Inson qadrlangan yurtga Allohning rahmati yog‘iladi
MUNOSABAT
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Yaxshiliklar, xayrli ishlar bardavom bo‘lib, inson qadri ulug‘langan yurt doimo taraqqiy etadi. Xalqi hamjihatlikda, mehr-muruvvatda umrguzaronlik qiladi. Shu bois, mamlakatimizdagi bosh islohotlarda inson sha’ni, uning qadr-qimmatiga katta e’tibor berilmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 26-yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda inson qadri ulug‘lanishiga doir vazifalar belgilandi. Boisi, inson qadrini ulug‘lash eng oliy fazilat bo‘lib, yurtimizdagi islohotlarning mantiqiy davomidir.
Davlatimiz rahbari “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”, deya ta’kidladi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida aholimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ong-u shuurida inson qadriga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasi shakllanmoqda, ushbu fazilatlar xalqimiz turmush tarzida tobora mustahkam qaror topib bormoqda.
Haqiqat qiyosda bilinadi. O‘tgan yilda 25 ta yangi masjid ochilgani juda katta tarixiy natija, 96 ta jome masjidi yangidan qurilgani esa mo‘min-musulmonlar uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari o‘tgan yillarga nisbatan oshirildi. O‘qish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha fan dasturlari ishlab chiqildi. Ikki nafar ulamo falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy unvonini olgani, yana ko‘plab diniy soha xodimlari ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgani sohada erishilayotgan yutuqlarning totli mevalaridir.
O‘lkamizda tashkil etilgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari soni 21 taga yetgani Allohning kalomiga muhabbatli xalqimizni cheksiz mamnun etmoqda. Shu kunga qadar 25 ming kishiga qiroat bo‘yicha boshlang‘ich ilm berilgani va ayni kunlarda ushbu o‘quv kurslarida 2,5 ming kishi tahsil olayotgani xayrli islohotlarning amaldagi ifodasidir.
Aholining diniy savodxonligi va ma’rifatini oshirish maqsadida “Hidoyat sari” ko‘rsatuvi negizida “Muftiy minbari” rukni, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “Ma’rifiy suhbatlar” va “Zikr ahlidan so‘rang” nomli yangi teleko‘rsatuvlar efirga uzatilayotgani bu boradagi xayrli ishlarning yangi bosqichga chiqqanidan darak berib turibdi. Bu ulug‘vor ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi. Ko‘zimiz bilan ko‘rib, bahra olib turgan bunday ezgu amallar joriy yilda ham davom etadi, inshaalloh.
Davlatimiz rahbari Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalishining har biriga alohida to‘xtalib, eng muhim jihatlarini aytib o‘tdi. Joriy yilda insonni e’zozlash, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, odamlarni rozi qilish borasidagi islohotlar ko‘lami yanada keng quloch yozishiga ishonch hosil qildik. Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish bosqichlari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari”, degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham mana shu hujjatdan kelib chiqib tayyorlangan.
Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Uchinchi Renessansga poydevor yaratish jarayoni kechayotgan bugungi kunda xalqimizning diniy-milliy qadriyatlari, urf-odatlari mujassam ma’naviyat beshigi bo‘lgan mahallaning o‘rni nihoyatda muhim. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lsa, mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarning ahillikda turmush kechirishini ta’minlab kelgan. Ayniqsa, o‘zbek xalqining yaxshi va yomon kuni, dard va tashvishi, muammolari-yu kechinmalari ana shu qo‘rg‘onda kechadi.
Ta’kidlash joizki, har birimiz mahallada ulg‘ayganmiz, beg‘ubor yoshligimiz, yodda qoladigan yaxshi kunlarimiz shu go‘shada o‘tgan. Mo‘ysafid otaxonlar, nuroniy onaxonlarning pand-u o‘gitlari tarbiyamizda tamal toshi bo‘lgan, do‘stlar bilan xursandchiliklarimiz bir umr xotiramizga muhrlangan. Bejiz “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, deyilmagan. Mahalla – oilalar jipsligini ta’minlash, barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etadigan tabarruk dargoh.
Yangilanayotgan O‘zbekistonimizda fuqarolarimiz tinchlik va xotirjamlikda munosib hayot kechirishini ta’minlashda mahallaning o‘rni va ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Shu maqsadda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tuman (shahar) hokimining yordamchilari ish boshladi.
Demakki, bugun mahalla islohot, ma’rifat va tarbiya maskaniga aylanib, vakolatlari kengaymoqda. Ayniqsa, mahallalarda yigit va qizlarga oilaviy hayot haqidagi, shuningdek, ma’naviyat, odob-axloq va ruhiy tarbiya borasidagi bilim va tushunchalarni bolaligidan singdirib borish juda foydali bo‘ladi.
Mana shunday savobli ishlarda diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar faol ishtirok etmoqda. Imom-xatib jamiyatda odamlarning qadr-qimmatini o‘z o‘rniga qo‘yish va barcha insoniy fazilatlar ila ziynatlanishida asosiy tarbiyachidir. Imom bor vujudi, ixlosi bilan kishilarni ikki dunyoda saodat ahlidan bo‘lishi yo‘lida yuksak odob-axloq, solih amallarni qilishga, adolatli ishlarga, foydali ilm-ma’rifat o‘rganishga, madaniyat yutuqlaridan ijobiy sur’atda istifoda etishga, har bir kishini ota-ona, oila, farzand, qavm-qarindoshlar o‘rtasida tinch-totuv, o‘zaro hurmat va muhabbat ruhida yashashga chorlaydi.
