494

Ajdodlarimiz merosida – islom madaniyati asosiy o‘rin tutadi

Xalqimiz milliy ma’naviyatini muqaddas islom dini va uning asriy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham mustaqil taraqqiyot yillarida milliy ma’naviyatimiz bilan birga, uning ajralmas qismi bo‘lgan muqaddas dinimiz va diniy qadriyatlarimizni tiklash, har tomonlama rivojlantirish masalasiga doimiy e’tibor berilmoqda.  

Ayniqsa, so‘nggi to‘rt yil ichida yurtimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ochilishi, turli hududlarda ilmiy maktablarning tashkil etilganini alohida ta’kidlashimiz darkor.

Jannatmakon yurtimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Ajdodlarimiz tafakkuri va dahosi bilan yaratilgan eng qadimgi toshyozuv va bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan to bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan minglab qo‘lyozmalar, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, mineralogiya, kimyo, astronomiya, me’morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid qimmatbaho asarlar xalqimizning buyuk ma’naviy boyligidir.

IX-XI asrlar Sharqda Uyg‘onish yoki Musulmon Renessansi davri sifatida e’tirof etiladi. Shu muqaddas zaminda tug‘ilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ko‘plab allomalarimiz islom ta’limoti va nazariyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Arabiston yarim orolidan Xuroson orqali kirib kelgan islom ilmlari Movarounnahr ulamolari tomonidan rivojlantirilib, o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Imom Buxoriy “al-Jome as-sahih”, Imom Termiziy va Imom Dorimiy “Sunan” hadis to‘plamlarini yaratdi.

O‘z navbatida IX-XI asrlar islom falsafasining rivojlanish davri bo‘ldi deyish mumkin. Ushbu sohada ham Markaziy Osiyo allomalarining xizmatlari beqiyosdir. Jumladan, Sharqda “Muallimi soniy” (Ikkinchi muallim) nomini olgan Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil odamlar shahri” asarida ideal jamiyat kishilarining qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligi haqidagi fikrlarini ilgari surgan. “Shayx ur-rais” sifatida shuhrat qozongan Abu Ali Ibn Sino tabiiy fanlar bo‘yicha ham jahon ilmi xazinasiga o‘zining bebaho hissasini qo‘shgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Mineralogiya”, “Saydana”, “Qonuni Mas’udiy” kabi asarlari orqali o‘z davriga qadar yashab o‘tgan olimlarning bizgacha saqlanib qolmagan asarlaridagi mavjud qimmatli ma’lumotlarni kelajak avlodlarga yozib qoldirgan.

Tasavvuf bo‘yicha buyuk ajdodlarimiz sanalgan Abduxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy kabi avliyolarimizning diniy va dunyoviylikni barobar olib borish, halol mehnat bilan kun kechirish, o‘z xalqi, vatani uchun fidoyilik ko‘rsatish kabi g‘oya va ta’limotlari hozirga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

Dinimizga kuch-quvvat bergan, uning ravnaqini yuksaltirgan shu ona-yurt, uning zaminida o‘sib-ulg‘aygan aziz-avliyolar va mutafakkir zotlardir. Shuning uchun ham bu diyorning har qarich tuprog‘i muqaddas sanaladi.

Ajdodlarimiz dinga mehr va ishonch avvalo qalbda, yurakda bo‘lishi kerak, deb ta’kidlashgan. O‘z navbatida shu yorug‘ kunlarga yetkazgani, barchamizga rizq-u nasiba bergani, yurtimizdagi tinch hayot, boshimizdagi musaffo osmon uchun Yaratganimizga shukronalar aytish xalqimizning ham diniy, ham milliy qadriyatiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Umuman olganda, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ham muzey, ham kutubxona, ham ilmiy-tadqiqot markazi sifatida islom sivilizatsiyasi yuksalishiga benazir hissa qo‘shgan ajdodlarimiz nomi, ularning hayot yo‘llari va ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz.

Zero, ulug‘ allomalarimizning ibratli faoliyati yoshlarni halol mehnat bilan yashashga, xolis va ezgu ishlar bilan el-yurtga naf yetkazib, hayot mazmun-mohiyatini teran anglashga chorlaydi. Yoshlar qalbida ajdodlarimiz merosiga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘ularini shakllantirib, ularni vatanparvar shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida muhim rol o‘ynaydi.

 

Ne’matullo MUHAMMEDOV,

O‘zbekiston  xalqaro islom akademiyasi

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”

kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori

Izoh qoldirish