637

“Kitob al-Hidoya” asarining nodir nusxasi

“Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” — “To‘g‘ri yo‘l”) asarining bir necha qo‘lyozma nusxalari turli davlatlar kutubxonalarida saqlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi “Manbalar xazinasi” bo‘limi “Qo‘lyozmalar fondi”da ham ulug‘ alloma — Burhoniddin al-Marg‘inoniyning “Kitob al-Hidoya” asari dunyodagi eng qadimiy (XIII asrga oid) nusxalaridan biri saqlanmoqda.

Mazkur qo‘lyozma nusxa 2003-yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (avvalgi Toshken islom universiteti) ga tuhfa qilingan.

Qo‘lyozma muqovasining o‘lchami 17.5х27.5, varaq o‘lchami: 17х27, matn o‘lchami esa 12х17 ni tashkil qiladi. Qo‘lyozma varaqlarining umumiy soni 457 v. (1а-914b), satrlar adadi esa 25 qatordan iborat. Varaqlari ipakdan ishlangani diqqatga sazovordir. Qo‘lyozmaning asl holatini saqlab qolish maqsadida Akademiya tomonidan qayta ta’mir qilingan. Asarning 2b-varag‘ida to‘rtburchak shaklidagi jadvalga “كتاب الهداية في الفقه على مذهب” so‘zlari, doira shaklidagi jadvalga esa “الامام الاعظم ابي حنيفة النعمان قدس الله روحه ونور ضريحه وجعل الجنة منقله ومثواه وصلى الله محمد وآله وصحبه وسلم والحمد لله وحده” (Bu fiqhda Imomi A’zam Abu Hanifa Noʻmon (Alloh u zotning ruhini poklasin, qabrini nurga to‘ldirsin va borar joyi hamda yotgan maskanini jannat aylasin) mazhabiga muvofiq bo‘lgan “al-Hidoya” kitobi. Muhammad (s.a.v.), U zotning oilasi va sahobalariga salovotlar bo‘lsin! Hamd yolg‘iz Allohgagina xosdir) jumlasi bitilgan.

Qo‘lyozmaning aksariyat sahifalari hoshiyalarida turli kotiblar tomonidan yozilgan sharhlar, ayrim so‘zlarga berilgan tushuntirishlar, to‘ldirishlar mavjud. Ayrim sahifalarda matn orasiga ham izohlar bitilgan. Qo‘lyozmadagi kitob, fasl nomlari, “ولنا ”, “ولهما” so‘zlari qizil siyoh bilan ajratib ko‘rsatilgan. Matn va sharh qora siyohda yozilgan. Matn ustiga qizil siyoh tortilgan. Asar “Kitob ut-tahorat” bobi bilan boshlanadi va “Kitob ul-xunsa” bobi bilan yakun topgan. Nusxaning dastlabki sahifasiga “كتاب الهداية في فروع الحنفية لشيخ الإسلام وبرهان الملة والحق والدين” (Shayxulislom, millat, haq va din burhoni (jujjati Imom Marg‘iloniy)ning hanafiy mazhabi furu al-fiqhiga bag‘ishlangan “al-Hidoya” kitobi) mazmunidagi yozuv bitilgan. Keyingi sahifada esa muqaddima mavjud.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, “Kitob al-Hidoya” asari muallifining to‘liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg‘oniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniyning nasl-nasabi ulug‘ sahobiy Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib tutashadi. Butun islom dunyosiga Shayxulislom bo‘lib tanilgan Burhonuddin al-Marg‘inoniy 511-hijriy 8-Rajab (milodiy 1123-yil 23-sentabr) dushanba kuni dunyoga kelgan. Imom, faqih, hofiz, muhaddis, mufassir, ko‘plab ilm-fanlarni puxta o‘zlashtirgan ishonchli, muhaqqiq, nozik musahhih, taqvodor zohid, usulchi, adabiyotshunos Burhoniddin al-Marg‘inoniy ko‘plab mashhur faqihlardan ta’lim olgan. Burhoniddin al-Marg‘inoniy hijriy 593 (milodiy 1197) yilda Samarqandda vafot etgan.

Burhoniddin al-Marg‘inoniy o‘zidan xalq va butun olam musulmonlari uchun manfaatli asarlar qoldirdi. Ular ichida “Kitob al-Hidoya” asari islom dini fiqhi bo‘yicha yozilgan benazir manba sifatida hozirga qadar ardoqlanib kelinadi. Ayniqsa, hanafiy mazhabi olimlari tomonidan bu asarga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi. Imom al-Marg‘inoniy dastlab “Bidayat ul-mubtadi” (“Boshlovchilar uchun qo‘llanma”) nomli asar yozib, unda “Muxtasar ul-Quduriy” va Imom Muhammad Shayboniyning “al-Jomi as-sag‘ir” asarlarini jamlab, zarurat sezganda o‘zi ham ba’zi masalalarni kiritadi. So‘ng mazkur asarga sakson jildli sharh tasnif etib, uni “Kifoyat ul-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot”) deb nom beradi. Keyinchalik “Kitob al-Hidoya” nomi ostida mazkur sharhga muxtasar yozadi.

Musannif “Kitob al-Hidoya” asarini 573-hijriy Zulqa’da oyi (milodiy 1178-yil aprel-may)ning chorshanba kuni peshin vaqtida yozishni boshlagan va o‘n uch yil davomida yozib tugatgan. “Kitob al-Hidoya” asari o‘zining qisqa lafzlari va teran ma’nolari hamda iboralarining go‘zal uslubda tuzilganligi bilan boshqa fiqhiy asarlardan ajralib turadi.

Taniqli olim Abdulhakim Shar’iy Juzjoniyning ta’kidlashicha, Afg‘oniston va Hind yarim orolida “Kanz ud-daqoiq” va “Muxtasar ul-Quduriy” kitoblaridan keyin, “Kitob al-Hidoya” asarini yetuk ustozdan o‘qib tamomlamagan tolib haqiqiy fiqh olimi hisoblanmagan.

Demak, bu ham ulug‘ mutafakkir bobomiz Imom al-Marg‘inoniyning “Kitob al-Hidoya” asari muqaddas islom dinini o‘rganishda nechog‘lik noyob asar ekanidan dalolat beradi.

 

Abdulloh MALLABAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Manbalar xazinasi mudiri o‘rinbosari

Izoh qoldirish