505

Millat fidoyisi

19-YANVAR – MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY TAVALLUD TOPGAN KUN

Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, Turkiston jadidlari rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining bayroqdori, yangi maktabchilik nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi, noshir Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919-y.) tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi. O‘lkamizni bosib olgan Rossiya imperiyasi uzoq yillar zo‘r berib, uni turg‘un va tutqun saqlashga urinayotgan bir sharoitda Vatanni butunlay yo‘q bo‘lishdan saqlab qolish, avlodlarni ozodlik va mustaqillik ruhida tarbiyalash, ma’rifat va taraqqiyotga boshlash Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning izdoshlari zimmasiga tushgandi. Ular Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktablar tashkil etib, ulardagi o‘qitish tizimini isloh qildi. Xususiy maktablar ochib, bolalarga diniy fanlar bilan birga aniq va tabiiy fanlarni o‘qitdi, she’r va maqolalari hamda sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875-yil 19-yanvarda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li Ahmad Yassaviy avlodidan bo‘lib, imom-xatiblik bilan shug‘ullangan. Ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, Buxoro amiri Shohmurod davrida (1785-1800-y.) Samarqandga kelib qolgan. Mahmudxo‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramog‘ida o‘sib voyaga yetdi. Arab tili grammatikasini kichik tog‘asi Mulla Odildan o‘rgandi. Buxoro madrasalarida tahsil olib yurgan paytlarida dastlab onasi (1893-y.), so‘ng otasi (1894-y.) vafot etgach, moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishni nihoyasiga yetkaza olmadi. Samarqandga qaytib, Muhammad Siddiq qozixonasida mirzalik qila boshladi. Tez orada qozilikdan mufti darajasiga ko‘tarildi. 

1899-1900-yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy Haj ziyoratiga otlanadi. Sakkiz oylik sayohati davrida ozodlik uchun kurash yo‘llarini izladi. Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalar, jumladan, milliy ozodlik harakatlari va ularning sabablari, mohiyatini millat manfaati nuqtai nazaridan tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazadi. Sharqning Yevropa davlatlari mustamlakasi ostida bo‘lgan boshqa mamlakatlari ahvoli haqida ma’lumot to‘plab, ularning hurriyat yo‘lidagi harakatlarini o‘rgandi. 

Vataniga qaytgan mutafakkir tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qildi, bu masalalar borasida maslakdoshlari Hoji Baqo, Ho‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li, Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozaralar o‘tkazdi. Ana shu bahslar, fikr almashuvlar natijasida xulosalar chiqarib, Turkistonning mustamlakaga tushib qolishi sabablarini ko‘rsatib, yurtni ozod qilish bo‘yicha rejalarini ishlab chiqadi. Ammo buni amalga oshirish yo‘lida bir-biridan kuchli to‘siqlar bor edi. Ularning eng og‘iri xalq ommasining parokandaligi, ijtimoiy va huquqiy ongining pastligi edi. Shuning uchun ham Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning safdoshlari hurriyat uchun kurashning dastlabki va zaruriy bosqichi — millatni ma’rifat bilan “qurollantirish”ni tanlaydi.

1903-yili alloma tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlog‘ida, Hoji Muin Xo‘ja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochadi. Behbudiy maktablar faoliyatini tashkil etish bilan birga, ular uchun “Risolai asbobi savod” (1904-y.), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905-y.), “Risolai jug‘rofiyoyi Rusiy” (1905-y.), “Kitobat ul-atfol” (1908-y.), “Amaliyoti islom” (1908-y.), “Tarixi islom” (1909-y.) kabi darslik va qo‘llanmalar yozadi.

1908-yili “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur bo‘lgan) kutubxonasini ochadi. Ushbu kutubxona ikki navbatda – soat 9 dan 17 gacha va soat 18 dan 24 gacha kitobxonlarga xizmat ko‘rsatgan. Alloma “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnal esa undan ham ko‘p bo‘lganini yozadi. 1914-yilgi sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Yunoniston, Bulg‘oriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida bo‘lib, u yerlardan o‘z kutubxonasi uchun juda ko‘p kitob va risolalar olib keladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish, darsliklar yozish, kutubxona ochish bilan cheklanib qolmagan. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib borish, millat va Vatan ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lish uchun 1913-yildan matbuot ishlarini yo‘lga qo‘yadi va shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnalini chiqara boshlaydi. “Samarqand” gazetasi o‘zbek va tojik tillarida, haftada ikki marta, dastlab ikki, so‘ng to‘rt sahifada chop etilgan.

