538

Tinchlik va xotirjamlik qalb bilan anglab, ko‘z bilan ko‘rib qadrlanadigan ne’mat

DAVR NAFASI

Bag‘rikenglik va toqatlilik, tenglik va adolatni ta’minlash dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar faoliyatining bugungi kundagi asosiy masalalari qatoridan joy oldi. Bu esa, insoniyat tomonidan tinchlik va xotirjamlik birlamchi hayotiy ehtiyoj, taraqqiyotni ta’minlashning zaruriy sharti ekani anglab yetilayotganidan dalolat.

Ayni paytda, tinchlikni ta’minlash yo‘lida hal etilishi zarur bo‘lgan ko‘plab muammolar mavjudligini, barqaror hayotni izdan chiqarishga qaratilgan yangi shakl va mazmundagi tahdidlar paydo bo‘layotganini ham qayd etish zarur. Ta’kidlash joizki, davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning umume’tirof etilgan umuminsoniy qoidalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng to‘g‘ri va samarali yo‘lidir.

Ammo turli ziddiyatlarni keltirib chiqarish va shu yo‘l bilan o‘z maqsadiga erishishni ko‘zlaydigan kuchlar borligini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Bu esa, har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va hushyorlikni, sodir bo‘layotgan hodisalarga ziyrak ko‘z va teran nigoh bilan qarashni talab etadi.

Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.

Darhaqiqat, islomda tinchlik bebaho ne’mat, deb sanaladi. Shuning uchun ham, Qur’oni karim oyatlari tinchlik uchun kurashga da’vat qiladi. Xususan, “Baqara” surasi 208-oyatida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!..”, deyiladi. Oyatdagi “yoppasiga” so‘zi tafsir kitoblarida keltirilishicha, bir tomondan, barcha insonlarning birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishi lozimligi, ikkinchi tomondan esa, uning barqarorligini ta’minlash uchun qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham hissa qo‘shish zarurligini bildiradi.

Shu bilan birga, Alloh taoloning “U (yer)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!” (Hijr, 46), degan oyatida jannat ahlining abadiy hayoti tinchlik, osudalik va salomatlikda kechishi ta’kidlangan. Demak, bu oyat bizga tinchlik va omonlik nafaqat bu dunyoda qadrli, balki jannatda ham juda ulug‘ ne’mat ekanini hamda yer yuzi insoniyatning farovon, o‘zaro totuv va hamjihat yashashi uchun yaratilganini bildiradi.

Islom dinida tinchlikni ulug‘lash komil mo‘minlikning muhim belgilaridan biri. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Islom ta’limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e’tibor berilgan. Xususan, Qur’oni karimda “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro, 83), deb qayd etilgani fikrimiz isboti bo‘la oladi. 

Aslida bu oyat noshukrlik hamda uning oqibati – umidsizlik haqida bo‘lsa-da, mazmunidan ulug‘ ne’mat bo‘lgan el-yurt tinchligi, xalq xotirjamligini qadrlash, asrab-avaylash, unga putur yetkazishdan saqlanish zarurligi haqida xulosa chiqarish mumkin. Bu masala hadislarda ham muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislaridan birida: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, deyiladi. Ushbu hadis Alloh taoloning ulug‘ ne’matlari – tinchlik va xotirjamlikning qadriga yetish, hushyor va e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Zero, loqaydlik, e’tiborsizlik, befarqlik, noshukrlik emas, balki berilgan ne’matni e’tirof etish, uning qadriga yetish, e’zozlash, asrab-avaylash shukronalik mohiyatini tashkil etadi.

Tinchlikka raxna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon yetkazish, toifalarga bo‘linib, o‘zaro nizolashishning qoralanishi ham islomning tinchlik haqidagi ta’limoti asosini tashkil etadi. Xususan, Qur’oni karimning “Hujurot” surasi 9-oyatidagi o‘zaro nizolarni yarashish, kelishish yo‘li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo‘ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat’iy va tezkor choralar ko‘rish zarurligi qayd qilinganini ta’kidlash muhimdir. 

