Ilmiy hamkorlikning yangi ufqlari
So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadrini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan o‘zgarishlar xalqaro jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jahonning yetuk olimlari, davlat va jamoat arboblarining yurtimizga qiziqish va e’tibori kundan-kunga ortib bormoqda.
Xorijiy mamlakatlardagi universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘rnatilayotgan amaliy hamkorlik aloqalari mamlakatda ilm-fanning yanada rivojlanishiga, Uchinchi renessansning mustahkam poydevorini bunyod etishga zamin yaratmoqda.
Jumladan, Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi Yangi O‘zbekistonga mana shunday qiziqish bildirmoqda. Oksford islom tadqiqotlari markazi islomshunoslik sohasida amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1985-yilda tashkil qilingan bo‘lib, bugungi kunda u o‘z sohasida jahonning eng ko‘zga ko‘ringan, ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu markazda fanning antropologiya, tarix, sharqshunoslik kabi bir qator tarmoqlari bilan birga islom ilmlari, xususan, zamonaviy islomshunoslik muammolari bo‘yicha tadqiqotlar yangi ilmiy yutuqlarning qo‘lga kiritilishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu markaz yurtimizdan yetishib chiqqan ikki buyuk alloma, hadis ilmining ikki buyuk darg‘asi - Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro grantlarni joriy qilgani esa uning yurtimizga, xususan, allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga qanchalik jiddiy e’tibor qaratganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarning tadqiqotchilari qatori o‘zbekistonlik yosh olim va mutaxassislar ham ushbu grantlar doirasida Oksford islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurib, u yerda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bu esa Yangi O‘zbekiston nomini dunyoga yanada kengroq tanitishga xizmat qilmoqda.
Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farxan Ahmad Nizami O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan 2021-yilda yurtimizga tashrifi davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bo‘lib, u yerda talaba va tadqiqotchilarning diniy hamda dunyoviy ilmlarni mukammal egallashlari uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. U Akademiya rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yuzasidan bajarilgan ishlar haqida iliq fikrlarni bildirib, bu borada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot sohasida bir qator istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ushbu kelishuvning amaliy ifodasi sifatida 2022-yil 14-yanvar kuni Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakillari Aliyor Tilavov, Shohruz Samadov, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farxan Ahmad Nizami, direktor o‘rinbosari Richard Veyers, stipendiya dasturlari koordinatori Talal al-Azim, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Davronbek Maxsudov, direktor o‘rinbosari Jamoliddin Karimov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda doktor Farxan Ahmad Nizami O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosi, bu yurtdan yetishib chiqqan olimlarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yuqori baholab, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yaqin ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatish Oksford islom tadqiqotlari markazi uchun ulkan yutuq bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Davronbek Maxsudov ikki markaz o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatilishi munosabati bilan Oksford islom tadqiqotlari markazi vakillarini qutlab, hamkorlikning keyingi bosqichlarida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, ikki markaz o‘rtasida o‘zaro xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Oksford islom tadqiqotlari markazi kutubxonasida saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalarini tadqiq etish hamda tavsifiy katalogini yaratish, hamkorlikda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid tadqiqotlarni amalga oshirish, Oksford islom tadqiqotlari markazi mutaxassislari ishtirokida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari uchun onlayn ilmiy seminarlarni tashkil qilish kabi bir qator muhim takliflarni bildirib o‘tdi.
Anglashuv memorandumini imzolash jarayonida tomonlar hamkorlikda yurtimizdan yetishib chiqqan mutakallim alloma, moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asarining Kembrij universitetida saqlanayotgan dunyodagi yagona qo‘lyozma manbasining faksimile nusxasini yaratish va uning ustida tadqiqot olib borish, ikki markaz o‘rtasida xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro onlayn seminar-treninglarni tashkil qilishga kelishib oldilar.
Kezi kelganda shuni ta’kidlash lozimki, yurtimizda faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalarning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi, jahonning yetuk universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilishini Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir. Shu bilan bir qatorda, bu yurtimizning jahon mamlakatlari orasida tobora o‘z mavqeyiga ega bo‘lib borayotgani, xorijlik olim va mutaxassislar tomonidan yuksak e’tirof etilayotganini ham ko‘rsatadi.
Ishonamizki, Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot sohasidagi yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Aziz TOJIYEV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi
Izoh qoldirish