1913-yil 17-sentabrda gazetaning 45-soni chiqqach, bir tomondan, mustamlakachilar senzurasi, ikkinchi tomondan, yetarli mablag‘ bo‘lmagani sabab to‘xtatiladi. Haftalik “Oyina” jurnali obunachilari nafaqat Turkiston, balki Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyada ham bor edi. 1915-yilgacha nashr qilingan jurnalda Turkiston aholisining haq-huquqi, tarixi, til-adabiyot masalalariga bag‘ishlangan g‘oyat muhim maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalasi muharrirning hamisha diqqat markazida turgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy millat taraqqiysi uchun bir necha tilni bilishni shart, deb hisoblagan.

Mutafakkirning adabiy tanqidga oid maqolalari ham jurnal sahifalaridan o‘rin olgan. Alisher Navoiydan keyingi bir necha asrlik sukunatdan so‘ng, “Tanqid saralamoqdur” maqolasida bu sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini ta’kidlab, adabiyotda teng huquqlilik masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Millat o‘zini anglagandagina, ijtimoiy-siyosiy masalalarni boshqalar bilan teng muhokama eta oladi, degan fikrni ilgari suradi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy millat ziyolilaridan Abdurauf Fitrat, Siddiqiy, Hoji Muin, Akobir Shomansur, Muhammad Said, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hakim Buxoriy, Niyoziy Rajabzodaning maqolalari va she’rlarini “Oyina” sahifalarida chop etib boradi. Nashr yosh qalamkashlar, bo‘lg‘usi adib va ma’rifatparvarlar uchun tajriba maydoni vazifasini ham o‘tagani ma’lum. 

“Oyina” jurnali tahririyatining faoliyati mustamlakachilar tomonidan doimiy nazoratda bo‘lgan. O‘zbekiston Milliy arxivida Turkiston harbiy okrugining shtab boshlig‘i imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914-yil 19-avgust kuni 100-xat yuborilgan bo‘lib, unda Birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo bo‘lishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshiradi. “Oyina” jurnali to‘g‘rilama-qoralamasidan ko‘chirma jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha senzuraga yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy harbiy okrugga chaqirtirilib, ushbu “o‘ta maxfiy xat” ostiga “o‘qidim va ma’lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektiriladi. Shu bilan birga, Turkiston general-gubernatorligi nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlar ko‘paytiriladi. “Oyina” bosh muharriri esa ularga munosib javob berib boradi. Ammo jurnal faoliyatini cheklash uchun olib borilgan uzluksiz harakatlar o‘z samarasini beradi va 1915-yilga kelib jurnal faoliyati butunlay to‘xtatiladi.

Alloma jamiyat hayotidagi illatlar, nuqsonlar va ilmsizlikni sahnada ko‘rsatish orqali xalqni taraqqiyparvarlikka da’vat etish maqsadida 1914-yili milliy teatrga asos soladi. Teatr sahnasi uchun “Padarkush” dramasini yozadi. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining yubiley sanasiga bag‘ishlanadi”, degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olgach, 1913-yili uni chop ettiradi. “Padarkush” dastlab 1914-yil 15-yanvarda Samarqandda, 1914-yil 27-fevralda Toshkentda sahnaga qo‘yilgan. Abdulla Avloniyning “Turon” guruhi o‘z faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan  boshlagan edi “Turon” guruhi 1914-1916-yillarda bu spektakl bilan butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqadi. Ushbu sahna asari Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘inbarot yillarda ham sahnadan tushmaydi. Bu, bir tomondan, millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, rosmana o‘zbek teatri va dramaturgiyasining maydonga kelishi hamda taraqqiyotiga xizmat qiladi. 

1917-yil mart oyida Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi o‘tkazilib, Turkiston musulmonlari sho‘rosi milliy markazi saylanadi. Unga mintaqaning hamma bo‘laklaridan vakillar, jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Nosirxon To‘ra, Muhammad Tinishboyev, O‘roz Sardor ham kiritiladi.

1917-yilning 16-23-aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyda Mahmudxo‘ja Behbudiy nutq so‘zlab, millatni o‘zaro ixtiloflardan voz kechish, buyuk maqsad yo‘lida birlashish, ittifoq bo‘lishga chaqiradi. “Ixtilofimiz sababli mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar”, deb ochiq aytadi.