Qur’oni karimdagi “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li) da hamkorlik qilmangiz!” (Moida, 2), degan oyat ham yuqoridagi mulohazaning o‘rinli ekanini ko‘rsatadi.

Xalq orasida fitna qo‘zg‘atish, tuhmat va ig‘vo tarqatish yo‘lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham, bunday harakatlar islomning mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur’oni karimning “Baqara” surasi 191-oyatidagi “Fitna qotillikdan ham yomonroqdir”, degan ko‘rsatma hamda “Nur” surasining 11-21-oyatlarida mish-mish tarqatganlar uchun bu dunyo va oxiratda tayinlangan jazolar haqida xabar berilib, unga ishonganlar ham qattiq malomat qilingani haqidagi qaydlar yuqoridagi fikrlarning to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi.

Tinchlikni saqlash uchun har bir kishi mas’ul, uni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har kim o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Xususan, halol mehnat bilan sifatli va mo‘l hosil yetishtirgan dehqon, odamlar yoki yuklarni qoidalarga amal qilgan holda beshikast, eson-omon o‘z manziliga yetkazish oddiy haydovchining barqarorlik va osuda hayotni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Jumladan, Qur’oni karimda: “Agar mo‘min bo‘lsangiz (bilib qo‘yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga (boyliklaringizga) qo‘riqchi emasman” (Hud, 86), deya qayd etilgan. Bu oyat bilan halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning foydali ekani hamda haloldan topilgan boylikning barakali bo‘lishi haqida bayon etilmoqda. Shu bilan birga, xoh moddiy, xoh ma’naviy boylik bo‘lsin uning qo‘riqchisi – halol kasb, halol mehnat ekani ta’kidlanmoqda. Demak, o‘z kasbi va burchiga vijdonan yondashish tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning zaruriy sharti hisoblanadi. 

Qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, samimiyat va do‘stlik osoyishta hayot, yurt tinchligini ta’minlash asosidir. Zero, qo‘shnilar o‘rtasidagi shodlik mahalladagi ahillikka, o‘z navbatida, bu yurt tinchligiga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, islomda qo‘shnichilik munosabatlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida shunday deyiladi: “Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu, begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.

Hadislarda ham “Qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ta’kidlanadi. Demak, inson qo‘shnilari bilan tinch-totuv va o‘zaro mehr-oqibatli hayot kechirishi, uning ikki dunyo saodatiga erishishiga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi kabi da’vatlar ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezlik va xudkushliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini anglashga, o‘zaro yanadainoq va ahil bo‘lib yashashga undaydi.

Ogoh va hushyor bo‘lib yashash tinchlikni ta’minlash, turli ko‘ngilsizlik va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy sharti hisoblanadi. Zero, g‘ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmaydigan, bugunning huzur- halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg‘urmaydigan, beparvo va beg‘am kimsalarni “A’rof” surasining 179-oyatida: “...Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir”, deb ta’riflaydi.

Islom olamining e’tiborli ulamolari tomonidan moʻtabar manbalar asosida berilayotgan raddiyalarni tan olmayotgan turli yo‘nalish va firqalarning a’zolarini ham yuqoridagi oyatda keltirilgan kimsalarga qiyoslash mumkin. Tinchlikni ulug‘ ne’mat, deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Yuqoridagi mulohazalar yakunida yana bir holatni alohida qayd etish lozim. Ba’zi ne’matlarning shukri tilda “Alhamdulillah”, deyish bilan ado etilsa, ayrim ne’matlarning shukrini ham ma’nan, ham amaliy harakatlar bilan namoyon etish talab etiladi. Islomda tinchlik ana shunday shukr talab qiladigan ne’matlardan hisoblanadi.

Akmalxon AHMEDOV,

islomshunos olim

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 26-yanvar, 17-son

Izoh qoldirish