Islom sivilizatsiyasi markazi: III uyg‘onish davri sari qadam
O‘zbek davlatchiligi tarixida IX asrdan XV asrgacha bo‘lgan davrda musulmon mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan gurkirab rivojlandi, bu davr ajoyib olim-u mutafakkirlar silsilasini yetishtirib berganligi dunyo ahliga yaxshi ma’lum. Sharqda ham, Gʻarbda ham Uyg‘onish davri insoniyat taraqqiyotining benazir davridir.
Ilm-fan, ma’rifat va madaniyat qachon rivojlanadi? Qachonki, davlat rahbari ilm bilan shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoitni yaratib bersa, ilm ahliga homiylik va rahnamolik qilsa, shul mamlakat rivojlanadi, taraqqiy etadi.
2017-yil 21-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrif buyurib, Imom Termiziy jome masjidini rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriq va Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida Islom madaniyati markazini tashkil etish taklifini berganliklari ilm ahli va yurtimizning barcha fuqarolariga quvonch baxsh etgan edi.
Shundan so‘ng, davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirila boshladi. Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, mazkur markaz loyihasi bilan tanishib, o‘z fikrlarini bildirib shunday degan edi: “Mamlakatimizda muqaddas dinimizni, ulamolarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilmoqda, Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad Termiziy, Qarshi tumanidagi Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohlari va boshqa qadamjolarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda”. Shularni inobatga olib, davlatimiz rahbari Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizatsiyasi markazi, deb o‘zgartirish taklifini bergan edi.
Mazkur loyihaga ko‘ra, ushbu markazda akademiya, kutubxona, arxiv va qo‘lyozmalar fondi tashkil etilib, ularni bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish, 300 o‘rinli konferensiya zali barpo etish ko‘zda tutildi.
Islom sivilizatsiyasi Markazining maqsadi — bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish, jahondagi nufuzli xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, UNESCO, ICESCO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat deb belgilandi. Vazifasi esa bu Markazga mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borishdan iborat, deya belgilandi.
2021-yil 28-yanvar kuni Prezidentimiz mazkur Markazga navbatdagi rasmiy tashrifini amalga oshirdi. “Biz ajdodlarimiz bilan doimo faxrlanib kelganmiz, dedi davlat rahbari tashrif chog‘ida. — Shunday ekan, o‘zimiz ham ularga munosib bo‘lishimiz kerak. Tashkil etilayotgan markazda ham buning uchun barcha sharoitlarni yaratish, yetuk olimlarni jalb qilish lozim. Mazkur sohaga oid adabiyotlarni jamlash, chet ellarda bo‘lsa, yurtimizga olib kelish choralarini ko‘rish zarur. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi to‘qqizta o‘rta maxsus va ikkita oliy ta’lim muassasasi ham markaz ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu yerda saboq beradigan o‘qituvchilar bilimi va saviyasiga alohida e’tibor qaratish darkor”.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyo madaniyatini yaxlit olib o‘rgangan olimlarning ishlari shuni ko‘rsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (9- 12-asrlar) ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan, ilm fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida “Musulmon Renessansi” (A.Mets) yoki “Sharq Uyg‘onishi” (I.Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda.
Sharq Uyg‘onish davrida Yevropa Uyg‘onish davrining asosiy belgilari mujassam: jo‘shqin ijodiy faoliyat, ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilgani, aqlni hayratga soluvchi beqiyos asarlarning yaratilgani shundan dalolat beradi. Bu davrda ulug‘ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqdi.
Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Bakr ar-Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘beklar jahonshumul kashfiyotlar qildilar. Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Rushd, Muhammad Gʻazzoliy, Nasafiy Aziziddinlarning falsafiy asarlari tafakkur xazinasini boyitdi, olam, odam va jamiyat yaxlitlikda tadqiq etilib, yangi qonuniyatlar ochildi, aqliy bilim ufqlari kengaydi, fozil jamiyat va komil inson nazariyasi chuqur ishlab chiqildi. She’riyatda Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi daho ijodkorlar yetishib, o‘lmas asarlar yaratdilar, ishq muhabbat, qahramonlik, ozodlik va ezgulikni kuyladilar. Miniatyura rassomchiligida bir necha maktablar shakllandi, bunda Kamoliddin Behzod rasmlari yangi ijodiy yo‘nalishga asos soldi.
— Ko‘pchilik o‘ylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu — g‘oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo‘ladi, — dedi Davlatimiz rahbari.
Markaziy Osiyo xalqlari bir necha ming yillik sivilizatsiya tarixiga ega. Zotan, qadimiyati, qadimiy davlatchiligi bo‘lmagan xalqda Uyg‘onish davri ham bo‘lmaydi. Markaziy Osiyoda IX-XIII asrlarda o‘z xalqining qadimiyatiga qaytish, Avesto falsafasi Qur’on ma’rifati bilan uyg‘unlashdi.
— Bugun bu yerga kelishimdan maqsad — muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yosh avlodda g‘urur, g‘ayrat uyg‘otib, yangi taraqqiyot davriga undashi qayd etildi.
