377

Markaz faoliyati Yevropaning nufuzli ilmiy muassasalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganiga yaqinda bir yarim yil to‘ladi. O‘tgan qisqa vaqt ichida markaz Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti – ICESCO, Turkiya Islom tadqiqotlari markazi, Qozog‘istonning “Fikr” diniy-amaliy tadqiqotlar markazi, Malayziya islom ilmlari universiteti, Turkiyaning Islom tafakkur instituti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Dorul maxtutot markazi, Saljuq universiteti qoshidagi Imom Moturidiy tadqiqotlar markazi kabi nufuzli ilmiy muassasalar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatdi.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, bugungi kunga kelib Markaz faoliyatiga Yevropaning nufuzli ilmiy muassasalari ham katta qiziqish bildirmoqda.

Yaqinda Markazimizda Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farxan Nizami mamlakatimizning boy ma’naviy, madaniy va ilmiy merosga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi. O’zbek zaminining buyuk allomalari va mutafakkirlari islom sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Oksford islom tadqiqotlari markazi uchun O’zbekistonning ixtisoslashgan muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Shuningdek, onlayn uchrashuv davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda moturidiylik ta’limotiga oid mavzularda xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, zamonaviy islom tadqiqotlari bo‘yicha tajriba almashish, xodimlarning ikki tomonlama stajirovkalarini yo‘lga qo‘yish, Oksford islom tadqiqotlari markazida mavjud noyob qo‘lyozma manbalarning faksimile nusxalarini olish, manbalar kataloglarini yaratish hamda birgalikdagi nashrlarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘z sohasida jahonning eng yirik va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan xamkorlik o‘rnatishi Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ilmiy merosi hamda moturidiylik ta’limotiga oid tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda va ushbu ta’limotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda yangi imkoniyatlar ochadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz qarori asosida tashkil qilingan mazkur Markaz yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish borasida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Markaz zimmasiga buyuk mutafakkir ajdodimiz Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish yuklangan. Shuningdek, moturidiylik ta’limoti mohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan.

O’tgan yilda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 35 nomdagi kitob, jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-qur’on” asarining 29-juzi, Mulla Ali Qorining “Sharx al-fiqx al-akbar”, Burxoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari kabi yirik ilmiy loyihalar amalga oshirildi.

Shu bilan bir qatorda, O’zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan 10 ta ommabop risola, zamonaviy islomshunoslik masalalariga doir 6 ta kitob, aqida ilmiga oid 6 ta matn, shuningdek, turli mavzularga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanma, kitob va risolalar nashr etildi. “Moturidiylik” ilmiy-ma’rifiy jurnali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda Markazda doktorlik ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mahalliy hamda xorijlik olim va mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda bu yerda misrlik tadqiqotchi, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Sa’d Damanhuriy, Turkiyaning Anqara universiteti doktoranti Mine Demirbilek kabi xorijlik olim va tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar bilan band.

Moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganish bo‘yicha Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoshida xalkaro ilmiy xay’at o‘z faoliyatini boshlagan. Dunyoda e’tirof etilgan 22 nafar olim va mutaxassislarni o‘zida jam qilgan ushbu hay’at tarkibida O’zbekiston, Misr, Turkiya, Iordaniya, Albaniya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan olimlar jalb etilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, yuksak insoniy g‘oyalarni keng yoyishga xizmat qilmoqda.



Davronbek MAXSUDOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 25-noyabr, 16-son

Izoh qoldirish