1917-yil yozida Rossiya o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib turgan davrda Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini o‘ylab, “Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bo‘lsun”, deb yangi takliflar beradi.

Bu taklifga birinchi bo‘lib chorizmdan qolgan “burjuachilar” emas, “morozovchilar”, ya’ni bo‘lg‘usi bolsheviklar qarshi chiqadi. Ular Mahmudxo‘ja Behbudiyning adolatli yondashuvlaridan xato topa olmaydi. Biroq uning takliflarini “shoshqaloqlarcha” berilgan, deya e’tiroz bildiradi. Shuningdek, o‘zlarining har jihatdan ustunligini ko‘rsatib, “Musulmonlar o‘zlarini boshqarishda hali ruslardan ko‘p o‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar o‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bo‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda ko‘p bo‘ladi, musulmonlarda esa bo‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bo‘lmaganlarga qo‘yib bersa, ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bo‘ladi”, deb xulosa yasaydi.

1917-yil oktabrda hokimiyatni to‘liq egallagan bolsheviklar yeng shimarib mustamlakachilik siyosatini kuchaytirishga kirishadi. Millat oydinlari yangi hukumatdan muxtoriyat talab qila boshlaydi. 1917-yil 26-noyabr kuni Qo‘qon shahrida o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi chaqiriladi va Turkiston muxtoriyati tashkil etilgani e’lon qilinadi. Yangi Turkiston asoschilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lib, millat fidoyisining ozodlikka bo‘lgan intilishi, uni intiqib kutganini “Hurriyat” gazetasining 1917-yil 22-dekabr sonidagi “Turkiston muxtoriyati” sarlavhali maqolasidagi quyidagi fikrlaridan bilib olish mumkin: “27-noyabrda Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati Umumiy musulmon s’yezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lganim uchun iftixor etaman. Yashasun, Turkiston muxtoriyati! ...Shuni bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon to‘kilmas. Yer va amlok ham taqsim bo‘lmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodlik ixtilof etmoq uchun ittifoq etganmiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bo‘lurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 millionlik bir quvvat ummong‘a kelurki, shunga yer titraydur. Agar so‘zumni fahmlata olgan bo‘lsam, o‘zimni baxtli hisoblardim”.

Turkistondagi mustamlakalaridan mahrum bo‘lishni istamagan bolsheviklar Muxtoriyatga qarshi chiqadi va 1918-yil fevralda Qo‘qon shahri qonga botiriladi. Mustaqil davlat tuzishga harakat qilgan hukumat bor-yo‘g‘i 72 kun yashagan. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy Qo‘qondagi voqealardan tushkunlikka tushmagan, millat manfaati yo‘lida xizmat qilishda davom etib, so‘nggi nafasigacha ozodlik uchun kurashgan. U ayrim yurtdoshlari singari “qizil” bosqinchilar safiga qo‘shilgan emas, balki 1917-yildayoq bolsheviklarga qarshi tuzilgan, yashirin faoliyat olib borgan “Ittihodi taraqqiy” jamiyatiga kirgan. 1919-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy Favqulodda komissiya ayg‘oqchilari yordamida Shahrisabz bekligida qo‘lga olinadi. Oradan taxminan ikki oy o‘tgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlanadi. Bir necha kundan so‘ng Qarshi begi Tog‘aybekning buyrug‘i bilan yordamchisi Nuriddinxo‘ja Og‘aliq Ahmadxo‘ja o‘g‘li tomonidan zindon yaqinidagi “podsholik chorbog‘i”da o‘ldiriladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatl qilingani Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy va boshqa shoirlar allomaga atab marsiyalar yozgan. 

Keyinchalik Mahmudxo‘ja Behbudiyning Samarqandda faoliyat yuritayotgan shogirdlari, safdosh va maslakdoshlari uning qabrini izlab topish, qotillarni aniqlash harakatiga tushadi. Ular “Samarqand komissiyasi”ni tuzib, Qarshiga kelganida, bu paytda ushr-soliq nazorati idorasining boshlig‘i bo‘lib olgan Nuriddin Og‘aliq ularning faoliyatiga yo‘l qo‘ymaydi. Qarshi shahridagi hukumat a’zolari esa uning xohish-irodasiga qarshi chiqolmagan. 

