441

Bebaho merosga yuksak e’tibor

Sharq durdonalari

G‘arbda “Nur Sharqdan taraladi”, degan ibora bejiz keltirilmaydi. Chunki bu zaminning buyuk allomalari tomonidan yaratilgan ilmiy-ma’naviy meros Sharq uyg‘onish davrining durdonalari sifatida dunyo ahli tomonidan tan olinib, jahon ilm-fani va sivilizatsiya rivojiga katta hissa qo‘shgan. E’tirof etish kerakki, bunda qadim Movarounnahrning o‘rni va roli bor.

Keyingi yillarda yurtimizda ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, chuqur tadqiq etishga alohida e’tibor berilmoqda. Agar yaqin o‘tmishimizga nazar tashlasak, sobiq ittifoq davrida “bismilloh” deb kitob yozgan har qanday allomamizni “dindor” deb, asari u yoqda tursin, hatto nomini tilga olish ham mumkin emas edi.

Hozirgi kunda esa, bu bebaho diniy va dunyoviy durdonalarni o‘rganish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Endilikda har yili ajdodlarimizning asarlarini tadqiq etishga qaratilgan o‘nlab magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinmoqda. Ular orasida Qur’on va tafsir ilmlari, hadis, aqida va kalom ilmi, fiqh, tasavvuf borasida ulkan kitoblar yozgan allomalarimiz hayoti va ijodi o‘rganilgan tadqiqotlar ko‘payib bormoqda.

2020-yilning 11-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ham ajdodlar merosini o‘rganish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Yaqinda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” tafsir kitobining o‘ttizinchi juzi o‘zbek tiliga o‘girilib, chop etilgan edi. Endilikda uning 29-juzi ham nashrga tayyorlandi. Allomaning yana bir shoh asari “Kitob at-Tavhid”ning o‘zbek tiliga tarjimasi amalga oshirilmoqda. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘rta asrlarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Hafs Nasafiy, Abul Qosim Zamaxshariy singari ajdodlarimiz arab tilida ijod qilib, ushbu tilning tarovati, jozibadorligini yanada orttirgan bo‘lsa, bugun bunday moʻtabar asarlarning ona tilimizga tarjima qilinishi xalqimiz uchun ulkan tuhfa bo‘lmoqda.

“Igna bilan quduq qazish” singari murakkab sanalgan qo‘lyozma bilan ishlashning oson vazifa emasligi ma’lum. Biroq yurtimizda ham bunday maktabning shakllanishi va qo‘lyozmalarni o‘z tilida chop etilishi jahonning ilmiy doira vakillari tomonidan tan olinadigan amaliyotlardan biri hisoblanadi. Sohaga qaratilayotgan ulkan e’tibor sababli ko‘plab bunday salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularni jahonda targ‘ib qilish maqsadida xorijlik olim va mutaxassislar bilan muloqot o‘rnatildi, ilmiy anjuman va seminarlar muntazam tashkil qilinmoqda. Bugun chet ellik olimlarning yurtimizga nisbatan yuksak ehtiromi shakllandi.

Fan, ta’lim va madaniyat masalalari xalqaro islom tashkiloti bosh kotibi doktor Solim Molik, Al-Azhar universiteti Islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Nazir Ayyod, Misrning Imom Ash’ariy markazi, Turkiya diyonat ishlari raisi, professor Ali Erbash, Turkiyaning Anqara va Saljuq universitetlari, Malayziya islomni anglash instituti rahbariyati hamda olim va mutaxassislar bugungi islohotlarni yuksak e’tirof etib, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan keng ko‘lamli hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda.

Yurtimizda, Uchinchi Renessansning ilmiy poydevorini barpo etishda yetarli zamin yaratilgan. Biz, avlodlar esa uni ilm bilan boyitish, yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimiz asosida komil inson qilib tarbiyalashdagi birdan-bir to‘g‘ri yo‘l — ilm bilan najot topishdir. Bu borada buyuk mutafakkir allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va yoshlar orasida keng targ‘ib qilish bugungi kunning birlamchi vazifasi hisoblanadi.

 

Davronbek MAXSUDOV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari doktori.

Izoh qoldirish