Islom inson qadrini hamma vaqt, har yerda ulug‘lashni buyurgan, uning sharafini oliy darajaga ko‘targan. Dinimizda inson aziz va mukarram zot sifatida ulug‘lanadi hamda kishi hayotining ruhiy va ma’naviy jihatdan komillikka yetishishiga katta e’tibor beradi.
Haq taolo insonni O‘zi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Yaratgan Parvardigor odamzodga butun borliqni bo‘ysundirib qo‘ygan. Farishtalar ham inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, ta’zim sajdasini ado qildi. Mana shu narsa insonni oliy maqomga ko‘tardi. Rabboniy jon ato etilishi inson sharafini ulug‘ladi. U endi Haq taoloning Yer yuzidagi o‘rinbosari, degan muborak nomga musharraf bo‘ldi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, deb marhamat qilganlar. Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydi: “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba’zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql bor-u, lekin nafs-u shahvat yo‘q. Hayvonotda esa nafs-u shahvat bor-u, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafs-u shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, nafs-u shahvat faqat nafsni qondirish va buning uchun har qanday gunoh-u ma’siyat ishlarga boshlaydi. Binobarin, agar insonning aqli nafs-u shahvatidan g‘olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi”.
Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo: “Insonni aziz va mukarram qildik”, deb marhamat qiladi. Tafsir kitoblarida insonning qaysi ne’matlar tufayli mukarram ekani to‘g‘risida ko‘p misollar keltirilgan. Ba’zi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan ne’matlarni ikkiga taqsim qilgan. Birinchisi, jismoniy ne’matlar. Bunga misol sihat-salomatlik, tinch-farovon turmush kabilar. Ikkinchisi, ma’naviy ne’matlar bo‘lib, unga imon, islom, hidoyat, axloq, insof-u tavfiq singari ijobiy sifatlarni misol qilish mumkin.
Alloh taolo O‘z ne’matlarini zikr qilishidan maqsad zamirida har bir inson ato etilgan behisob ne’matlarga shukr qilsin, bu narsalarning qadriga yetib, faqat xayrli va foydali ishlarga sarf etsin, degan ma’no jamlangan.
Demak, insonning ruhiy-ma’naviy olami boy bo‘lsa, uning qadr-qimmati shuncha oshadi. Inson qancha imonli, diyonatli bo‘lsa, Allohga muhabbati va itoati qanchalik ulug‘ bo‘lsa, shundagina uning darajasi yuqori bo‘ladi.
Alloh insonni aql va idrokda butun maxluqlaridan mukarram aylab, unga Yerdagi hamma narsani bo‘ysundirib qo‘ydi. Haq taolo yuqoridagi oyati karimada odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratganining xabarini bermoqda: “Batahqiq, Biz Bani Odamni aziz-u mukarram qilib qo‘ydik”.
Haq taolo insoniyatning aziz jismini go‘zal, beqiyos va mukammal yaratgan. Bu haqda Qur’oni karim “Tin” surasining 4-oyati karimasida “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”, deb marhamat qiladi.
Prezidentimiz raisligida o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilingan dolzarb masalalardan yana biri – yo‘llarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarishni raqamlashtirish, haydovchilik guvohnomasiga o‘qitishni kuchaytirishga urg‘u qaratildi.
Haqiqatan, so‘nggi vaqtlarda atrofimizda yo‘l-transport hodisalari shunchalik ko‘paydiki, ayrimlarini eshitib qalbimiz juda mahzun bo‘lmoqda. Ming afsuski, buning ortidan yuzlab insonlar vafot etayotgani yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolayotgani ham har birimizni ziyraklikka chorlashi kerak. Birgina Toshkent shahrida 2021-yilning 11 oyida piyodalar ishtirokida 524 yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 32 kishi olgan tan jarohatlari tufayli halok bo‘lgan.
Yana 487 kishiga turli darajada shikast yetgan. Ta’kidlash kerakki, islomda yo‘l harakati qoidalari Qur’on va hadis, ulamolarning ushbu manbalardagi umumiy qoidalar asosida chiqargan hukmlari bilan tartibga chaqiriladi. Shuningdek, islom fuqaholari taqdim qilgan hujjatlar asosida piyoda bo‘lsin yoki ulovda bo‘lsin, har bir musulmon yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi shar’iy jihatdan vojib ekaniga ittifoq qilingan. Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish borasida fatvosi ham e’lon qilingan. Unda, mazkur qoidalar islom shariatiga mos ekani, musulmonlar ushbu qoidalarga e’tiqodan amal qilishi lozimligi kabi masalalar batafsil bayon etilgan.
Barcha yo‘l qoidalari aslida insonning joni va molini asrash maqsadida tuzilgan. Bu esa islom ahkomlarida himoya qilish ko‘zda tutilgan hamda shariat maqsadlariga muvofiq hisoblanadi. Musulmon kishi yo‘l qoidalari, odob va madaniyatiga amal qilishi kimdir nazorat qilayotgani uchun emas, balki dinimiz shariati talabi, deb e’tiqod bilan bajarishi kerak. Shunda yo‘lda yurish ham ibodatga aylanadi, noxushliklarning oldi olinadi, inshaalloh.
So‘zimning nihoyasida shuni qayd etmoqchimanki, davlatimiz rahbari aytganidek: “Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, degan qimmatli so‘zi zamirida yuqorida bayon etilgan ezgu maqsad va muddaolar mujassamdir.
Alloh taolodan xalqimizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik va fayz-u baraka tilayman.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 29-yanvar, 20-son
Izoh qoldirish