Amirlik davrida yuqori mansabda ishlagan Nuriddin Og‘aliq sovet hukumatida ham o‘z mavqeini saqlab qolishining sababi bolsheviklar bilan hamkorlikda o‘zbekning ulug‘i Mahmudxo‘ja Behbudiyni yo‘q qilib yuborgani bilan bog‘liqligini hech kim inkor etolmaydi, albatta. U “Samarqand komissiyasi” faoliyatiga yo‘l qo‘ymay, “yopiqliq qozon yopig‘ligicha qoladi”, deb o‘ylaydi.

Ammo 1923-yilning kuzida BXSR hukumati taftish komissiyasi Qarshi viloyati soliq idorasi faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazadi. Komissiya Nuriddin Og‘aliq hamda uning safdoshlari katta qonunbuzarlik va jinoyatga qo‘l urganini aniqlaydi. Chunonchi, Nuriddin Og‘aliq hukumatning 42 ming pud bug‘doyi va 20 ming oltin quymasini talon-taroj qilganlikda, mehnatkashlarning bir-ikki mingini yarim och, yarim to‘q holatda o‘z yerlarida ishlatganlikda ayblanadi. Bundan tashqari, buyuk mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotiga zomin bo‘lgani bilan bog‘liq jinoyati ham qo‘shilib, sud Nuriddin Og‘aliqni otishga qaror qiladi.

Hukm 1923-yil 19-sentabrda Registon maydonida 5000 aholi ishtirokida amalga oshiriladi. “Buxoro axbori” gazetasida “Behbudiy va rafiqlarining o‘ldirilishiga sabab bo‘lg‘on fuqaro hukumatning molig‘a xiyonat qilgan mazkur Og‘aliq 19-sentabrda (1923-yil) odil hukumatimiz tomonidan otildi, demak, Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi”, deb xabar beradi.

Buxoro hukumati Qarshi viloyati ijroqo‘mi raisi Jo‘ra Zokiriy hamda Qarshi viloyat firqo‘mi Nazarov zimmasiga Mahmudxo‘ja Behbudiy qabrini qidirib topib, uning haykalini o‘rnatish vazifasini yuklaydi. Lekin bu mutasaddi shaxslar o‘zlariga yuklangan vazifani uddalay olmagan. “Ozod Buxoro” gazetasining 1923-yil 19-oktabrdagi sonida “Turkistonning mashhur jamoat xodimlaridan Behbudiyning ismini umrbod (abadiy) qoldirmoq uchun Buxoro Respublikasi qurultoyi Qarshi viloyatini Behbudiy viloyati deb ismlamakka qaror berdi”, deb xabar beradi.

Qarshi viloyati 1937-yilga qadar Behbudiy viloyati deb yuritilib, 1937-yili boshlangan qatag‘onlar oqibatida viloyatdan alloma nomi olib tashlanadi. O‘zbekning barcha ziyolilari singari Mahmudxo‘ja Behbudiy ham millat ozodligi va taraqqiyoti uchun kurashgani uchun sovetlarning qora ro‘yxatidan o‘rin oladi. 

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, barcha jadid bobolarimiz singari Mahmudxo‘ja Behbudiyning ham muborak nomi qayta tiklandi. Tarixchi va tilshunos olimlar tomonidan uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda ilmiy merosini o‘rganish boshlandi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev XX asr boshlarida Turkistonda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solgan, millat ozodligi, xalq farovonligi uchun kurashgan barcha jadidlarga, jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyga ehtirom bildirib, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish hamda ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha adolatli ishlar qilmoqda. Chunonchi, 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida milliy yetakchimiz “...2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deya ta’kidlagani buyuk allomaning millatimiz va davlatimiz oldidagi tengsiz xizmatlari e’tirofidir, albatta.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 30-sentabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ziyolilarga murojaatida esa jadidchilik harakati va uning yirik namoyandalari haqida to‘xtalib, “...mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi... Bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar” dedi hamda uch jadid – Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovni istiqlol, ozodlik, erkinlik uchun qilgan fidokorligi, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishdagi hissasi o‘laroq “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlaganini bildirdi. O‘z davridayoq “Turkiston jadidchilik harakati otasi”, deb e’tirof etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning qilgan xizmatlari e’tirof etilib, davlatimiz rahbari tomonidan munosib taqdirlandi. 

Dilnoza JAMOLOVA, 

O‘zFA Tarix instituti doktoranti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 19-yanvar, 12-son

 

Izoh qoldirish