Tinchlik va taraqqiyot asosi
Diniy bag‘rikenglik
O‘zbekiston qadim-qadimdan diniy bag‘rikenglik o‘lkasi sifatida e’tirof etilgan. Bu diyorda yashab kelayotgan turli millat va konfessiya vakillari azaldan bag‘rikeng o‘zbek xalqi bilan hamjihatlikda shu yurt taraqqiyoti, tinchligi uchun bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilib kelmoqda.
“Bag‘rikenglik” so‘zi deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to‘ldiruvchi mazmunga ega. Ularni umumlashtirib muruvvatlilik, himmatlilik, kechirimlilik, mehribonlik, hamdardlik kabi ma’nolarni ifodalaydi deyish mumkin.
Diniy bag‘rikenglik – biror kishiga nisbatan uning dini va e’tiqodiga qarab emas, balki uning, avvalo, inson ekanligini e’tiborga olgan holda muomala qilishni anglatadi. Bu har bir inson o‘z diniga e’tiqod qilishga haqqi borligini tan olish va o‘zga din va e’tiqod vakillariga nisbatan hurmatda bo‘lishdir
Diniy bag‘rikenglik – o‘zi uchun begona bo‘lgan dunyoqarash vakillariga nisbatan xavotir va nafrat bilan emas, balki xotirjamlik va samimiyat bilan munosabat ko‘rsatishdir.
Xalqimiz boshidan ne-ne sinovlarni o‘tkazmasin, og‘ir damlarni sabr bilan yengib o‘tib, kishilar o‘rtasida diniy va milliy ixtiloflarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymagan. Aksincha, qiyinchilik davrida boshqa millat va e’tiqod vakillariga go‘zal insonparvarlik namunasini ko‘rsatgan.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi xalq artisti, mashhur aktyor Yuriy Nikolayevich Stoyanovning “Мою семью во время войны спасли узбеки” nomli videosi keng tarqaldi. Mashhur aktyor o‘z xotiralarida Ikkinchi Jahon urushi davrida onasi Yevgeniya Leonidovna Stoyanova yosh qizchaligida O‘zbekistonga ko‘chirilganlardan biri bo‘lganini, o‘zbek oilasida tarbiya topganini qayd etdi. Yuriy Stoyanov hozirgacha o‘zbek palovi va nonini sevib iste’mol qilishini ta’kidlarkan insonlar bilan muomalada hurmat yuzasidan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turishni o‘ziga odat qilgan bu xalq – bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi, fidoyiligi va kamtarligi bilan hamisha hurmat va ehtiromga sazovor ekanini o‘zgacha his-hayajon bilan qayd etdi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda bugun ham mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo birlik va birdamlikni ta’minlash, yoshlar ongiga bag‘rikenglik g‘oyalarini singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu o‘tkir haqiqatni anglash bugun har qachongidan ham dolzarbdir. Zero, dunyoda hukmronlik qilishga intilayotgan ayrim kuchlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga insonlar o‘rtasida ixtilof va ziddiyatlar chiqarish, kishilarni bir-biriga qarshi qo‘yish, “Bo‘lib tashla, hukmronlik qil!” qoidasini amalga oshirish yo‘lidan bormoqdalar. Tinchlik va osoyishtalik dushmanlarining makr-aldovlariga uchmaslikning muhim tamoyili yurakni keng qilish, har qanday muammoni aql va sabr bilan hal qilishdir.
Oila muhitida tinch va xotirjam hayot kechirish uchun keng fikrli, chuqur andishali va tolmas toqatli bo‘lish muhimdir. Bugungi kunda er-xotin, ota-bola, qaynona-kelin, aka-uka, opa-singil o‘rtasida yuzaga kelayotgan ayrim ziddiyatlarning asosiy omili – bag‘ritorlik, egoistlik ekani statistik ma’lumotlardan ma’lum.
Mahallalar, ovul va qishloqlarda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lmog‘i uchun qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, hurmat-izzat munosabatlari mustahkamlanib bormog‘i zarurdir. Qo‘shniga yaxshilik qilish, bemor bo‘lsa, holidan xabar olish, biror narsaga muhtoj bo‘lsa, yordam qo‘lini cho‘zish, hamsoyaga tansiq taom ulashish milliy va diniy qadriyatlarimizdan, tinchlik poydevori bo‘lgan bag‘rikenglikni quvvatlantiruvchi omillardandir.
Turli millat va e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch barqarorligini ta’minlash muhimdir. Bu borada virtual bag‘rikenglikning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Bugun ijtimoiy ziddiyatlar virtual olamda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, platformalar orqali yuzaga kelayotgani sir emas.
Bugungi kunda virtual bag‘rikenglik atamasini ilm-fanga joriy qilish va uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish dolzarb ahamiyatga ega. Virtual bag‘rikenglik – internet olamida muloqot chog‘ida turli profil va akkaunt egalari o‘rtasida o‘zaro hurmatni unutmaslikdir. Shaxsi, millati, e’tiqodi, dunyoqarashidan qat’i nazar biror kimsani haqorat qilishdan, obro‘sini to‘kishdan, kamsitish va tahqirlashdan saqlanish, kishilarni parokanda qiladigan, odamlar orasida adovat va buzg‘unchilikka sabab bo‘ladigan ma’lumotlarni tarqatmaslikdir. Virtual bag‘rikenglik – diniy bag‘rikenglikning, diniy bag‘rikenglik - tinchlikning, tinchlik esa taraqqiyot va farovonlikning muhim asoslaridandir.
Xulosa qilib aytganda, bag‘rikenglik saodatdir. Uni oilada, mahallada, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda targ‘ib va tashviq etish yurtini sevgan, uning munavvar istiqboli uchun qayg‘urgan har bir fuqaroning dolzarb vazifasidir.
Saidafzal SAIDJALOLOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
katta o‘qituvchisi.
Izoh qoldirish