Sayid Siddiq Hasanxon hamda Mavlono Abdulg‘affor asarni urdu tiliga tarjima qilganlar. “al-Adabu-l-mufrad” asarining arab tilidagi matni 1970 hamda 1980-yillari O‘zbekistonda ikki marotaba chop etilgan.

Imom Buxoriyning bu nodir asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish o‘zbek olimlarining orzusi edi. Bu xayrli ish dastlab asarning arabcha matnini chop etish bilan boshlangan bo‘lsa, tarjimalar ustida ulug‘ ustozlar Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon, Shamsuddinxon Boboxonov, shayx Abdulaziz Mansur, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va yana qator olimlar ishlaganlar.

Markaziy Osiyo xalqlari orasidagi Imom Buxoriy ilmiy merosi xususan, “Al-Jomeu-s-sahih”, “al-Adabu-l-mufrad” asarlariga bo‘lgan qiziqishni ma’lum ma’noda qondirish maqsadida 1990-yili “al-Adabu-l-mufrad” asarining 272 bobgacha bo‘lgan qismi 600 ta hadis Shamsuddin Boboxonov rahbarligidagi islomshunos olimlar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib birinchi marotaba chop etilgan edi. Nashr muallif Shamsuddinxon Boboxonovning muqaddimasi bilan boshlangan. Kitob “O‘zbekiston” nashriyotida 100000 nusxada bosilgan.

2006-yil Toshkentdagi “Movarounnahr” nashriyotida shayx Abdulaziz Mansur raisligidagi nufuzli olimlar jamoatchilik kengashi tomonidan Asror Samad mas’ul muharrirligida “Odob durdonalari” asarining o‘zbek tilidagi navbatdagi to‘ldirilgan nashri chop etildi. Asarning o‘zbek tilidagi ushbu tarjimasi islomshunos olim Shamsuddin Boboxonov va Noʻmon Abdulmajidlar tomonidan amalga oshirilgan. Kitob adib, olim Asror Samadning nashr haqidagi kirish so‘zi bilan boshlangan. Muqaddimaga Abduqahhor Ibrohimovning muftiylar sulolasi – Eshon Boboxon, Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon, Shamsuddinxon Boboxonovlarga bag‘ishlangan “E’tiqodga baxshida umr” nomli katta hajmdagi tarixiy-falsafiy badi’asi ham kiritilgan. Nashrning o‘ziga xos jihati unga Shamsuddinxon Boboxonovning “Imom Buxoriy va uning “al-Adabu-l-mufrad” asari haqida” mavzusidagi maqola ham kiritilgan. Maqolada muallif hadis ilmi rivoji, Imom Buxoriyning bu boradagi xizmatlari, “Odob durdonalari” asari bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar keltirilgan.

“Odob durdonalari” asarining o‘ziga xos tadqiqot va tarjimasi sifatida 2008-2009-yillari amalga oshirilgan va “Sharq” nashriyot – matbaa birlashmasida chop etilgan to‘rt jilddan iborat nashri shayx Muhammad Sodiq Muhammmad Yusuf tomonlaridan amalga oshirilgan. Muallif ushbu asarni “Kanzu-l-odob” – “Odoblar xaziynasi” nomli sharh deb atagan. Mazkur nashrda “Kanzu-l-odob” sharhi va uning yozilish tarixi, Imom Buxoriyning tarjimai hollari, ul zotning hayoti, ijodi va ilmiy merosiga bog‘liq ma’lumotlar jumladan, olim asarlarining to‘liq ro‘yxati va ularning qisqacha tavsifi berilgan. Shuningdek, “Odob durdonalari” asari haqidagi birlamchi manbalardan olingan tafsilotlar, uning naql qilinishiga oid muhim ma’lumotlar ham kiritilgan.

2008-yili Imom Buxoriy “Odob durdonalari” asarining saylanmasi Z.Islomov va A.Abdullayevlar tomonidan K.Komilov mas’ul muharrirligida “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasida chop etilgan. Saylanmaga asar matnidan olingan ota-ona, yaqinlarga hurmat, bola tarbiyasi, ezgu amallar qilish, rahm-shafqat, salomlashish odobi, xushfe’llik kabi mavzulardagi 380 ta hadis kiritilgan. Kitob 10000 nusxada chop etilgan.

Xulosa

“Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” jadal borayotgan yangi O‘zbekiston yoshlari tarbiyasida milliy qadriyatlar asosida shakllantiriladigan axloq, odob ko‘nikmalarida allomalar merosining o‘rni juda katta. Bu o‘rinda Imom Buxoriy mashhur “Odob durdonalari” asarining ahamiyati beqiyos. Mazkur xayrli ishni amalga oshirishda asarning o‘zbek tilidagi tarjimalaridan foydalanish yaxshi natijalar beradi. Asarning yangi izohli nashrini amalga oshirish ham islomshunoslar, hadisshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.

Zohidjon ISLOMOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori,

filologiya fanlari doktori, professor

Manba: “Islom tafakkuri” jurnali, 2021-yil 4-son

“ISLOM TAFAKKURI” JURNALINING 2021-YIL 4-SONI BILAN TANISHING!

Izoh qoldirish