III uyg‘onish davri sari qadam
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 23-iyundagi qarori asosida tashkil qilinmoqda. Prezidentimiz 2018-yil 15-iyunda markaz qurilishiga tamal toshini qo‘yishda ishtirok etdi. O‘tgan davr mobaynida Davlatimiz rahbari mazkur mahobatli markazga bir necha bor kelib, qurilish jarayoni borasida o‘z tavsiyalarini bergan bo‘lsa, yaqinda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifini amalga oshirdi.
“Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, sivilizatsiya turli sohalar rivojining yuqori cho‘qqisi sanaladi. Uni tamaddun atamasi bilan ham ifoda etadilar. Madaniyat so‘zi odatda bir sohaga bog‘lab aytiladi. Sivilizatsiya esa hamma sohalardagi madaniyatning yuqori darajada rivojlanganini anglatuvchi tushuncha hisoblanadi.
Islom sivilizatsiyasi deganda islom dini yoyilgan hududlarda ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat sohalarda erishilgan yutuqlar majmui tushuniladi. Bunda yurtimizning hissasi beqiyos. Diyorimizdan chiqqan buyuk allomalar, olim-u ulamolar, fozil-u fuzalolar islom tamadduni rivoji yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlari sabab “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi beshigi” degan xalqaro e’tirof yuzaga keldi. Yaqinda Saudiya Arabistoni Qirol Faysal Islom tadqiqotlari markazi direktori Saud Solih al-Sarxan O‘zbekistonning islom dunyosidagi roli tobora ortayotganiga e’tibor qaratib, Saudiya Arabiston O‘zbekistonni Islom sivilizatsiyasining beshiklaridan biri deb bilishini ta’kidladi.
Shu bois mamlakatimizning islom tamadduni rivoji yo‘lidagi beqiyosi hissasi namoyish etadigan yaxlit majmua – O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi esa Yangi O‘zbekistonning turli sohalardagi madaniy taraqqiyot yo‘lidagi tashrif qog‘ozi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu yerga kelgan inson asrlar davomida ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat yo‘lida amalga oshirilgan beqiyos ishlarga guvoh bo‘ladi, buyuk allomalar bilan hayoti va faoliyati bilan tanishib, ular bilan muloqot qilgandek bo‘ladi. Bu dargohda Beruniy, Xorazmiy, Buxoriy, Moturidiylar so‘zlaydilar. Ular o‘z ziyoratchilarini ezgulikka, insonparvarlikka, haq va hidoyat yo‘lidan borishga chorlaydilar.
Tashrif davomida Davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi mahobatiga munosabat bildirib, bu mahobatli binoga munosib ilmiy muhit yaratish kerakligini alohida ta’kidladi. Bu ilmiy muhitda allomalar merosi ziyo taratadi. Yangi xorazmiylar, buxoriylar kamolga yetadi. Eng asosiysi, islom sivilizatsiyasi markazi mahobati va mohiyati bilan bu yerga tashrif buyuruvchilarni yuksak ma’naviyat va ma’rifatga yo‘llovchi majmua sifatida bashariyatga xizmat qiladi.
Saidafzal SAIDJALOLOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi
katta o‘qituvchisi.
Izoh qoldirish