335

Turkiya oliy ta’lim muassasalari uchun grantlar dasturi e’lon qilindi

Turkiya Hukumati tomonidan 2022-yil uchun xalqaro talabalar va ilmiy tadqiqotchilar uchun Turkiya oliy ta’lim muassasalarida grant asosida tahsil olish va ilmiy-tadqiqot olib borish imkoniyatini beruvchi grantlar dasturi e’lon qilganini ma’lum qilamiz.

Mazkur grantlar dasturi bakalavriat, magistratura, doktorantura ta’lim bosqichlari va ilmiy-tadqiqot olib borish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular universitetga joylashtirish, 1 yillik turk tili kursi, tibbiy sug‘urta, bir martalik aviachipta, stipendiya, o‘qish uchun to‘lov, madaniy va ilmiy dasturlar, yotoqxona bilan ta’minlash kabilarni o‘z ichiga oladi.

Stipendiya miqdori bakalavr talabalari uchun har oy 800 turk lirasi (TL), magistratura talabalari uchun 1100 TL, doktorantlarga 1600 TL, ilmiy tadqiqotchilar uchun 3000 TL, davlat xodimlari va ilmiy xodimlar uchun “Turkcha muloqot dasturi (KATIP)” 2000 TL ni tashkil qiladi.

Ilmiy tadqiqotchilar uchun grantlar faqatgina oylik stipendiya bilan cheklangan. “Turkcha muloqot dasturi (KATIP)” granti oylik stipendiya, yotoqxona, aviachipta, madaniy va ijtimoiy tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Hujjat topshirishning oxirgi muddati – 2022-yil 20-fevral.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limiga murojaat etishlari mumkin.

 

Izoh qoldirish