— Yurtimiz zaminidan juda ko‘p olimlar, muhaddislar, avliyolar yetishib chiqqan, ularning merosi undan ham ko‘p. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur o‘rganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan bo‘lishi kerak. Bu yerda milliy g‘oya jo‘sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo bo‘lishi kerak, — deya ta’kidladi Prezident.
Darhaqiqat, Sharq Uyg‘onish davri keng ko‘lamli: ta’lim va tahlil, maorif rivojlangan, ulkan kutubxonalarda yuz minglab jild kitoblar yig‘ilgan, “xazinat ul-hikma”, “dor ul-ulum”larda tolibi ilmlar, ustoz shogirdlar suhbati bardavom edi, olimning obro e’tibori yuksak qadrlandi. Sharq Uyg‘onish davri yutuqlari Gʻarbiy Yevropadagi Uyg‘onish davriga bevosita ta’sir etdi. Chunki XII – XIV asrlarda musulmon olami bilan Yevropa davlatlari orasida aloqa kuchaygan edi. Ayniqsa, tutash chegara mamlakatlari: Qurdoba (Ispaniya), Kavkaz, Bolqon yarim orolida bu jarayon kuchli bo‘lgan. Yevropaliklar Sharq olimlarining asarlarini lotin, ispan, yahudiy tillariga qilingan tarjimalar orqali yoxud bevosita arab tilida o‘qib o‘rganganlar. Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, “Ash-shifo”, Forobiyning “Ilmlar tasnifi”, Ahmad Farg‘oniyning “Samo harakatlari va yulduzlar ilmining jami kitobi”, Muhammad Muso Xorazmiyning “Al-jabr val muqobila”, Ibn Rushd, Abu Bakr Roziy asarlari tarjima qilinib, keyinchalik nashr etilgan. Algebra, algoritm fanlari Xorazmiy asarlari tufayli shakllangan. “Tib qonunlari” VII asr mobaynida Yevropa universitetlarida tibbiyot darsligi sifatida xizmat qilgan. Ibn Sino shogirdi Ibn Rushd g‘oyalari Italiya, Fransiya hurfikrligini boshlab bergan. Ibn Sino - Avisenna, Ibn Rushd - Averroyes, Ahmad Farg‘oniy Al-Frageni, Abu Bakr Roziy Al -Ramzats, Abu Ma’shar Balxiy Al-Bumazar degan lotincha nomlar ostida mashhur bo‘lgan. Bunday misollarni ko‘plab davom ettirishimiz mumkin.
Tashrif chog‘ida UNESCO, ICESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
— O‘zi butun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qo‘llanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. O‘rta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yo‘qolib ketgan, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aniq fanlar va ularni o‘rganish usullarini, dehqonchilik va chorvachilik ilmlari, dengizda suzish, harbiy texnikani Yevropa Sharqdan olib rivojlantirdi. “Matematika, kimyo, tibbiyot sohasida musulmonlarning xizmati buyuk... bu fanlarda musulmonlar Yevropaning muallimlari bo‘lib qoldilar” (G.Gerder). Yevropa Uyg‘onish davri adiblari Dante, Petrarka, Bokkacho Sharq ilm fani, adabiy asarlaridan ilhomlanganlar. Dante “Bazm”, “Ilohiy komediya” asarlarida Ibn Sino va Ibn Rushdni o‘z ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga oladi. Ahmad Farg‘oniy asarlaridan foydalanganini qayd etadi. K.Marloning “Buyuk Temur” dramasida Amir Temur jasur, xaloskor inson sifatida tasvirlangan va h.k.
Shu bois, birlamchi manbalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qo‘shimcha mablag‘, tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning mamlakatimizda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji bo‘yicha ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.
“Bu markaz bizning islom dini targ‘ibotidagi yuzimiz bo‘ladi. Shunday ekan, uning tashqi ko‘rinishi, bu yerda ishlatiladigan qurilish materiallariga ham e’tibor qaratish lozim. Odatdagi, ko‘zimiz o‘rganib qolgan loyihalardan voz kechib, yangi shakl va dizayn topishimiz kerak”, dedi Davlatimiz rahbari.
Bundan tashqari bu yerdagi ilmiy merosni yoshlarga zamonaviy tarzda yetkazish uchun markaz qoshida multimedia bo‘limi, qadimiy xattotlik an’analarini ko‘rsatish uchun ustaxona-laboratoriya tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi Markaziga tashrifini tarixiy voqelik, deya baholash mumkin. Davlat rahbarini bunday ilm o‘choqlariga diqqat e’tibori xalqimizda ertangi kunga ishonch va farzandlarining yorqin kelajagiga umid bilan boqishga katta kuch berdi.
Men ishonamanki, yaqin kelajakda ayni Islom sivilizatsiyasi Markazi ilm-ahllari va olimlari III Uyg‘onish davrida samarali faoliyat olib borib, mamlakat ilm-fani va taraqqiyotini oldingi qatorga olib chiqadilar. Zero, biz dunyoni lol qoldirgan va jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarning munosib avlodlarimiz!
Ra’no O‘RAZOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish
UNESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Izoh qoldirish