Mamlakatning madaniy-ma’rifiy taraqqiyoti asosi
Qonun jamiyatda adolat, tenglik va madaniy-ma’naviy munosabatlar asosi hisoblanadi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, qonun bu – madaniyatli hayotni madaniyatsiz hayotdan ajratadigan vositadir. Qonun insoniy jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun zamin yaratadi.
Qonun mamlakat fuqarolari tomonidan demokratik davlatda qabul qilingan tarib-tamoyil bo‘lib, barcha jamiyat a’zolari unga bo‘ysunishi majburiydir. Har qanday davlat, jamiyat taraqqiyoti, xalqning ma’naviy-ma’rifiy yuksakligi — qonun ustuvorligiga rioya qilinishiga bog‘liq.
O‘zbek davlatchiligi tarixida qonun ustuvorligiga katta e’tibor berilib kelgan. Masalan, XIV-XVI asrlarda Temuriylar davlatida “Temur tuzuklari” saltanat Konstitutsiyasi vazifasini bajargan. Alisher Navoiyning yozishicha, Amir Temur o‘z o‘g‘li Mironshohni so‘roqqa tortishi, shuningdek, Sulton Husayn Boyqaro ustidan bir kampir da’vosi asosida sud majlisiga chaqirilishi va sud qarorining qabul qilishi ushbu davlatda qonun ustuvorligidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda ham qonun ustuvorligini ta’minlashga keng e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bir qator hayotiy zarurat va xalqaro talablarga javob beradigan qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonunlar qishloq xo‘jaligi, tijorat, sanoat, tashqi va ichki siyosat, vijdon erkinligi bo‘yicha mamlakatni katta yutuqlar sari yo‘lladi. Fuqarolar uchun turli sohalarda erkin faoliyat olib borish yo‘llarini ochib berdi.
Vijdon erkinligi haqidagi qonun davlatning ichki siyosati, demokratik tamoyillar va bag‘rikenglikka asoslanganligi bilan ahamiyatlidir. Bir tomondan diniy tashkilotlarning kengayib borishi va diniy ta’limotlardan siyosiy va g‘arazli maqsadlar uchun foydalanishdan kelib chiqayotgan faoliyatlar sababli bir qator muammolar yuzaga keldi. Natijada, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi loyihasi inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda barcha xalqaro inson huquqlari bo‘yicha qabul qilingan normalarga hamohang tayyorlanib, qabul qilindi.
Qonundagi yangi o‘zgarishlar quyidagi muammolarni yechish bo‘yicha ijobiy rol o‘ynaydi: Dinni siyosiylashtirish va shu asosda diniy partiyalar va guruhlar paydo bo‘lishining oldini olish, ekstremistik guruhlarning g‘oyaviy va amaliy faoliyatlari yo‘lini to‘sish, missionerlik faoliyatini qonun doirasida nazorat qilish, diniy ekstremistik guruhlar tomonidan internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilayotgan faoliyatlarni nazorat qilish hamda boshqa ko‘p muhim masalalarni qamrab oladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun demokratik normalar va xalqaro qabul qilingan me’yorlarga muvofiq tuzilgan. Mazkur muhim hujjat O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega.
A.JO‘ZJONIY,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori
Izoh qoldirish